Jahon | 14:40 / 28.02.2024
12890
3 daqiqa o‘qiladi

Ukraina qurolli kuchlari Donetsk yaqinidagi qishloqlardan chekindi

«Tavriya» TSKG spikeri Dmitriy Lixoviyning so‘zlariga ko‘ra, Ukraina qurolli kuchlari Avdiyivka yo‘nalishidagi Tonenkoye, Orlovka va Berdich qishloqlari hududlarida mudofaa chizig‘ini barqarorlashtirgan.

Foto: TASS/imago images

Ukraina qo‘shinlari Donetsk viloyatidagi Avdiyivka g‘arbida joylashgan Stepnoye va Severnoye aholi punktlaridan chekindi. 27 fevral, seshanba kuni ertalab Avdiyivka yo‘nalishidagi Tonenkoye, Orlovka va Berdich qishloqlari hududlarida mudofaa chizig‘i barqarorlashtirildi. Bu haqda «Tavriya» tezkor-strategik kuchlar guruhi (TSKG) spikeri Dmitriy Lixoviy milliy telemarafon efirida ma’lum qildi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, «Orlovka qishlog‘i shimoliy-sharqiy chekkasida dushman hujum guruhlari to‘silgan», Rossiya qurolli kuchlarining zich artilleriya o‘qlari, minomyot hujumlari, FPV uchuvchisiz uchoqlari zarbalari va boshqa sharoitda jangovar harakatlar davom etmoqda. 

Lixoviy ta’kidlaganidek, urushdan oldin Stepnoye va Severnoye aholisi jami 100 kishi edi. Severnoye qishlog‘i uchun janglar 26 fevral oqshomidan tungacha davom etdi, Rossiya tomoni esa «katta yo‘qotishlarga uchradi», deya qo‘shimcha qildi u.

«Tavriya» TSKG spikeri so‘nggi bir necha kun ichida ruslar o‘z hujumlarining intensivligini va hujum guruhlari sonini oshirganini ta’kidladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, Rossiya qurolli kuchlari hozirda Marinka yo‘nalishidagi kabi «vzvodgacha, ba’zi joylarda esa rotagacha bo‘lgan» hujum guruhlaridan foydalanmoqda. 

Avvalroq Ukraina qurolli kuchlari Donetsk viloyatidagi Lastochkino qishlog‘idan olib chiqib ketilgani haqida xabar berilgandi. 

Avdiyivkaning Rossiya tomonidan qo‘lga olinishi 

Rossiya qo‘shinlari 2023 yil oktyabr oyida Avdiyivkaga hujum boshladi. AQSh razvedkasi dekabr oyida katta yo‘qotishlar haqida xabar berdi.

17 fevral kuni yaqinda Ukraina qurolli kuchlari bosh qo‘mondoni etib tayinlangan Aleksandr Sirskiy va qo‘shinlarning «Tavriya» operativ-strategik guruhi qo‘mondoni Aleksandr Tarnavskiy Ukraina qo‘shinlari Donetsk viloyati Avdiyivka shahridan chiqib ketayotganini ma’lum qildi. Shu kuni Rossiya mudofaa vaziri Sergey Shoygu Rossiya prezidenti Vladimir Putinga shaharning Rossiya qurolli kuchlari tomonidan egallab olingani haqida hisobot berdi.

Kuzatuvchilarning qayd etishicha, Avdiyivkaning qo‘lga olinishi Rossiya qurolli kuchlari uchun Konstantinovka, Kramatorsk va Slavyanskka yo‘l ochadi. Shu bilan birga, Bundesver bosh inspektori, general-leytenant Karsten Breyer 18 fevral kuni Myunxen xavfsizlik konferensiyasi (MSC)da DW nashriga bergan intervyusida Ukraina qurolli kuchlari bosh qo‘mondoni Aleksandr Sirskiyning Avdiyivkadan chiqib ketish qarorini to‘g‘ri deb bilishini, bu askarlar hayotini saqlab qolish uchun kerakligini aytdi. Breyer so‘zlariga ko‘ra, Sirskiyning «rejasi bor» va u «nima istayotganini biladi». 

Mavzuga oid