“Qo‘qonlik tabib”ning harbiy kiyim kiygan qo‘riqchilari javobgarlikka tortildi
Iqboljon Soliyevning faoliyati yuzasidan esa ichki ishlar organlari tomonidan tezkor surishtiruv harakatlari olib borilmoqda.
Ijtimoiy tarmoqlarda qo‘qonlik tabib nomi bilan tanilgan shaxs odamlarni davolayotgani, jarayon paytida harbiy kiyimga o‘xshash maxsus forma kiygan va qo‘lida ratsiya tutgan yigitlar uni qo‘riqlab yurgani aks etgan videolar tarqaldi.
Holat yuzasidan Bosh prokuratura matbuot kotibi Hayot Shamsuddinov Kun.uz'ga ma’lumot berdi.
Unga ko‘ra, tasvirda qo‘ringan “qo‘qonlik tabib” Iqboljon Soliyevni qo‘riqlab yurgan maxsus harbiy kiyimdagi 4 nafar “tansoqchi” yigit javobgarlikka tortilgan.
Ularga nisbatan MJtKning 209-1-moddasi (vazirliklar, idoralar va tashkilotlar xodimlarining formali kiyim boshini qonunga xilof ravishda kiyib yurish) bilan ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi bayonnoma rasmiylashtirilgan.
Qayd etilishicha, I.Soliyevning faoliyati yuzasidan ichki ishlar organlari tomonidan tezkor surishtiruv harakatlari davom etmoqda
2022 yilda Kun.uz Iqboljon Soliyev haqida material e’lon qilgandi. O‘shanda Xalq tabobati assotsiatsiyasi raisi Ro‘zimuhammad Xonnazarov qo‘qonlik tabib Iqbol Soliyevning ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan videolarini ko‘rgani, odamlarda tibbiy bilim yetishmasligi ana shunday tabiblar uchun qo‘l kelayotgani haqida gapirgandi.
“Hozirgi kunda bemorlarga sidqidildan xizmat qilib kelayotgan tabiblar bilan bir qatorda xalqni chalg‘itadigan, sehrgarlikka yaqinroq xatti-harakatlari bilan g‘ayrioddiy yo‘l bilan “davolovchi” tabiblar ham uchrab turibdi. Biz tabib Iqbol Soliyevni bir necha marta og‘zaki va yozma ogohlantirdik. Agar u hozirgi kunda ham faoliyatini davom ettirib kelayotgan bo‘lsa, huquqni muhofaza qiladigan organlarga holatni firibgarlikka baholab chora ko‘rishlarini so‘rashga majbur bo‘lamiz”, – degandi Xalq tabobati assotsiatsiyasi raisi Ro‘zimuhammad Xonnazarov.
Mavzuga oid
15:18 / 26.11.2024
Qo‘qonlik tabib yana trendda – uning faoliyati haqida nimalar ma’lum?
17:45 / 23.11.2024
“Kamerani ko‘rib, bemorlarni tarqatib yuborishdi” – muxbirlar farg‘onalik tabib ko‘chasiga kiritilmadi
10:23 / 07.11.2024
DXX: Qo‘qonda xalqaro terroristik tashkilot tarafdorlari ozodlikdan mahrum etildi
23:02 / 13.09.2024