O‘zbekiston | 18:49 / 14.02.2024
6392
2 daqiqa o‘qiladi

Nyu-Yorkda o‘zbek tili o‘quv markazining yangi binosi ochildi 

Markaz faoliyati Qo‘shma Shtatlardagi vatandoshlarning farzandlariga o‘zbek tili va adabiyotini o‘rgatish, ularning tarbiyasida milliy qadriyatlarning roli va ahamiyatini oshirishga qaratilgan. 

Foto: dunyo.info

Nyu-York shahrida «Mahalla USA» vatandoshlar jamoat uyushmasi va O‘zbekiston Bosh konsulxonasi hamkorligida «Ziyo Art» o‘zbek tili markazining yangi binosi ochildi. 

«Ziyo Art» o‘quv markazi «Mahalla USA» vatandosh jamoat uyushmasi huzurida 2020 yil sentabr oyida tashkil etilgan. Markaz faoliyati Qo‘shma Shtatlardagi vatandoshlarning farzandlariga o‘zbek tili va adabiyotini o‘rgatish, ularning tarbiyasida milliy qadriyatlarning roli va ahamiyatini oshirishga qaratilgan. 

O‘quv markazida 6 yoshdan 15 yoshgacha bo‘lgan bolalar uchun o‘zbek tili va adabiyoti, odobnoma, kompyuter savodxonligi darslari, tasviriy san’at, matematika fanlaridan darslar, shuningdek, shaxmat, sambo va kurash kabi sport turlarida to‘garaklar yo‘lga qo‘yilgan. 

Mashg‘ulotlar shanba va yakshanba kunlari tanlov asosida tanlangan malakali o‘qituvchilar tomonidan, O‘zbekistondan keltirilgan o‘quv adabiyotlaridan foydalangan holda olib boriladi. Hozirgi kunda markazda oyiga 120-150 nafar bola ta’lim olmoqda. 

Binoning ochilish marosimida O‘zbekiston Bosh konsulxonasi diplomatlari, kongressmenlar, Nyu-York shahri senatorlari, mahalliy hokimiyat vakillari, faol vatandoshlar va mahalliy OAV vakillari qatnashdi. 

Mavzuga oid