“Uy olma, qo‘shni ol” - poytaxtdagi ijara tashvishlari haqida hayotiy hikoya
O‘qishni bitirgach, institutning o‘zida olib qolishdi, talabalarga dars bera boshladim. Ko‘p o‘tmay uylandim va oilamni ham Toshkentga olib keldim. O‘sha paytlarda ijarama-ijara yurib sarson bo‘lganimni hech qachon unuta olmasam kerak. Kunlarning birida navbatdagi marta uy egasi ijara uydan chiqarib yubordi...
“Hayotiy hikoyalar” turkumidan berib borilayotgan navbatdagi hikoyaning qahramoni – o‘qituvchi-ustoz. U o‘qishni bitirib poytaxtda qolgach, bir necha yil ijarama-ijara yurib sarson bo‘lgan.
Elektron pochtamga yuborgan maktubida u ana shu ovoragarchiliklar tafsilotlarini hikoya qiladi.
— Toshkentga ilk marta maktabni bitirgach, oliy ta’lim muassasalaridan birida o‘qish uchun kelganman. O‘sha yiliyoq Sharqshunoslik institutiga o‘qishga kirdim.
Omadim chopib to‘rt yil institut yotoqxonasida yashadim va boshqa talabalar kabi ijaraga uy qidirish tashvishidan qutuldim. Ijara uylarda turadigan hamkurslarimning mashaqqatlarini ko‘rib turardim.
Ijara uy topish muammo bo‘lsa, qo‘shnilar bilan “kelishib” yashash undan badtar muammo edi. Buni bir marta ijara uyda yashaydigan hamkursimnikiga mehmonga borganda sezganman.
O‘sha kuni kechki payt osh qildik va suzib endi yeyishni boshlaganimizda uy egasi kelib qoldi. U bizni bittalab sanab chiqdi, so‘ng “Nega bir kishi ko‘p. Senlar to‘rt kishi turamiz deganding. Besh kishi chiqyapsan. Yo ijara haqini oshiraman yoki boshqa oshiqcha odamni ko‘rmay”, dedi bezrayib.
Hamkursim beshinchi odam mehmon ekanini aytgandi, “Qulog‘imga lag‘mon ilma. Avvalroq kelganimda ham ortiqcha chiqqan odamni mehmon deganding. Umuman mehmon yetaklab kelma unda”, degan javobni oldi.
O‘shanda uy egasini amallab chiqarib yubordik, ungacha kayfiyat ham buzilib bo‘ldi, osh sovib qoldi. Men yotib qolishni xohlamay yotoqxonaga qaytib kelgandim.
Shundan so‘ng o‘qishni bitirgunimcha hech kimnikiga mehmonga bormadim. Biroq o‘shanda ijara bilan bog‘liq g‘alvalarning asosiy qismi oldinda ekanini bilmasdim...
O‘qishni bitirgach institutning o‘zida olib qolishdi va talabalarga dars bera boshladim. Ko‘p o‘tmay uylandim va oilamni ham poytaxtga olib keldim. O‘sha paytlarda ijarama-ijara yurib sarson bo‘lganimni hech qachon unuta olmasam kerak.
Bu orada ikki nafar farzandli bo‘ldik. Ayniqsa, yosh bolasi bor oilaning ijarama-ijara ko‘chib yurishi juda mashaqqat bo‘larkan. Gohida hammasiga qo‘l siltab, o‘zimning viloyatimga qaytgim kelardi. Biroq yaxshi maoshli ish, o‘rganib qolgan jamoadan ketgim kelmasdi.
Kunlarning birida navbatdagi marta uy egasi ijara uydan chiqarib yubordi. “O‘g‘limni uylantiryapman, to‘ydan keyin kelin-kuyov shu uyda yashaydi”, dedi u.
Aksariyat hollarda ijarachi yoqmasa yoki qo‘shnilar shikoyat qilaverishsa uy egalari ijarachini chiqarib yuborish uchun “Uyni sotmoqchiman” yoki “Bolamni uylantiryapman” degan bahonalar qilishardi.
