1917 yili Qo‘qon qonga botirilishida kimyoviy quroldan foylanilganmi?
Bundan roppa-rosa 106 yil muqaddam Qo‘qonda odamlar tiriklayin yoqilgan, o‘ldirilgan, zo‘rlangan va hatto go‘daklar ham shafqatsizlarcha qatl etilgan edi. Turkiston muxtoriyati tuzilishi va barbod qilinishiga oid siz eshitmagan ma’lumotlarni bugun olimlarimiz sizga so‘zlab berishadi. Hozirgacha yashirib kelingan ba’zi ma’lumotlar va haqiqatlar bugun ochiqlandi. Millatimizga genotsid uyushtirilgan o‘sha mash’um kun haqida bugun suhbatlashamiz.
Qahramon Rajabov: — 22 fevral kuni Turkiston muxtoriyati sovetlar tomonidan ag‘darilganiga 106 yil to‘ldi. 20 asr boshlari o‘zbek xalqi tarixida muhim rol o‘ynagan Turkiston muxtoriyati bor-yo‘g‘i 72 kun yashadi. Muxtoriyat hukumati xalq tomonidan saylanganiga qaramasdan, o‘sha paytdagi Turkiston aholisining 95 foiz aholisi asl turkistonliklar edi, qolganlar 50 yil davomida Rossiyadan, boshqa Yevropa davlatlaridan ko‘chib kelganlar edi, ular Turkiston muxtoriyatini tugatish uchun barcha choralarni ishga soladi. Perfelev boshchiligidagi qo‘shinlar Qo‘qonni o‘rab oladi. Ularning ixtiyorida to‘plar, pulemyotlar bor edi. 2 soat ichida hukumat taslim bo‘lsa, hujum qilmasliklarini aytishadi, lekin muxtoriyat buni rad etadi, shundan so‘ng Qo‘qonni to‘plardan o‘qqa tutishadi. Adabiyotlarda Qo‘qon qirg‘ini 3 kun davom etgan deyiladi, lekin oxirgi yillardagi aniqlangan ma’lumotlarga ko‘ra, ular 10 kun davomida Qo‘qonni o‘qqa tutishgan, shaharda janglar bo‘lgan va shahar deyarli vayron qilingan.
Azamat Ziyo: — Turkiston muxtoriyati — juda katta voqea. Zamonaviy davlatchilikni mustaqil ravishda yaratishga katta bir qadam bo‘lgan. To‘la mustaqil davlat sifatida emas, balki Rossiya tarkibidagi demokratik davlat sifatida e’lon qilingan. Gap bu muxtoriyatning qancha yashaganida yoki qanday shaklda bo‘lganida emas, balki uning qonga botirilganida, vaziyat yetilib turganidan foydalana olinmaganida deb bilaman.
Qahramon Rajabov: — Toshkent, Samarqand, Farg‘ona vodiysidagi taraqqiyparvarlar o‘rtasida Rossiya tarkibidagi Turkistonga keng ma’nodagi milliy, madaniy muxtoriyat berish masalasi qo‘yilgan edi. Bu muxtoriyat avtonom shaklda emasdi. Jadidlarimiz muxtoriyatni asta-sekin to‘liq mustaqil davlatga aylantirmoqchi edi.
1918 yil fevralda Qo‘qon shahri va uning atrofida bolsheviklar tomonidan juda katta ko‘lamda qirg‘in sodir etilgan. Farg‘ona viloyati davlat arxivi hujjatlariga ko‘ra, bolsheviklar Qo‘qonni to‘pdan o‘qqa tutayotganda kimyoviy snaryadlardan foydalanishgan. Bu haqidagi ma’lumotlarni o‘sha paytda Qo‘qonda bo‘lgan amerikalik jurnalist yozadi va Amerikada e’lon qilinadi, uning maqolasining rus tilidagi nusxasi Farg‘ona davlat arxivida saqlangan. Qo‘qon vayron qilingani haqida o‘zbek olimlari ham yozgan, lekin ular sovet davri bo‘lgani uchun boshqacha tus bergan bu voqealarga. Bolsheviklar ozodlik olib keldi, deyishgan, jadidlar tuzgan hukumatni esa boylar hukumati edi, deb tasvirlashgan.
Qo‘qon qirg‘inida 10 dan ortiq tinch aholi o‘ldiriladi. Birorta ham butun bino qolmaydi, vayron qilinadi. Muxtoriyat qo‘shini 2 ming kishiga yetar-yetmas holatda bo‘ladi, qurollangan qismi kam edi. Odamlar to‘plar, pulemyotlarga qarshi oddiy ov miltig‘i, xanjarlar bilan qarshi chiqishadi.
Azamat Ziyo: — Bolsheviklar 1917 yil noyabrda davlat to‘ntarishi qilgan bo‘lsa-da, hali hamma joyda to‘la hokimiyatini o‘rnatmagan edi, jumladan, Turkistonda ham. Bunday vaziyatda mustaqil bo‘lishimiz uchun jiddiy qadamlar qo‘yishimizga imkon bor edi. Lenin boshchiligidagi bolsheviklar hali o‘z imkoniyatlari cheklangan bo‘lsa ham, bor kuchlarini ishga solib, Turkiston muxtoriyatini yo‘q qilishga kirishdi. Chunki ular Turkiston imperiya tarkibidan chiqib ketishini anglab yetgan edi.
