O‘zbekiston | 17:51 / 23.01.2024
6229
6 daqiqa o‘qiladi

Ayrim dorilar reklamasini cheklash taklif qilindi

2022 yilning 7 oyi davomida O‘zbekistonda 4,4 milliard so‘mlik qalbaki va sifatsiz dori vositalari va tibbiyot buyumlarini sotishga oid 82 ta huquqbuzarlik aniqlangan. Bunday holatning oldini olish uchun “Taraqqiyot strategiyasi” markazi o‘z takliflarini e’lon qildi.

Foto: Shutterstock

“Taraqqiyot strategiyasi” markazi ekspertlari qalbaki va kontrafakt dori vositalari muomalasi bilan bog‘liq asosiy muammo sifatida samarali nazorat mexanizmlari yo‘qligi va aholining qalbaki dori vositalarini sotib olish bilan bog‘liq xavflardan yetarlicha xabardor emasligini ko‘rsatgan. Markaz muammoni hal qilish uchun quyidagi takliflarni ilgari suryapti.

Dorilar markirovkasi ustidan qat’iy nazorat

Hukumat qarori bilan bosqichma-bosqich joriy etiladigan dori vositalarining qadoqlarida QR-kod yoki GS1 shtrix-kodidan foydalangan holda dori vositalari va tibbiyot buyumlarining haqqoniyligini tekshirish uchun majburiy markirovka mavjudligi ustidan qat’iy nazorat o‘rnatish kerak.

Bu amaliyotning Yaponiyada joriy etilishi bilan kontrafakt dori vositalarini sotib olish va tarqatishning oldi olingan. Bemorlar mobil ilovadan foydalangan holda dori vositasi o‘ramidagi maxsus kodni osongina skanerlashi va dori vositasi to‘g‘risidagi to‘liq ma’lumotni olishi mumkin. Yaponiyada 2023 yil iyuldan qog‘oz ko‘rinishidagi dori vositalari yo‘riqnomasidan foydalanish taqiqlangan.

Ayrim dorilar reklamasini cheklash

Suiiste’mol qilish yoki qaramlik hosil qilishi yuqori bo‘lgan dorilar, shuningdek, qo‘llashda maxsus kuzatuvni talab qiluvchi va jiddiy yon ta’sirlarga ega bo‘lgan dorilar reklamasini cheklash kerak. Bu ularni noto‘g‘ri ishlatish xavflarining oldini olishga va muvofiq tibbiy kuzatuvsiz mustaqil davolanishga urinishlarni kamaytirishga yordam beradi.

Dori vositalarining reklamasi ustidan nazoratni amalga oshirish va farmatsevtika kompaniyalari va tibbiyot xodimlari o‘rtasidagi munosabatlar shaffofligini ta’minlash uchun AQShda 2010 yilda qabul qilingan "Quyosh nuri" (Sunshine Act) qonuni amal qiladi. Bu qonun farmatsevtika kompaniyalarining reklama agentliklari va tibbiyot xodimlari hisobraqamlariga qilingan har qanday to‘lovlar yoki boshqa o‘tkazmalar haqidagi ma’lumotlarni oshkor qilishga imkon beradi. Yaponiya va Avstraliyada ham shunga o‘xshash choralar qo‘llangan.

RFID texnologiyasidan foydalanish

Dori vositalarining harakatlanish zanjirini kuzatish uchun RFID (Radio Frequency IDentification) texnologiyasidan foydalanish imkoniyatini ko‘rib chiqish.

RFID texnologiyasi dori vositalarining yetkazib berish yo‘llarini batafsil kuzatish imkonini beradi, bunda har qanday gumonli nuqtalar aniqlanadi. Yig‘ilgan ma’lumotlar tahlil qilinadi va dori vositalari haqidagi ma’lumotlarni o‘z ichiga olgan ma’lumotlar bazasi bilan taqqoslanadi, bunda ishlab chiqarish sanasi ham kiritiladi. Xorijiy mamlakatlarning farmatsevtika sanoatida RFID texnologiyasi 2000 yillarning boshlarida qo‘llana boshlangan.

