Jahon | 22:31 / 22.01.2024
12223
2 daqiqa o‘qiladi

Qirg‘iz-o‘zbek avtomobil zavodining ishga tushirilishi kechiktirildi 

Ob-havo sharoiti tufayli, korxona yilning birinchi yarmi oxirida ochiladigan bo‘ldi. 

Foto: gov.kg

Qirg‘iziston-O‘zbekiston avtomobil zavodining ishga tushirilishi biroz kechiktirildi. Bu haqda Qirg‘iziston Iqtisodiyot va savdo vaziri Doniyor Amangeldiyev ma’lum qildi. 

Unga ko‘ra, Qirg‘iziston va O‘zbekiston rahbarlari korxonani ishga tushirishga kelishib olgan. Loyihani amalga oshirish bo‘yicha yo‘l xaritasi va chora-tadbirlar rejasi imzolangan. 

«Yo‘l xaritasi»ga ko‘ra, ushbu korxonani 2024 yil boshida ishga tushirishni rejalashtirgan edik. Ammo ob-havo sharoiti tufayli bu sana yilning birinchi yarmiga ko‘chirildi. Ammo ish to‘tamagan, So‘quluq tumani aholisi qurilishning jadal sur’atlarda borayotganini ko‘rmoqda. O‘ylaymanki, birinchi yarim yil oxiriga qadar biz ilk avtomobilni taqdim etamiz», dedi Doniyor Amangeldiyev. 

2023 yil mart oyida «O‘zavtosanoat» AK va Qirg‘izistonning «DT texnik» MChJ va «NUR» AJ o‘rtasida Qirg‘izistonda avtomobil va tijorat yuk mashinalari ishlab chiqarishni (SKD) tashkil etish bo‘yicha hamkorlik to‘g‘risida bitim imzolangan edi. Korxona Chuy viloyatining So‘quluq tumanida joylashadi. Zavodda Chevrolet, Daewoo va Isuzu avtomobillarini ishlab chiqarish rejalashtirilgan. 

Mavzuga oid