Jahon | 22:57 / 25.12.2023
19688
3 daqiqa o‘qiladi

Yer tarixidagi eng katta ko‘l Ginnes rekordlar kitobiga kiritildi

Qora dengiz, Kaspiy dengizi, shuningdek, Orol dengizi uning qoldiqlari hisoblanadi.

Foto: Utrecht University

Qadimgi Paratetis ko‘li Yer yuzida mavjud bo‘lgan eng katta ko‘l sifatida Ginnes rekordlar kitobiga kiritildi. Uning aniq o‘lchamlarini batafsil ko‘rsatadigan tadqiqot Scientific Repors jurnalida 2021 yilda nashr etilgan edi. 

Paratetis ko‘li g‘arbda Avstriyadan sharqda Turkmanistonga qadar cho‘zilgan. U 2,8 million kvadrat kilometr maydonni egallagan va taxminan 1,77 million kub kilometr suvni o‘z ichiga olgan - bu Yerdagi barcha zamonaviy ko‘llardagidan 10 baravar ko‘p. 

Taqqoslash uchun, hozirgi vaqtda eng katta ko‘l Kaspiy dengizi hisoblanadi - nomidan farqli o‘laroq, u dunyo okeanlariga chiqish imkoniga ega emas, shuning uchun u aslida ko‘ldir. Kaspiyning maydoni 371 ming kvadrat kilometr bo‘lib, uning hajmi bor-yo‘g‘i 78 ming kub kilometr. Baykal ko‘li esa esa mos ravishda 31,7 ming kvadrat kilometr va 23,6 ming kub kilometr suvga ega. 

Paratetis taxminan 11,6 million yil oldin mavjud bo‘lgan. Bu yerda ulkan kitlar va sutemizuvchi hayvonlar yashagan. Ko‘l million yillar davomida qurib, 350 ming yil ichida suvning uchdan biridan ko‘prog‘ini va maydonining uchdan ikki qismini yo‘qotgan. Qora dengiz, Kaspiy dengizi va Orol dengizi bu ajoyib ko‘lning asosiy qoldiqlari hisoblanadi. 

Ko‘l nomining o‘zi shuni ko‘rsatadiki, suv ombori qadimgi Tetis okeanining bir qismi bo‘lgan, ammo Alp, Karpat va boshqa tog‘ tizimlarining shakllanishi bilan undan ajralib chiqqan. «Paratetis» atamasi 1924 yilda geolog Vladimir Laskarev tomonidan taklif qilingan. 

Suv omborining hajmini o‘rgangan Utrext universiteti tadqiqotchilarining ta’kidlashicha, Paratetisning yo‘qolishi hozirgi iqlim o‘zgarishi suv manbalarimiz va atrof-muhitimizni qanday o‘zgartirishi haqida saboq beradi.

Mavzuga oid