Jahon | 09:33 / 09.01.2024
4521
3 daqiqa o‘qiladi

Braziliyaning ayrim qamoqxonalarida kitob o‘qiganlarning jazo muddati qisqartiriladi

Braziliyaning to‘rtta yirik qamoqxonasida “O‘qish orqali ozodlik” deb nomlangan o‘quv dasturi mavjud. Unga ko‘ra, mahbuslar kitob o‘qish orqali jazo muddatini qisqartirishga erishishlari mumkin.

Foto: Shutterstock

Mahbuslar yiliga 12 ta kitobni o‘qib chiqib, panjara ortida o‘tkazadigan vaqtlarini 48 kunga qisqartiradilar. Bu Braziliya rasmiylarining gavjum qamoqxonalarni “bo‘shatishga” qaratilgan tashabbusi. 

Har bir o‘qilgan kitob uchun mahkumlar jazo muddatini 4 kunga qisqartirishlari mumkin. O‘quv adabiyotlari ilmiy, falsafiy va adabiy kitoblardan tashkil topgan. Mahbuslarga har bir kitobni o‘qish uchun to‘rt haftagacha vaqt beriladi. So‘ngra ular to‘g‘ri shakllangan va malakali insho yozishlari kerak. Shundan keyingina maxsus komissiya mahbuslarga “jazo muddatini qisqartirish”ga ruxsat beradi.

Mahbuslar ozodlikda yurganlarga qaraganda ko‘proq kitob o‘qishlari ajablanarli emas. Mutolaa ong va tanani yaxshilaydi, ularning tasavvurini kengaytiradi va so‘z boyligini oshiradi. Bu mahbuslarga umid bag‘ishlaydi va ularni haqiqatga olib borishga ko‘maklashadi.

Eslatib o‘tamiz, bu jahon amaliyotidagi birinchi tajriba emas. AQShda, 2012 yilning may oyida, Shimoliy Kaliforniyadagi tuman sudyasi agar u har kuni kamida bir soat kitob o‘qishga rozi bo‘lsa, maxfiy agentga granata sotmoqchi bo‘lgan yosh yigitni hibsdan ozod qilishni buyurdi. Keyin u o‘qiganlari haqida insholar yozadi. Biroq keyinchalik apellyatsiya sudi sudyaning qarorini bekor qilib, mahkumni qamoqqa jo‘natadi.

Boliviya qamoqxonalarida ham kitob o‘qish orqali jazo muddatini kamaytirishga qaratilgan “Panjara ortidagi kitoblar” dasturi mavjud.

Braziliya federal qamoqxonalarida kitob o‘qishdan-da g‘ayrioddiy amaliyotlar mavjud. Santa-Rita-du-Sapukaydagi qamoqxonada dinamolarga ulangan velosipedlar bor. Mahkumlar kun davomida unda shug‘ullanishadi va ularning mehnatidan hosil bo‘lgan elektr energiyasi ko‘cha chiroqlarini yoritish uchun sarflanadi. Har 16 soatlik mashg‘ulot uchun mahkumning jazo muddatidan 1 kun qisqartiriladi.

Maxsuma Oqqo‘ziyeva tayyorladi.

Mavzuga oid