O‘zbekiston | 12:21 / 03.01.2024
10880
1 daqiqa o‘qiladi

Navoiyda masjiddagi ehson qutilaridan qariyb 5 mln so‘m o‘g‘irlab ketildi

Olib borilgan tezkor surishtiruv tadbirlarida bu ishni 27 yoshli yigit qilgani aniqlanib, u qo‘lga olingan.

Foto: Navoiy viloyati IIB

Karmana tumanida masjiddagi ehson qutilaridan pul o‘g‘irlagan yigit ushlandi. Bu haqda Navoiy viloyati IIB matbuot xizmati xabar berdi.

Ma’lum qilinishicha, o‘g‘irlikni Nurota tumanida yashovchi 27 yoshli yigit qilgan. U 2023 yil 9 dekabr kuni tunda Karmana tumani markazidagi Qosim-Shayx masjidiga panjara osha kirib, u yerdagi 5 dona ehson qutisini buzib ochgan hamda ichidagi pullarni olib ketgan.

Yigitdan ehson qutilaridan o‘g‘irlangan 4 mln 669 ming so‘m pullar hamda daliliy ashyolar rasmiylashtirib olingan. O‘tkazilgan surishtiruv tadbirlari davomida yigit 2023 yilning 25 noyabridan 9 dekabrigacha Nurota va Karmana tumanlaridagi bir nechta masjidda ehson qutilaridan pullarni o‘g‘irlab kelgani ma’lum bo‘lgan.

Oldinroq Farg‘onada ham ehson qutilarini o‘g‘irlash bilan shug‘ullangan guruh ushlangandi

Mavzuga oid