Global nazorat va monitoring tizimi

Qalbaki va kontrafakt dori vositalariga qarshi kurashish bo‘yicha 2013 yilda ishga tushirilgan Global nazorat va monitoring tizimi (Global Surveillance and Monitoring System) doirasida JSST bilan yaqin hamkorlikni yo‘lga qo‘yish kerak. Bu qalbaki va kontrafakt dori vositalari to‘g‘risida o‘z vaqtida ma’lumot almashish, shuningdek, muammoni aniqroq baholash, favqulodda vaziyatlarga tezkor javob berish va eng jiddiy holatlarda xabardor qilishda ko‘maklashishdir.

Bu tizim ishtirokchi mamlakatlarga favqulodda vaziyatlarda texnik yordam olish, mamlakatlar va mintaqalar o‘rtasidagi hodisalarni bog‘lash, zararning miqyosi haqida dalillarni to‘plash, mamlakatning zaif tomonlari va tendensiyalarini aniqlash imkonini beradi.

Farmagentlik saytini faollashtirish

Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi veb-saytida tibbiy preparatlarning tekshiruv natijalari, ekspertlar ogohlantirishlari va laboratoriya tahlillari natijasida olingan fikrlarni nashr etish amaliyotini joriy qilish. Bu amaliyot AQShda MedWatch dasturi doirasida amalga oshiriladi, unda fuqarolar va tibbiy ekspertlar (FDA) tomonidan dori vositalarining sifati nazorati yakunlari bo‘yicha o‘z sharhlarini e’lon qiladi.

Jazoni kuchaytirish

Qalbaki va kontrafakt dori vositalarini noqonuniy ishlab chiqarish, import qilish va sotish uchun jazoni kuchaytirish va bu jazoga dori vositalarini ishlab chiqarish hamda sotish litsenziyasidan mahrum qilishni kiritish kerak. Shuningdek, bunday jinoyatlarni aniqlash choralarini kuchaytirish, bunga tovarlarni kuzatish tizimlarini yaxshilash uchun bojxona va soliq idoralari bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘yish muhim.

Good manufacturing practice tizimi

Dori vositalari yetkazib beruvchilariga import qilinadigan tibbiy preparatlarning jahon standartlariga muvofiqligini kafolatlash bo‘yicha qat’iy talablarni qo‘yish. Masalan, Good manufacturing practice (GMP) sertifikati dori vositalarini ishlab chiqarish jarayoni xalqaro standartlarning qat’iy talablariga mos kelganini tasdiqlaydi. Bu esa tibbiy preparatlar ishlab chiqarishda yuqori sifat standartlarini kafolatlaydi.

Akkreditatsiyani joriy qilish

Onlayn dorixonalarda davlat litsenziyasi bo‘lishidan qat’i nazar, akkreditatsiyadan o‘tkazishni majburiy qilish. Masalan, Kanadada Verified Internet Pharmacy Practice Sites dasturi mavjud bo‘lib, ushbu dastur aptekalarni ma’lum mezonlar bo‘yicha baholaydi. Bu mezonlarga bemorlarning xavfsizligini ta’minlash, maxfiylikni himoya qilish, retseptlarning haqiqiyligini tekshirish va kasbiy standartlarga rioya qilish kiradi. Kanada dorixonalari mahsulotlarni mamlakatning federal sog‘liqni saqlash agentligi Health Canada tomonidan tasdiqlangan va tekshirilgan yetkazib beruvchilardan oladi. Bunday chora-tadbirlar yuqori sifat va xavfsizlik standartlarini ta’minlaydi, bu esa bemorlarning onlayn dori vositalarini xarid qilishda ishonchini mustahkamlaydi.

Ma’lumot uchun, O‘zbekistonda 2373 turdagi dori vositalari ishlab chiqaradigan 152 ta mahalliy korxona faoliyat ko‘rsatadi. Iste’mol qilinadigan farmatsevtika mahsulotlari hajmining asosiy qismi – qariyb 1,3 milliard dollar (yoki 82 foiz) import qilinadi.

Mavzuga oid