O‘zbekiston | 12:04 / 02.01.2024
4644
3 daqiqa o‘qiladi

Pochta aloqasi xizmatlarini ko‘rsatish qoidalari ishlab chiqildi

Raqamli texnologiyalar vazirining “Pochta aloqasi xizmatlarini ko‘rsatish qoidalarini tasdiqlash to‘g‘risida”gi buyrug‘i loyihasi e’lon qilindi.

Qoidalar Umumjahon pochta ittifoqi hujjatlari, O‘zbekistonning «Pochta aloqasi to‘g‘risida»gi, «Iste’molchilarning huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida»gi, «Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari to‘g‘risida»gi qonunlariga muvofiq pochta aloqasi xizmatlarini ko‘rsatuvchi pochta aloqasi operatorlari, provayderlari va ushbu xizmatlardan foydalanuvchilar o‘rtasidagi munosabatlarni tartibga soladi va pochta aloqasi xizmatlarini ko‘rsatish tartibini, pochta aloqasi operatorlari, provayderlari hamda foydalanuvchilarning huquq va majburiyatlarini belgilaydi.

Pochta aloqasi operatorlari va provayderlari pochta aloqasi xizmatlarini (pochta, kurerlik jo‘natmalarini qabul qilish, qayta ishlash, tashish va yetkazib berish) ko‘rsatish bo‘yicha faoliyatni Umumjahon pochta ittifoqi hujjatlari, O‘zbekiston qonunchiligi va ushbu qoidalar asosida amalga oshiradi.

Pochta aloqasi milliy operatori O‘zbekiston hududida Umumjahon pochta ittifoqi hujjatlariga muvofiq O‘zbekistonning majburiyatlarini bajarish bo‘yicha tayinlangan pochta operatori maqomiga ega.

Umumjahon pochta ittifoqining blanklari va hujjatlari faqat milliy operator tomonidan foydalanilishi mumkin.

Milliy operator oddiy xatlarni, pochta varaqchalarini va pul mablag‘larining pochta o‘tkazmalarini, davlat organlari va tashkilotlarining elektron pochta jo‘natmalarining Yagona milliy tizimi orqali jo‘natilgan yozma xat-xabarlarini, bildirishnomalarini, chaqiruv qog‘ozlarini va boshqa yuridik ahamiyatga ega hujjatlarini yetkazib berish (topshirish) bo‘yicha pochta xizmatlarini ko‘rsatishda mutlaq huquqiga ega.

Milliy operatorga O‘zbekiston butun hududida universal pochta xizmatlarini majburiy ravishda ko‘rsatish bo‘yicha vazifalar yuklatiladi.

Pochta aloqasi operatorlari va provayderlarining huquqlari:

o‘zlariga tegishli avtotransport vositalaridan, shuningdek yuridik va jismoniy shaxslarga tegishli, maxsus farqlash belgilariga ega bo‘lgan transport vositalaridan shartnoma asosida foydalanadi;
belgilangan tartibda tasdiqlangan pochta normativlarini hisobga olgan holda, pochta aloqasi obektlari tomonidan ko‘rsatiladigan pochta aloqasi xizmatlari ro‘yxatini mustaqil ravishda belgilaydi;
qonunchilik hujjatlariga muvofiq faoliyatning boshqa turlarini amalga oshiradi.

Pochta jo‘natmalarini tezlashtirilgan pochta rejimida qabul qilish joyida, ko‘rinadigan va foydalanuvchilar uchun qulay joyda xalqaro tezkor pochta jo‘natmalari qabul qilinadigan mamlakatlar ro‘yxati bo‘lishi kerak.

Mavzuga oid