Meni uyidan chiqarib yuborayotgan odam bunday qildi deb o‘ylamadim, haqiqatan uylanish yoshidagi o‘g‘li bor edi va ayrim paytlarda ijara pulini olishga kelib turardi.
Qidira-qidira shaharning yaxshi bir joyidan ikki xonali uy topdim. Narxi ham qimmat emas. Asosiysi, maktab va bog‘cha oldida, metroga yaqin ekan. Xotinim va ikkita bolam bilan ko‘chib o‘tdik.
Uy egasi kalitni berib ketayotganida birpas gaplashib qoldik, “Agar kimdir bezovta qilsa bemalol qo‘ng‘iroq qilavering, ancha munchasiga gapim o‘tadi”, dedi. Qayerda ishlashini shuncha so‘rasam ham aytmadi.
Shu holda tinchgina yashab yurdik. Ertalab ishga chiqib ketaman, kechki payt kelaman. Qo‘shnilar bilan hech qanday muammo yo‘q, qanday yaxshi. Biroq ko‘p o‘tmay bu xotirjamlik yo‘qoldi. Bunga bizdan bir qavat pastdagi uyning sotilgani sabab bo‘ldi.
Biz yashayotgan uy to‘rt qavatli bo‘lib, ijara kvartiramiz uchinchi qavatda edi. Pastimizda kimdir yashaydimi yo‘qmi, bilmasdik.
Kunlarning birida ishdan qaytsam xotinim pastdagi qavatda turadigan keksa yoshdagi ayol shikoyat qilib chiqqanini aytib qoldi. Bolalarim ko‘p to‘polon qilayotganmish, dupur-dupur ovozi unga tinchlik bermayotganmish.
“Hozir yana chiqib qolsa kerak, eringiz bilan ham gaplashaman degandi”, dedi ayolim.
Qo‘shnilarning shikoyati desa har doim halovatim yo‘qoladi. Chunki shikoyatchi qo‘shni gapini sizga o‘tkaza olmasa, uyning egasini qidirib topadi. So‘ng u orqali asabingizni egovlaydi. Oxiri qo‘l siltab chiqib ketishga majbur bo‘lasiz.
Xotinim bolalar to‘polon qilayotganmish deganida hayron bo‘ldim. Chunki bolamning kattasi tushgacha maktabda bo‘ladi. Kichigi hali to‘polon qila oladigan yoshga yetmadi. Kattasi maktabdan qaytgandan so‘ng tushlik qilib to‘garakka ketadi. Shu bilan men ishdan qaytadigan paytda keladi.
Men uyda bo‘lgan paytlarimda bolalarning qo‘shnilarga ovozi yetadigan darajada to‘polon qilganini eslay olmayman. Mabodo pastdagi qavatda yon qo‘shnilarning bolalari to‘polon qilayotgan bo‘lsa, bizdan gumon qilmayotganmikan?
Ko‘p qavatli ayrim uylarda oyoq ostida yog‘och pol qilinmagan, ohista yursa ham pastdagi qavatdagilarga bilinadi. Biz yashayotgan uyda yog‘och pol bor, undagi ovoz pastdagilarga bilinmaydi.
Ko‘p o‘tmay ayol eshikni taqillatib keldi. Yoshi 65 larga borib qolgan, sochni kalta kesib olgan zamonaviyroq ayol ekan. Xotinimga aytgan shikoyatini menga ham qaytardi.
“Meni bir nechta kasalim bor. Menga osoyishta joy kerak. Bu kvartirani juda tinch joy deyishgani uchun yaqinda olgandim. Mana endi sizni bolalaringiz dupurlatib dam olgani qo‘yishmayapti”, dedi u.
