Jahon | 09:19 / 04.01.2024
6469
3 daqiqa o‘qiladi

Donetskdagi qiynoqqa solish qamoqxonasining sobiq rahbari 15 yilga hukm qilindi

Kiyev sudi Denis Kulikovskiyni terrorizm, bir guruh shaxslar tomonidan til biriktirib jinoyat sodir etish va urush qonunlarini buzish moddalari bo‘yicha aybdor deb topdi.

Denis Kulikovskiy Foto: Ijtimoiy tarmoqlar

Donetskdagi «Izolyatsiya» qamoqxonasining sobiq boshlig‘i, Palich laqabli Denis Kulikovskiyni Kiyevning Shevchenko tuman sudi mol-mulki musodara qilingan holda 15 yilga ozodlikdan mahrum qildi. Bu haqda 3 yanvar, chorshanba kuni Ukrainaning «Suspilne» onlayn-nashri sud zalidagi o‘z muxbiriga tayanib xabar berdi.

Ta’kidlanishicha, sud Kulikovskiyni terrorizm, bir guruh shaxslar tomonidan oldindan til biriktirib jinoyat sodir etish, urush qonunlarini buzish kabi jinoyatlarda aybdor deb topdi. Shu bilan birga, uning odam savdosi moddasi bo‘yicha aybi isbotlanmadi. 

«Izolyatsiya» qamoqxonasidagi mahbuslardan biri bloger va jurnalist Stanislav Aseyev edi. «Ukraina 24» telekanali efirida u mahbuslar qamoqxonada qiynoqqa solingani, qattiq kaltaklangani va hatto zo‘ravonliklarga duchor bo‘lganini aytdi - xususan Kulikovskiyning o‘zi tomonidan. Aseyevning so‘zlariga ko‘ra, qamoqxonaning o‘sha paytdagi boshlig‘i jabrlanuvchilar qichqirig‘ini mahbuslarning o‘zi kuylagan sovet qo‘shiqlari bilan bostirishni buyurgan. 

Huquq himoyachisi Aleksandra Matviychuk hukmni sharhlar ekan, ayblov tomoni Kulikovskiy uchun 15 yil qamoq jazosini so‘raganidan hayratda ekanini bildirdi. Uning fikricha, unga adolatli jazo - umrbod qamoq bo‘ladi. 

Denis Kulikovskiy va «Izolyatsiya» qamoqxonasi haqida nimalar ma’lum 

Denis Kulikovskiy 2021 yilda «SBU» tomonidan qo‘lga olingan. U Donetskda noqonuniy faoliyat yuritayotgan «Izolyatsiya» qamoqxonasida ukrainalik harbiy asirlar va tinch aholini qiynoqqa solishda shaxsan ishtirok etganlikda ayblangan. «Suspilne» yozishicha, Denis Kulikovskiy ushlanganidan ko‘p o‘tmay e’lon qilingan videoda u «Izolyatsiya»da odamlarni qiynoqqa solish va so‘roq qilishda ishtirok etganini tasdiqlagan.

Ish bo‘yicha tergov 2022 yil iyun oyida yakunlangan, shundan so‘ng materiallar sudga o‘tkazilgan. Bu ish bo‘yicha sud majlislari yopiq eshiklar ortida o‘tdi va jurnalistlar unda qatnasha olmadi.

«Izolyatsiya» - 2014 yilda shahar egallab olingandan keyin Donetskda yangi hokimiyat tomonidan tashkil etilgan qamoqxona. U sobiq izolyatsiya materiallari zavodining hududida, oldin bu yerda «Izolyatsiya» san’at maydonchasi ishlagan. Qamoqxona maxfiy maqomga ega. Denis Kulikovskiy uni 2015 yildan 2018 yilgacha boshqargan.

Mustaqil matbuotning eslatishicha, bu qamoqxonaga mustaqil kuzatuvchilar, Qizil Xoch va inson huquqlari guruhlari vakillari kiritilmagan. Ukraina Ichki ishlar vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, odamlarni o‘g‘irlagan, hibsga olgan va «Izolyatsiya»da qiynoqqa solganlar qo‘lidan kamida 3500 kishi jabr ko‘rgan.

«DXR» hokimiyati Ukrainada terrorchi tashkilot deb hisoblanadi. 

Mavzuga oid