Jahon | 13:24 / 08.01.2024
4182
2 daqiqa o‘qiladi

«Oppengeymer» filmi «Oltin globus» bosh mukofotini qo‘lga kiritdi

Los-Anjyelesda 81-«Oltin globus» mukofotini topshirish marosimi bo‘lib o‘tdi. Amerika atom bombasini yaratuvchisi haqida hikoya qiluvchi «Oppengeymer» filmi bosh mukofotga ega chiqdi.

Killian Merfi, Kristofer Nolan va Mett Deymon Foto: Christopher Polk

Kristofer Nolanning o‘zi eng yaxshi rejissyor sifatida taqdirlandi. «Oppengeymer» filmida bosh rolni ijro etgan Killian Merfi dramatik filmdagi eng yaxshi aktyor deb topildi. Kichik Robert Dauni - ikkinchi plandagi eng yaxshi aktyor. «Oppengeymer» «Eng yaxshi original saundtrek» nominatsiyasida ham g‘olib bo‘ldi

Boshqa g‘oliblar: 

Greta Gervigning «Barbi» filmi «kinematografiya va kassa yutuqlari» uchun taqdirlandi. Billi Eyilish bu film uchun kuylangan What Was I Made For? («Men nima uchun yaratilganman?») qo‘shig‘i uchun haykalcha oldi. 

Eng yaxshi komediya - Yorgos Lantimosning «Bechora baxtsizlar» filmi. Filmda bosh rolni ijro etgan Emma Stoun eng yaxshi komediya aktrisasi deb topildi. 

«Eng yaxshi dramatik aktrisa» nominatsiyasida Lili Gladstoun («Gulli oy qotillari») g‘olib chiqdi. 

Eng yaxshi animatsion film - Xayao Miyadzakining «Bola va qush», xorijiy tildagi eng yaxshi film: «Qulash anatomiyasi» (Fransiya). 

«Vorislar» eng yaxshi dramatik serial, «Ziddiyat» esa eng yaxshi mini-serial deb topildi. «Ayiq» filmi eng yaxshi komediya serial nomiga sazovor bo‘ldi.

81-«Oltin globus» mukofotini topshirish marosimi Beverli-Xillzda bo‘lib o‘tdi. «Oltin globus» Amerika kinomukofoti Hollivud Xorijiy matbuot assotsiatsiyasi tomonidan 1944 yildan beri har yili yanvar oyida dunyo bo‘ylab 300 ga yaqin jurnalistlar ovozi asosida topshirib kelinadi. U kino olamida «Oskar»dan keyin ikkinchi eng nufuzli mukofotdir.

Mavzuga oid