Bugungi avlod bilishimiz kerakki, qo‘pol qilib aytganda, imperiyachi siyosatchilarning hammasi bir go‘r biz uchun. Ular imperiyachilik siyosatini jon-jahdi bilan himoya qiladi, ichkarida hokimiyat talashsalar ham, rus imperiyasi masalasida bir-birining ko‘zini cho‘qimaydi. Shu nuqtai nazardan olganda, Oq poshsho davrida boshlangan imperiyachilikni bolsheviklar davom ettirishga qattiq harakat qilgan.
Qahramon Rajabov: — Bolsheviklar qamoqxonalardagi jinoyatchilarni chiqarib, ulardan qizil gvardiyachilar tuzishdi. Turkiston rahbarlaridan biri bo‘lgan, sovet hukumatida faoliyat ko‘rsatgan T.Rizqulov 1919 yili qizil armiya aslida talonchilar, bir guruh o‘g‘ri, qalang‘i-qasang‘ilardan tuzilganini, arman dashnoqlarining yovuzliklari haqida gapiradi. Arman dashnoqlari oldindan turkiy xalqlarga nafrati bilan tanilgan. Ular bolsheviklar bilan birga shaharga kirib tinch aholini turkiy yoki musulmon bo‘lgani uchungina o‘ldiradi, mol-mulkini talaydi. Qo‘qondan Toshkentga katta mol-mulk Toshkentga yuborilganini sovetlarning o‘zi ham tan oladi keyin. U boyliklarning hammasi ham davlatga topshirilmadi, bolshevik komissarlari aysh-ishrat bilan band bo‘lgan.
Azamat Ziyo: — Ta’sis hujjatlari qaysi tilda bo‘lgan? — Rus tilida. Milliy davlatchilik qurmoqchi bo‘lganlar ta’sis hujjatlarni rus tilida qilishgan. Bizning davlat tilimiz haqidagi qonun ham rus tilida yozilgan edi, birinchi konstitutsiyamiz ham rus tilida yozilgandi. Mustaqil bir davlatning birinchi konstitutsiyasi nega rus tilida yozilishi kerak, degan savolni bermagan hech kim. Qaysi tilda tili chiqsa, o‘sha til egasiga xizmat qiladi, degan gap ham bor.
Qahramon Rajabov: — 22 fevral kuni Turkiston muxtoriyati ag‘dariladi va go‘yoki tinchlik sulhi imzolanadi, lekin bu hujjatda muxtoriyat hukumatining yoki jadidlarning birorta vakilining imzosi yo‘q. Ko‘chadan duch kelgan odamni olib kelib hujjatni imzolashgan. O‘zlari biz Qo‘qonni ozod qildik, deyishgan. Lekin kimdan ozod qilishdi? Go‘yo tinchlik olib kelishgan, lekin Qo‘qon o‘liklar shahriga aylangan edi. «Ulug‘ Turkiston» gazetida ham «Xo‘qand hozir o‘liklar shahri» deyilgan.
Azamat Ziyo: — Millatni uyg‘otishimiz kerak. Agar biz bir bo‘lsak, hech narsa qila olishmaydi. Turkiston muxtoriyati taqdiridan asosiy xulosam shuki, biz bir millat, bir davlat bo‘lib birlashishimiz kerak. O‘zaro tortishuvlar bo‘ladi, to‘g‘ri, aka-uka ham tortishib turadi, lekin qon tortib, bir bo‘ladi baribir. Biz ham shunday bir bo‘lishimiz lozim, shunda o‘z marralarimizni saqlab qolamiz.
Qahramon Rajabov: — Biz bu voqealarni tahlil qilar ekanmiz, bir narsani bilishimiz lozim: millat davlat tuzadimi, hukumat tuzadimi, uni himoya qila bilishi kerak. Bosqinchilarga qarshi birlik bo‘lmas ekan, o‘sha yurt bosqinchilarga o‘lja bo‘ladi. 1917 yilda kelgan Sovet hokimiyati mana shunday dahshatli voqealar bilan hukmronligini boshlaydi. O‘sha vaqtda fevral, mart oylarida umumiy 50 mingdan ziyod odam o‘ldirilgan. Shundan so‘ng Farg‘ona xalqi sovetlarga qarshi milliy ozodlik kurashini boshlaydi, sovetlar ularni «bosmachilar» deb atadi. Aslida ular millat uchun, Turkiston uchun kurashgan insonlar edi.
Mavzuga oid
15:18 / 26.11.2024
Qo‘qonlik tabib yana trendda – uning faoliyati haqida nimalar ma’lum?
10:23 / 07.11.2024
DXX: Qo‘qonda xalqaro terroristik tashkilot tarafdorlari ozodlikdan mahrum etildi
23:02 / 13.09.2024
Qo‘qonda gaz to‘ldirish shoxobchasida turgan avtobusda yong‘in sodir bo‘ldi
18:00 / 12.09.2024