Sport | 20:52 / 29.02.2024
24271
2 daqiqa o‘qiladi

Pogba doping qabul qilgani uchun 4 yilga futboldan diskvalifikatsiya qilindi

«Yuventus» va Fransiya milliy jamoasi yarimhimoyachisi Pol Pogba uzoq muddatga futboldan chetlatildi.

Foto: Getty Images

Italiya antidoping prokuraturasi Pogbani 4 yilga futboldan chetlatish borasida Italiya futbol federatsiyasiga talabnoma jo‘natgach, fransiyalik 30 yoshli futbolchi futboldan 4 yilga diskvalifikatsiya qilindi.

Ko‘p o‘tmay, futbolchi hukm bo‘yicha Sport arbitraj sudiga shikoyat arizasi kiritishini ma’lum qildi.

«Antidoping qo‘mitasining qarori haqida xabar topdim va bu hukmni noto‘g‘ri deb hisoblayman. Juda ham xafaman, shok holatidaman. Barcha erishganlarimni mendan o‘g‘irlangandek his qilyapman. Meni borimdan mahrum qilishdi.

Bu voqeaning barchasi hali ochiqlanadi, ammo men hech qachon ataylab yoki maqsadli ravishda doping qoidalarini buzadigan qo‘shimchalarni qabul qilmaganman.

Professional sportchi sifatida o‘z natijalarimni taqiqlangan moddalar yordamida yaxshilash uchun hattoki urinmaganman. Hech qachon o‘zim o‘ynagan va raqib jamoalarning sportchilari hamda muxlislarga nisbatan hurmatsizlik ko‘rsatmagan yoki ularni aldamaganman.

Bugun e’lon qilingan hukmdan kelib chiqqan holda men Sport arbitraj sudiga shikoyat arizasini kiritaman», - deb yozadi Pogba «instagram»dagi sahifasida.

Eslatib o‘tamiz, 2023 yilning 20 avgust kuni fransiyalik jahon chempionining testosteronga topshirgan doping tahlili musbat natija bergandi. Takroriy testda ham natija bir xil chiqqach, 30 yoshli futbolchi futboldan vaqtinchalik chetlatilgan edi.

Ma’lumot uchun, Pogbaning «Yuventus» bilan amaldagi kelishuvi 2026 yilga qadar imzolangan. U joriy mavsum klubi safida bor yo‘g‘i 2 o‘yinda maydonga tushib, jarohat olgandi.

Mavzuga oid