O‘zbekiston | 17:39 / 19.02.2024
6829
1 daqiqa o‘qiladi

Toshkentda elektrobus yo‘l chetini ajratib turuvchi panjaraga borib urildi

YTHga haydovchining qon bosimi oshib, boshqaruvni yo‘qotgani sabab bo‘lgan.

Foto: Videodan kadr

Toshkent shahar Sergeli tumanida elektrobus yo‘l chetini ajratib turuvchi panjaraga  borib urildi. «Toshshahartransxizmat» holat yuzasidan izoh berdi.

Ma’lum qilinishicha, 19 fevral kuni soat 12:30 larda 12-avtobus saroyi filiali tasarrufidagi Yutong rusumli, 40-sonli yo‘nalishda harakatlanayotgan haydovchi Q.Q. (staji 33 yil) boshqaruvidagi elektrobus Yangi Sergeli ko‘chasi bo‘ylab harakatlanib borayotgan vaqtda, dastlabki ma’lumotga ko‘ra, qon bosimi oshgani sababli boshqaruvni yo‘qotib, yo‘l chetini ajratib turuvchi panjaraga  borib urilgan.  

Mazkur yo‘l-transport hodisasi natijasida tan jarohati olganlar yo‘q. Yutong rusumli elektrobus texnik shikastlangan. Avtobus haydovchisi shifoxonaga olib ketilgan.

Holat yuzasidan qo‘shimcha ma’lumot taqdim etilishi aytilgan.

Hozirda ushbu yo‘l-transport hodisasi Toshkent shahar IIBB YHXB xodimlari tomonidan rasmiylashtirilib, surishtiruv ishlari olib borilmoqda.

Mavzuga oid