O‘zbekiston | 18:30 / 09.02.2024
12431
2 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonda nikohlar kamayib, ajralishlar ko‘paydi - statistika

2023 yildagi dastlabki demografik ko‘rsatkichlar e’lon qilindi. 2024 yilning 1 yanvar holatiga O‘zbekistonning doimiy aholisi 36,8 mln kishini tashkil etgan.

Foto: Kun.uz

Statistika agentligi O‘zbekistonning demografik ko‘rsatkichlarini e’lon qildi.

2024 yilning 1 yanvar holatiga O‘zbekiston aholisi 36,8 mln kishiga yetgan. Shundan 18,3 mln nafarini ayollar, 18,5 mln nafarini erkaklar tashkil etadi. 18,8 mln kishi shaharlarda, 18 mln kishi qishloqlarda yashaydi.

Ma’lumotda keltirilishicha, 2023 yilda O‘zbekistonda qayd etilgan nikohlar soni 283,8 mingni tashkil qilgan. Bu raqam 2022 yilda 296,7 ming bo‘lgan.

Respublikada keyingi yillarda ajralishlar soni sezilarli ko‘paygan. Misol uchun, 2021 yilda 39,3 ming nikohdan ajralish qayd etilgan bo‘lsa, bu raqam 2022 yilda 48,7 mingni, 2023 yilda esa 49,2 mingni tashkil qilgan.

Shuningdek, Samarqand (4 mln 208,5 ming kishi), Farg‘ona (4 mln 61,5 ming kishi) hamda Andijon (3 mln 394,4 ming kishi) viloyatlari aholisi eng ko‘p bo‘lgan hududlar sifatida qayd etilgan. Sirdaryo (914 ming kishi), Navoiy (1 mln 75,3 ming kishi) va Jizzax (1 mln 507,4 ming kishi) viloyatlari esa aholisi eng kam hududlar hisoblanadi.

Hududlar bo‘yicha aholi zichligining eng yuqori ko‘rsatkichi Toshkent shahrida 1 kvadrat kilometrga o‘rtacha 6787,5 kishini, Andijon viloyatida 789,4 kishini, Farg‘ona viloyatida 600,8 kishini tashkil etgan. Eng past ko‘rsatkichlar Navoiy viloyati (9,7 kishi) hamda Qoraqalpog‘iston Respublikasida (12 kishi) kuzatilgan.

2023 yilda O‘zbekistonga chet eldan 2,9 ming kishi ko‘chib kelgan hamda 17,3 ming nafar o‘zbekistonlik xorijga ko‘chib ketgan.  

Mavzuga oid