O‘zbekiston | 14:00 / 29.01.2024
12699
4 daqiqa o‘qiladi

Prezident xorijda YTH qurboniga aylanayotgan migrantlar masalasiga to‘xtaldi

Mutasaddilarga chet ellik hamkorlari bilan muzokara o‘tkazib, temiryo‘l qatnovlarini pandemiyagacha bo‘lgan raqamlarga yetkazish topshirildi.

Foto: Prezident matbuot xizmati

Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligidagi yig‘ilishda pandemiya davrida temiryo‘l qatnovlari 2 karra qisqargani oqibatida qish kunlari odamlar chet elga mashina yoki avtobusda ketishga majbur bo‘layotgani, qishda yo‘llarda noxush holatlar ro‘y berayotganiga to‘xtalib o‘tildi.

Transport vazirligi tizimidagi tegishli korxonada xalqaro qatnovlar uchun 167 ta avtobus bo‘lgani bilan, korxona xususiy sektor va qo‘shni davlatlar tashuvchilari bilan raqobat qila olmayotgani qayd etildi.

Shu munosabat bilan kompleks rahbariyatiga chet ellik hamkorlari bilan muzokara o‘tkazib, temiryo‘l qatnovlarini pandemiyagacha bo‘lgan raqamlarga yetkazish topshirildi.

Transport vaziri Ilhom Mahkamov. Foto: Prezident matbuot xizmati

Xalqaro avtobusda tashishlar sohasiga xususiy sheriklarni jalb qilish va raqobatni rivojlantirish zarurligi ta’kidlandi.

Yig‘ilishda viloyatlarga joriy yilda 1 ming 200 ta avtobus va elektrobus olib kelish vazifasi qo‘yildi.

Avtomobil yo‘llari tizimida ham eskicha yondashuvlarga barham berish zarurligi ta’kidlandi.

Yo‘l qurilishida yashirin iqtisodiyot ulushi ancha yuqoriligi qayd etilib, buni nazorat qiladigan Transport inspeksiyasining faoliyati juda sustligi ko‘rsatib o‘tildi.

Mutasaddilarga yo‘l qurilishidagi 40 dan ziyod standart va me’yorlarni Xalqaro muhandis-konsultantlar federatsiyasi talablariga moslashtirish, yo‘l qurilishi loyihalariga maxsus sertifikatga ega muhandis-konsultantlarni jalb qilish topshirildi.

Bosh prokuratura, transport prokuroriga loyihadan obektni topshirishgacha, shuningdek, ularni ekspluatatsiyasi bilan bog‘liq barcha jarayonlarda talon-torojlikka chek qo‘yish bo‘yicha tizim yaratish topshirildi.  

Shuningdek, Transport vazirligiga joriy yilda kamida transport vaznini o‘lchaydigan 30 ta tarozi o‘rnatish choralarini ko‘rish topshirildi. Har bir viloyatda avtomobil serqatnov bo‘lgan kamida 20 kilometrdan yo‘l ekspluatatsiyasini xususiy sektorga berish bo‘yicha «pilot» loyihalar boshlanishi belgilandi.

  • 11 yanvarga o‘tar kechasi Rossiyaning Penza oblastida O‘zbekiston fuqarosi boshqaruvidagi JAC miniveni boshqaruvni yo‘qotib, qarama-qarshi yo‘nalishdagi yuk mashinasiga to‘qnashishi oqibatida sakkiz nafar o‘zbekistonlik halok bo‘lib, yana bir kishi jarohatlangandi.
  • 16 yanvar kuni Rossiyaning Samara oblasti Stavropol rayonida ham O‘zbekiston fuqarolari o‘limiga sabab bo‘lgan YTH ro‘y berdi, bu holatda o‘zbekistonlik haydovchi boshqaruvidagi Lada Largus qarama-qarshi yo‘nalishga chiqib ketib, «Gazel» yuk mashinasi bilan to‘qnashgan, natijada yengil mashinadagi uch kishi halok bo‘lib, to‘rt yo‘lovchi shifoxonaga yotqizilgandi.
  • 20 yanvar kuni esa Qozog‘iston hududida O‘zbekiston fuqarolari boshqaruvidagi avtomobillar bilan ikkita yo‘l-transport hodisasi ro‘y berdi. Uralsk — Atirau trassasida O‘zbekiston fuqarosi boshqaruvidagi Mazda CX-7 qarama-qarshi yo‘nalishga chiqib ketib, yuk mashinasiga to‘qnashgan, bir oila a’zolari ketayotgan yengil mashinada bo‘lgan to‘rt kishidan faqat 14 yoshli o‘smir omon qolgan. Atirau — Astraxan trassasida esa o‘zbekistonlik haydovchi boshqaruvidagi Chevrolet Cobalt qarama-qarshi yo‘nalishga chiqib ketib, Mercedes Benz Actros yuk mashinasiga to‘qnashgan, yo‘lovchilardan biri halok bo‘lgan, qolganlar shifoxonaga yotqizilgan.

Mavzuga oid