Shunda unga to‘ng‘ich farzandim kunduzi uyda bo‘lmasligini, kichkinasi hali yoshligini, kechki payt ham biznikida to‘polon bo‘lmasligini, balki ovoz yon qo‘shnilarnikidan chiqayotgan bo‘lishi mumkinligini aytdim. Biroq ayol yo‘q, ovoz sizlarnikidan chiqyapti deb turib oldi.
Shunda ayolga bolalarga e’tiborli bo‘lishimizni, to‘polon qilishlariga yo‘l qo‘ymasligimni aytdim, biroz tinchlanib ketdi. Ayolimga bolalarga e’tiborli bo‘lishni tayinladim. Iloji boricha ohista yuradigan past ovozda gaplashadigan bo‘ldik. Bolalarning ovozi umuman chiqmasdi. Biroq...
Bir necha kundan so‘ng ayol yana keldi. Va’da berib ustidan chiqmaganimni, dupur-dupur ovozi to‘xtamaganini aytdi. Unga biz birinchi kelgandan so‘ng ehtiyot bo‘layotganimizni gapirsam ham tushunishni xohlamadi. Shu joyda u bilan bahslashib qoldik.
Eshigimiz oldida turib 102 ga qo‘ng‘iroq qildi. Ayol dispetcherga muammosini gapirayotganda “Xotini hijobda ekan, balki taqiqlangan tashkilotlarga a’zo bo‘lishi ham mumkin. Bir tekshirib ko‘ringlar”, deganda yomon jahlim chiqdi. Uni so‘kib yuborishdan o‘zimni zo‘rg‘a to‘xtatib qoldim.
Bir zumda uchastka noziri bilan birga yana ikkita xodim yetib keldi. Ularga ish joyimni aytib, hammasini bafurja tushuntirdim. Biroq ayol bir gapni ushlab olgandi “bolalari tinchlik bermayapti”.
Xodimlar hujjatlarimni tekshirib ko‘rishni ham unutishmadi. Oilam bilan vaqtincha ro‘yxatdan o‘tganman, uyni ijara shartnomasi asosida olganman. Hujjatlardan kamchilik topa olmagach ayolni “bo‘ldi o‘zimiz nazoratga olamiz” deb olib chiqib ketishdi. Ortda qolgan bir xodim, “Domla uzr, xizmatchilik” dedi, bosh irg‘ab qo‘ydim.
Shundan so‘ng halovatim batamom yo‘qoldi. Kechki payt ishdan qaytar ekanman, “ayol bugun ham chiqib diydiyo qilmasin-da”, deb o‘ylardim.
Bu orada ko‘p qavatli uyning “raisi” va mahalla raisiga alohida hisobot berdim. Vaziyat esa o‘zgarmadi. Ayol kelsa eshik ochmaydigan bo‘ldik. U eshikni rosa taqillatib, baland ovozda nimalardir deb ketardi.
Shunday paytlarda “asabi yomon bo‘lsa, qanday qilib uzoq vaqt eshikni taqillatib, baland ovozda baqirib turish mumkin?” deb o‘ylardim. Ishqilib ayol uyning egasiga chiqmasin, aks holda u vaziyatni tushunmasligi va bizni chiqarib yuborishi mumkin.
Bekorga xavotirlanmagan ekanman, kunlarning birida uyning egasi qo‘ng‘iroq qildi. Aytishicha, ayol shikoyat qilgan. Unga vaziyatni tushuntirdim. Muammo ayolning o‘zida ekanligini aytdim. U ayol qo‘ymasa chiqarib yuborishini aytdi. Kayfiyatim buzildi.
Orada bir hodisa sodir bo‘ldi va shu bilan muammodan qutuldim. Mustaqillik bayramiga bir necha kun ta’til berildi. Tug‘ilib o‘sgan qishlog‘imga borib kelmoqchi bo‘ldik.
Ketishdan oldin uyning kalitini birinchi qavatda turadigan “dom”imizning “raisi”ga qoldirdim va bir haftalarda qaytishimni aytdim. Shu bilan ayolning g‘avg‘olaridan vaqtincha qutuldik.
