Jamiyat | 17:03 / 29.02.2024
20565
7 daqiqa o‘qiladi

Maktablarda smartfon ishlatish taqiqlanishi kerakmi? - xorij tajribasi

Maktab o‘quvchilarining smartfon ishlatishi o‘qish samaradorligi tushishiga, bolalarda hissiy buzilishlarga olib kelishi mumkin. Shu sabab ko‘plab davlatlarda maktabda o‘quvchilarning telefon, planshet kabilarni ishlatishi taqiqlangan va taqiqlanyapti. O‘zbekiston maktablarida o‘zi telefon ishlatish mumkinmi?

Foto: Getty Images

Angliya o‘quvchilari uchun smartfonlar taqiqlandi

O‘tgan haftada Angliya hukumati maktablarda mobil telefondan foydalanishni taqiqlash bo‘yicha yo‘riqnoma e’lon qildi. Unga ko‘ra, maktablarda o‘quv kuni mobaynida, tanaffuslar vaqtida ham o‘quvchilarning telefondan foydalanishi mumkin emas.

Buning bilan hukumat o‘quvchilarga xalaqit beruvchi omillarni minimallashtirishni va sinfxonalarda o‘quvchilarning o‘zini tutishini yaxshilashni, onlayn bullingning oldini olishni reja qilgan.

Angliyada ko‘p maktablarda smartfondan foydalanish shundoq ham taqiqlangan, yangi o‘zgarish buni yanada mustahkamlab beradi. Lekin hozircha taqiq qonunga kiritilmagan, qoidalar faqat smartfonlardan foydalanishni cheklashni qanday amalga oshirish kerakligi haqida yo‘riqnoma tarzida ishlab chiqilgan.

Yo‘riqnomada telefonlardan xoli hududni qanday shakllantirish haqida ma’lumotlar beriladi. Unga ko‘ra, bolalar telefonga egalik huquqini saqlab qolishi, ularni yonida olib yurishi mumkin. Lekin bu qat’iy shartlar asosida bo‘lishi kerak. Telefonning borligi bilinmasligi, ko‘rinmasligi, ovozi chiqmasligi kerak.

Hukumat yo‘riqnomani e’lon qilishda yuqori sinf o‘quvchilari o‘rtasida o‘tkazilgan so‘rovnomani ham keltirib o‘tgan. Unga ko‘ra, o‘quvchilarning 29 foizi ko‘p yoki deyarli barcha darsda telefondan foydalanishini bildirgan.

Angliya Maktab va kollej liderlari uyushmasi yo‘riqnomadan ko‘p narsa kutib bo‘lmasligini aytmoqda. Sababi ko‘p maktablar shu paytgacha ham allaqachon smartfonlardan foydalanishni taqiqlab qo‘ygandi.

Smartfonlarni taqiqlagan boshqa davlatlar

Mobil telefonlarni maktablarda taqiqlash an’anasi endi boshlanayotgani yo‘q. Fransiya, Finlandiya, Xitoy, Italiya va Portugaliya kabi davlatlar allaqachon telefonlar maktabdagi o‘quv jarayonlariga yordam bermasligi, aksincha, xalaqit qilishi borasida bir qarorga kelib bo‘lgan.

Masalan, 2021 yilda Xitoyda o‘quvchilarning maktabga telefon olib borishi taqiqlangan. Olib borishsa ham, o‘quv kuni boshlanishidan oldin uni o‘qituvchiga topshirishadi.

Fransiya esa 2018 yildayoq bog‘cha, boshlang‘ich va o‘rta maktablarda smartfonlardan foydalanishni qonunan taqiqlagan.

Yaqinda Fransiyaning bir hududida tajriba tariqasida nafaqat maktablarda, balki jamoat joylarida telefondan foydalanish taqiqlandi.

Parijning janubida joylashgan, aholisi 2 mingdan kamroq bo‘lgan Sent-Porto qishlog‘idagi bu taqiq bilan kattalarga jamoat joylarida, qirg‘oq, do‘kon, kafelarda, bolalarini maktabdan olishga borganda, bolalarga esa ko‘chada ketayotganda telefondan foydalanish taqiqlanadi.

Bu hududda hatto bolalarning uyda telefondan foydalanmasligi bo‘yicha nizom ham ishlab chiqildi. Unga binoan, bolalar uxlashdan oldin, ovqatlanish vaqtida ekranga qaramasliklari kerak. Agar ota-onalar yozma kelishuv imzolashsa, ular 15 yoshdan kichik bolasiga telefon berishni to‘xtatadi. O‘rniga hudud ma’muriyati eski rusumdagi telefonlarni foydalanish uchun tarqatadi.

