Jahon | 09:00 / 01.03.2024
22494
3 daqiqa o‘qiladi

Qozog‘iston rasman yagona vaqt mintaqasiga o‘tdi

1 martdan boshlab butun Qozog‘istonda yagona vaqt - UTC+5 o‘rnatildi. Endi mamlakat Yevropaga bir soat yaqinroq bo‘ladi. 

Foto: AP

Butun Qozog‘iston bo‘ylab 1 mart, jumaga o‘tar kechasi UTC+5 yagona vaqti rasman o‘rnatildi. Mamlakat hukumati qaroriga ko‘ra, Ostona, Olmaota va Chimkent shaharlarida, shuningdek, Oqmo‘la, Olmaota, Jambil, Qarag‘anda, Qo‘stanay, Pavlodar, Shimoliy Qozog‘iston, Turkiston, Sharqiy Qozog‘iston, Abay, Jyetisu va Ulitau viloyatlarida soat millari bir soat ortga surildi

Ilgari Qozog‘istonda ikkita vaqt zonasi mavjud edi - UTC+5 va UTC+6, hududining katta qismi UTC+6 zonasida joylashgan. Soat o‘zgargandan so‘ng butun Qozog‘iston Yevropaga bir soat yaqinroq bo‘ldi, biroq ayni paytda 1949 yildan buyon yagona vaqt amalda bo‘lgan Xitoydan bir soat uzoqlashdi. 

Qozog‘istonda yagona vaqt mintaqasini olimlar taklif qildi 

2020 yilda Qozog‘istonning yagona vaqt mintaqasiga o‘tishi tashabbuskori Olmaotada joylashgan Vasiliy Fesenkov nomidagi Astrofizika instituti bo‘lgan. Astrofiziklar o‘z takliflarini mamlakatning aksariyat qismi o‘z tabiiy vaqtiga qarab yashamasligi bilan asosladi. 

Hukumatga ko‘ra, UTC+5’ga o‘tish «eng to‘g‘ri va maqbul variant» bo‘lib, unda Qozog‘istonning aksariyat hududlari tabiiy vaqtga eng yaqin vaqtdan foydalanadi. 

Aksariyat aholi yagona vaqt mintaqasi joriy etilishida mantiqni ko‘rmayapti

Qozog‘istonda yagona vaqt mintaqasini joriy etish qarori mamlakat aholisi bir qismining noroziligiga sabab bo‘ldi. Hukumatning rasmiy veb-saytida taklif etilgan 2000 yilda qabul qilingan «Qozog‘iston Respublikasi hududida vaqtni hisoblash tartibi to‘g‘risida»gi qarorga o‘zgartirishlar kiritish loyihasi muhokamasi statistikasi shundan dalolat beradi. 

2023 yil 22 dekabrda boshlangan loyiha uch soatlik onlayn muhokamasida Qozog‘istonning 87 nafar fuqarosi yagona vaqt mintaqasiga o‘tish uchun ovoz berdi, 945 kishi esa qarshi chiqdi. Shu bilan birga, hukumat moderatorlari yana 2000 ga yaqin qozog‘istonliklarning ovozlarini ko‘rib chiqishdan bosh tortdi.

Mavzuga oid