2023 yilda O‘zbekistonda 263 bola YTH qurboni bo‘lgan – Senat
Qariyb 10 mingga yaqin yo‘l-transport hodisalarida 2 ming 282 nafar fuqaro, jumladan 263 bola halok bo‘lgan.
28 fevral kuni Senatda Mudofaa va xavfsizlik masalalari qo‘mitasi majlisi o‘tkazildi. Unda IIVning 2023 yilda huquqbuzarliklarning oldini olish va ularning profilaktikasi borasida tegishli vazirlik va idoralar bilan olib borgan hamkorlikdagi ishlari yuzasidan axboroti eshitilgan.
Ma’lum qilinishicha, 2023 yilda O‘zbekistonda sodir etilgan umumiy jinoyatlarning 82,7 foizi fosh etilgan, qidiruvdagi 7 563 nafar shaxs ushlangan, bedarak yo‘qolgan 450 nafar shaxs topilgan. Tezkor-qidiruv tadbirlari natijasida axborot texnologiyalari vositalaridan foydalanib sodir etilgan 6 455 ta jinoyat aniqlangan.
Yil yakuni bo‘yicha mamlakatdagi 9 442 ta mahalladan 2 972 tasida yoki 31,5 foizida jinoyat sodir etilmagan. Jinoyatlar ko‘paygan 2 298 ta yoki 24,3 foiz mahalla “qizil” toifaga kiritilgan.
Tazyiq va zo‘ravonlikka uchragan 40 ming nafardan ortiq xotin-qizga himoya orderi berilgan. O‘tkazilgan profilaktik tadbirlar natijasida 17 327 ta oila yarashgan, oilaviy muammolar va zo‘ravonlikka duch kelgan 1 450 nafar xotin-qiz Ayollarni reabilitatsiya qilish va moslashtirish markazlariga joylashtirilgan.
Yig‘ilishda amalga oshirilgan ijobiy ishlar bilan birga, huquqbuzarliklarning oldini olish va ularning profilaktikasi yo‘nalishida muayyan kamchiliklar, o‘z yechimini kutayotgan masalalar va to‘liq foydalanilmagan imkoniyatlar ham mavjudligi aytib o‘tilgan.
Xususan, 2023 yilda mamlakatda 104 096 ta jinoyat ro‘yxatga olingan bo‘lib, ularning 74 202 tasi yoki 71,3 foizi hisobot yilida sodir etilgan. Jami jinoyatlar soni mamlakat bo‘yicha har 100 ming aholiga 289 tadan to‘g‘ri kelgan. Ushbu salbiy ko‘rsatkich Toshkent shahrida 735 tani, Toshkent viloyatida 415 tani, Sirdaryoda 378 tani, Farg‘onada 328 tani tashkil etgan.
Qayd etilishicha, profilaktika inspektorlari faoliyatining sustligi oqibatida oldini olish imkoniyatlari mavjud bo‘lgan jinoyatlar hanuzgacha jami jinoyatlarning salmoqli qismini tashkil etmoqda.
Shuningdek, oilalardagi notinchlik, nizolarning o‘z vaqtida hal etilmasligi mahalla faollari va keng jamoatchilikning e’tiboridan chetda qolganligi oqibatida o‘ta og‘ir jinoyatlar sodir etilmoqda.
Jumladan, 2023 yil 12 oyida sodir etilgan 363 ta qotillikning 141 tasi yoki 38,8 foizi oila-turmush doirasidagi nizolar oqibatida kelib chiqqan.
Yoshlarning muammolarini bartaraf etishga lozim darajada e’tibor qaratilmaganligi oqibatida 2023 yilda yoshlar va voyaga yetmaganlar o‘rtasida sodir etilgan jinoyatlar 2022 yilga nisbatan 5,3 foizga ortgan.
Yig‘ilishda yo‘l-transport hodisalari soni kundan kunga ortayotganligi ham ta’kidlangan.
Avtomobil yo‘llarida yo‘lovchilar xavfsizligini ta’minlash yuzasidan ta’sirchan nazorat to‘liq va samarali o‘rnatilmaganligi sababli 2023 yilda jami 16 mlndan ortiq qoidabuzarlik, jumladan 13 mlndan ko‘p qo‘pol qoidabuzarlik, 42 mingga yaqin transport vositasini mast holda boshqarish, 300 mingdan ortiq piyodalar qoidabuzarligi qayd etilgan.
Bularning oqibatida, 9 839 ta yo‘l-transport hodisasi sodir etilib, ularda 9 209 nafar fuqaro jarohatlangan va 2 282 nafar fuqaro halok bo‘lgan. 2023 yilda bolalar bilan bog‘liq 1 794 ta yo‘l-transport hodisasi sodir etilib, ularda 1 568 nafar bola jarohatlangan va 263 nafar bola halok bo‘lgan.
Qayd etilishicha, Senatga aholidan kelayotgan ichki ishlar organlari faoliyati bilan bog‘liq murojaatlarning aksariyati xodimlarning, ayniqsa, yo‘l-patrul xizmati xodimlarining tarbiyasiz harakatlari, yo‘l harakati qatnashchilari bilan qo‘pol muomalasi ustidan e’tirozni aks ettirmoqda.
Majlisda senatorlar tomonidan aholi o‘rtasida jinoyatchilikka nisbatan murosasiz munosabatni shakllantirish, jinoyatlarning oldini olish, fuqarolarning huquq va erkinliklari hamda qonuniy manfaatlari himoya qilinishini ta’minlash masalalariga ham e’tibor qaratilgan. Bu borada tegishli tavsiyalar berilgan.
Unga ko‘ra, bundan buyon mas’ul vazirlik, idora va jamoat tashkilotlari bilan birgalikda xotin-qizlar, voyaga yetmaganlar, yoshlar, ayniqsa, bandligi ta’minlanmagan yoshlar o‘rtasida sodir etilayotgan huquqbuzarliklar, shuningdek, oilaviy munosabatlar tufayli sodir etilgan jinoyatlarning doimiy tahlilini yuritish orqali bunday holatlarning kelib chiqish sabablari va omillarini aniqlash hamda bartaraf etish choralari ko‘riladi.
Mavzuga oid
14:55 / 22.12.2024
Jismoniy shaxslarga yovvoyi hayvonlarni saqlaganlik uchun javobgarlik kuchaytirilmoqda
17:20 / 18.12.2024
Kelgusi yilda ta’lim va fan sohasiga 86,3 trln so‘m yo‘naltiriladi - Tanzila Norboyeva
14:50 / 18.12.2024
Senat 2025 yilga mo‘ljallangan davlat budjetini ma’qulladi
15:48 / 20.11.2024