Shuningdek, 2024 yil 1 yanvardan Niderlandiya maktablarida o‘quvchilarning mobil telefon, planshet va aqlli soatlarda darsga kirishi taqiqlandi. Faqatgina raqamli ko‘nikmalarga bog‘liq darslarda barcha o‘quvchilarga, tibbiy holati sabab ba’zi o‘quvchilarga smartfonlarni ishlatishga ruxsat berilishi mumkin.

AQSh maktablarining asosiy qismida ham faqatgina akademik maqsadlardagina telefondan foydalanishga ruxsat beriladi. Qolgan holatlarda smartfon ishlatish mumkin emas. Janubiy Koreyada ham o‘tgan o‘quv yilidan boshlab o‘quvchilarga sinfxonada telefon ishlatish taqiqlangan.

YuNeSKO ma’lumotlariga ko‘ra, dunyodagi har to‘rt mamlakatdan bittasida maktablarda telefondan foydalanish bo‘yicha aniq belgilangan taqiqlar mavjud. Bu 13 foiz holatda mamlakatdagi qonunlar, 14 foiz holatda esa mobil telefondan foydalanishni taqiqlovchi siyosat ko‘rinishida amalga kiritilgan.

Nega maktablarda smartfonlarni ishlatish kerak emas?

Texnologiyalar hayotimizga qanchalik chuqur kirib kelgan va ishimizni osonlashtirayotgan bo‘lishiga qaramay bolalarning ulardan foydalanishini doimiy nazoratda saqlagan ma’qul.

2023 yili YuNeSKO tashkiloti butun dunyo maktablarida smartfonlardan foydalanishni taqiqlash bo‘yicha chaqiriq bilan chiqqan edi.

YuNeSKOga ko‘ra, telefondan ko‘p foydalanish ta’lim samaradorligi tushishiga sabab bo‘lishi, ekranga ko‘p qarash bolalarning hissiy barqarorligiga salbiy ta’sir qilishi mumkin.

Gadjetlarga xayoli bo‘lingan bola qayta diqqatini jamlashi uchun 20 daqiqa sarflashi kerak bo‘ladi. Bu esa o‘z-o‘zidan bolaning o‘zlashtirishiga ta’sir qiladi.

YuNeSKO bu borada Belgiya, Ispaniya va Buyuk Britaniyada o‘tkazilgan tadqiqotlarni keltiradi. Bu tadqiqotlarda sinfxonalarda telefon ishlatish taqiqlanganda o‘quvchilarning o‘zlashtirishi yaxshilangan. Ayniqsa, o‘zlashtirishda qiyinchilikka duch keladigan o‘quvchilarda natija yaxshiroq bo‘lgan.

Shuningdek, ko‘p vaqt ekranga qarash o‘quvchilarning o‘zlashtirishidan tashqari ularning ijtimoiy munosabatlarga kirishuvchanligiga, ruhiy holatiga salbiy ta’sir qilishi, yoshlarda ruhiy inqirozlarga sabab bo‘lishi mumkin.

O‘zbekiston maktablarida telefon ishlatish mumkinmi?

2012 yilda qabul qilingan “Ta’lim muassasalarida mobil telefonlardan foydalanish tartibi to‘g‘risida”gi qarorga ko‘ra, ta’lim muassasalarida tadbir va o‘quv mashg‘ulotlari boshlanishidan oldin o‘quvchilar telefonini o‘chirib qo‘yishi va uni portfeli, sumkasi va shu kabilarga solib qo‘yishi shart.

O‘quv mashg‘ulotlari vaqtida esa telefon orqali so‘zlashish, SMS (MMS) va boshqa turdagi xabarlarni jo‘natish, telefonni stol ustiga qo‘yish, musiqa tinglash, quloqchin ishlatish va boshqa turli vazifalar uchun ham telefon ishlatish mumkin emas.

Faqatgina zarur holatlardagina o‘quvchiga dars vaqti uydagilari bilan gaplashib olishiga ruxsat beriladi.

Agar o‘quvchi darsda telefon ishlatsa, ularga ogohlantirish berilishi, kundaligiga bu haqida yozilishi (qaror 2012 yilgi, hozir o‘quvchilarga kundalik tutish majburiy emas), ota-onasi maktabga chaqirtirilishi mumkin.

Eslatib o‘tamiz, Toshkent viloyati hokimi Zoyir Mirzayev 27 fevral kuni Chirchiq shahrida maktab direktorlari bilan bo‘lgan uchrashuvda «telefonsiz maktab» tashabbusini ilgari surdi. Hokim telefondan foydalanishdan voz kechgan maktablarga 300 mln so‘m mukofot berilishini ma’lum qildi.

Mavzuga oid