Iqtisodiyot | 17:36 / 20.01.2024
21211
2 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekiston YaIM 1 kvadrillion so‘mdan oshdi

O‘zbekiston iqtisodiyoti 2023 yilda 6 foizga o‘sib, yalpi ichki mahsulot hajmi 1 kvadrillion 66,5 trln so‘m yoki 90,8 mlrd dollarni tashkil etdi. Aholi jon boshiga YaIM 29,3 mln so‘m yoki 2494 dollarga yetdi.

Foto: Kun.uz

2023 yilda O‘zbekistonining yalpi ichki mahsuloti hajmi joriy narxlarda 1 kvadrillion 66,5 trln so‘mni tashkil etdi. Bu haqda Statistika agentligi ma’lum qildi.

Qayd etilishicha, O‘zbekiston iqtisodiyoti 2023 yilda 6 foizga o‘sgan.

Xususan, sanoat tarmog‘ining o‘sishi 6 foizni tashkil etib, YaIM o‘sishiga qo‘shgan hissasi 1,5 foiz punktga, qishloq, o‘rmon va baliq xo‘jaligining o‘sishi 4,1 foizni tashkil etib, YaIM o‘sishiga qo‘shgan hissasi 1 foiz punktga, xizmat ko‘rsatish sohasining o‘sishi 6,8 foizni tashkil etib, YaIM o‘sishiga qo‘shgan hissasi 2,6 foiz punktga baholangan.

Shuningdek, qurilish sohasi 6,4 foizga, sof soliqlar miqdori 7,4 foizga o‘sgan.

O‘tgan yili respublika iste’mol sektorida inflatsiya darajasi 8,8 foizni tashkil etgan. Bunda oziq-ovqat mahsulotlari o‘rtacha 9,7 foizga, nooziq-ovqat mahsulotlari esa o‘rtacha 7,7 foizga qimmatlashgan.

2023 yilda AQSh dollarining so‘mga nisbatan o‘rtacha rasmiy kursi 11 741 so‘mga teng bo‘lgan. Shunga ko‘ra, mazkur kurs bo‘yicha hisoblangan YaIM hajmi 90 mlrd 841 mln dollarni tashkil etdi. Bu o‘tgan yilga nisbatan 10 mlrd 457 mln dollarga ko‘p.

O‘tgan yili aholi jon boshiga hisoblangan YaIM hajmi 29,3 mln so‘m yoki 2494 dollarga yetgan. Bunda, yil davomidagi doimiy aholi soni o‘rtacha 36 mln 412 ming kishi deb olingan.

Mavzuga oid