Ta’tildan qaytgan kunim kechki payt ayol paydo bo‘ldi. Bu safar eshikni ochdim. U yana o‘sha eski gaplarini takrorlab, uni xotirjam yashashga qo‘ymayotganimizni aytdi. Shu joyda ayolning sog‘ligida nimadir muammo borligiga aniq ishonch hosil qildim.
Yugurib tushib uyning “rais”ini boshlab chiqdim va opani eshiting dedim. Shunda u ham muammo bizda emas, ayolda ekanini tushunib yetdi. “Rais” ayolga “bular bir hafta uyda bo‘lmadi, qishloqqa ketgandi” degandi nafi bo‘lmadi. Ayol gapirib-gapirib tushib ketdi.
Men uyning egasiga qo‘ng‘iroq qildim va vaziyatni tushuntirdim. Ertasi kuni kechki payt u keldi, birga ayolning oldiga tushdik. Ayol uyning egasiga baqira ketdi: “O‘g‘lim falon vazirlikda ishlaydi, hozir kelyapti. Unga aytaman, ijarachingni quvib yuboradi. Men uzoq yillar sudya bo‘lib ishlaganman. Qonunlarni yaxshi bilaman”.
Shunda uy egasi xotirjam holda, mayli o‘g‘lingizni kutaman, faloncha falonchiyevich haliyam vazirmi, o‘g‘lingiz uning qo‘l ostida ishlayaptimi? Balki siz bilan o‘g‘lingizni tiyib qo‘yishga uning kuchi yetar”, dedi. Shu bilan ayolning ovozi o‘chdi.
Ko‘p o‘tmay o‘rta yoshlardagi bir yigit keldi. Ayol “qara bular menga kun berishmayapti” deb u bilan yig‘lab ko‘rishdi. Yigit ayolni yupatib ichkariga kiritib yubordi.
So‘ng gap boshladi:
“Akalar, uzr. Onam betob. Har kuni bolalaring dupur-dupur qiladi deb biz bilan yashashni xohlamay alohida yashashni xohladi. Yo‘q deganimizga ham qo‘ymadi, uy olib berishga majbur bo‘ldik. Uyni ham o‘zi topgan. Shu joyga ko‘chib o‘taman deganida ham to‘xtatib qololmadik. Biroq yangi qo‘shnilar bilan shu muammo sodir bo‘lishini o‘ylamabmiz. Shifokorlar muammo ruhiyat bilan bog‘liq deyishgan. Har doim qulog‘iga dupurlagan ovozlar eshitilarkan. Shifokorlar tinchlantiradigan dorilar tavsiya qilishgan, ularni ichgan paytlarida tinch yuradi. Dorini ichmagan paytlarida shu ahvol. Onamni olib ketaman va dorilarni ichishiga e’tiborli bo‘lamiz”.
Yigit takror-takror uzr so‘rab onasining oldiga kirib ketdi. Ko‘p o‘tmay ayol ko‘rinmay qoldi, o‘g‘li olib ketdi shekilli. Oradan bir necha hafta o‘tgach pastda begona kishi ko‘rinib qoldi, bilsak uy boshqa odamga sotilibdi.
O‘zim uy sotib olguncha bir necha yil o‘sha joyda tinch yashadik. Hozir kim ijara uydan gap ochsa, bir paytlar sarson bo‘lganlarim va o‘sha opa esimga tushadi.
G‘ayrat Yo‘ldosh tayyorladi.
Mavzuga oid
09:27 / 11.12.2024
Toshkentda noyabrda ijara narxlari biroz pasaydi
19:09 / 20.11.2024
Dunyodagi eng qimmat ko‘chalar reytingida yetakchi o‘zgardi
10:27 / 14.11.2024
Toshkentda eng arzon uy-joy ijarasi qaysi tumanlarda ekani aytildi
21:00 / 12.11.2024