Jamiyat | 10:22 / 01.03.2024
21284
2 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekiston xalq baxshisi Qalandar baxshi vafot etdi

U ko‘p yillar davomida «Avazxon» folklor etnografik xalq ansambli badiiy rahbari sifatida ishlagandi.

Foto: Videodan kadr

O‘zbekiston xalq baxshisi Qalandar baxshi (Ro‘zimboy Normatov) 73 yoshida vafot etdi. Bu haqda Madaniyat vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.

Xorazm baxshichilik, dostonchilik maktabining yirik namoyandalaridan biri bo‘lgan Ro‘zimboy (Qalandar baxshi) Normatov 1951 yil 15 iyunda Xorazm viloyati Shovot tumanida tavallud topgan. U 1990 yil Toshkent davlat madaniyat institutini tamomlagan.

Qalandar baxshi xalq ijodiyotining an’anaviy xalq termalari, dostonlari, xalfa qo‘shiqlari va masxarabozlik yo‘nalishlarini o‘z ichiga qamrab olgan «Avazxon» folklor etnografik xalq ansambli badiiy rahbari sifatida ko‘p yillar faoliyat yuritgan.

Qalandar baxshi qadimiy dostonlardan «Oshiq G‘arib va Shohsanam», «Tohir va Zuhra», «Oshiq Mahmud», «Sayotxon va Hamro», «Go‘ro‘g‘li» dostonlari turkumiga kiruvchi «Baziryon», «Avazxon», «Xirmondal» kabi qator dostonlarini kuylash bilan birgalikda, bizgacha faqat mazmunlari orqaligina yetib kelgan qadimiy «Yusuf Ahmad» dostoni qayta tiklanib ijro etilishiga munosib hissa qo‘shgan.

2001 yilda baxshichilik sohasidagi mehnatlari uchun «O‘zbekiston xalq baxshisi» unvoni bilan taqdirlangan.

Mavzuga oid