Jahon | 15:33 / 28.02.2024
5859
3 daqiqa o‘qiladi

Fransiya: Ukrainani qo‘llab-quvvatlashning yangi shakllarini ko‘rib chiqish kerak 

Stefan Sejurnening fikricha, G‘arb qo‘shinlari Ukraina hududida jangovar harakatlarda ishtirok etmagan holda bo‘lishi variantida, Ukrainani qo‘llab-quvvatlashning yangi shakllarini ko‘rib chiqish kerak.

Stefan Sejurne Foto: SARAH MEYSSONNIER/AFP

Fransiya tashqi ishlar vaziri Stefan Sejurne 27 fevral, seshanba kuni Fransiya parlamentariylari bilan suhbatda G‘arb harbiylari Ukraina hududidagi «maxsus amaliyotlar»da nazariy jihatdan harbiy harakatlarsiz ishtirok etishi mumkinligini aytdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, «Ukrainani qo‘llab-quvvatlashning aniq ehtiyojlariga yo‘naltirilishi mumkin bo‘lgan yangi shakllarini ko‘rib chiqish» kerak. 

Fransiya TIV rahbarining so‘zlariga ko‘ra, bunday ehtiyojlar orasida kibermudofaa, Ukrainada qurol ishlab chiqarish va minalardan tozalash bor. «Ba’zi hollarda bunday faollik g‘arb harbiylari Ukraina hududida urushda qatnashmasdan turib bo‘lishini talab qilishi mumkin», — deb ta’kidladi Sejurne. 

Shuningdek, u Rossiya hujumlari va ular Yevropada beqarorlik keltirib chiqarayotganini inobatga olib, «Ukrainani qo‘llab-quvvatlashni kuchaytirish kerakligini» aytdi. 

Litva Makronning Ukrainada quruqlikdagi qo‘shinlar haqidagi so‘zlariga qarshi emas 

Ukraina hududida G‘arb davlatlarining quruqlikdagi qo‘shinlarini qo‘llash mumkinmi yoki yo‘qligi haqidagi fikr-mulohazalar maqbul holatdir, dedi shu kuni Litva Mudofaa vazirligi rahbari Arvidas Anusauskas. Uning so‘zlariga ko‘ra, agar Litva qo‘shinlari Ukrainaga yuborilishi mumkin bo‘lsa, u holda faqat o‘quv mashg‘ulotlari uchun jo‘natiladi, lekin harbiy maqsadlarda emas. Anusauskasning ta’kidlashicha, ayni paytda asosiy ustuvor vazifa Ukrainani qurol va o‘q-dorilar bilan qo‘llab-quvvatlash bo‘lib qolmoqda. 

Bir kun avval, 26 fevralda Parijda Ukrainaga yordam ko‘rsatish bo‘yicha konferensiya yakunlanganidan so‘ng so‘zlagan Fransiya prezidenti Emmanuel Makron Ukrainaga G‘arb quruqlikdagi qo‘shinlari joylashtirilishi mumkinligini inkor etmadi. Makronning so‘zlariga ko‘ra, «bugungi kunda quruqlikdagi qo‘shinlarni Ukrainaga rasman yuborish masalasida konsensus yo‘q, ammo hech narsani inkor etib bo‘lmaydi». 

Germaniyada Makronning bayonoti siyosatchilar salbiy fikriga sabab bo‘ldi. Germaniya kansleri Olaf Shols, xususan, Parijdagi yig‘ilishda «Ukraina hududida Yevropa yoki NATO davlatlari tomonidan u yerga yuborilgan askarlar bo‘lmaydi» degan yakdil pozitsiya bo‘lganini aytdi. Alyans bosh kotibi Yyens Stoltenberg ham NATO Ukrainaga qo‘shin jo‘natish niyatida emas, dedi. 

Mavzuga oid