O‘zbekiston | 16:34 / 06.03.2024
7520
3 daqiqa o‘qiladi

“Mushtum” jurnali faoliyati vaqtincha to‘xtatildi

Tahririyat bunga iqtisodiy qiyinchiliklar sabab bo‘lganini bildirgan. 101 yildan beri nashr qilib kelinayotgan jurnal o‘tgan davrda ikki marta – Ikkinchi jahon urushi tufayli 1941−1951 yillarda hamda koronavirus pandemiyasida vaqtincha to‘xtatib turilgan.

“Mushtum” jurnali va uning ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalari faoliyati vaqtincha to‘xtatildi. Bu haqda jurnalning Telegram’dagi rasmiy kanalida e’lon qoldirildi.

E’londa jurnal faoliyatining vaqtincha to‘xtatilishiga iqtisodiy qiyinchiliklar sabab bo‘lgani aytilgan.

1923 yildan buyon nashr qilib kelinayotgan jurnalning faoliyati vaqtincha to‘xtatilgani haqidagi xabar ijtimoiy tarmoqlarda muhokamalarga sabab bo‘lmoqda.

Jumladan, jurnalist Shahnoza Soatova “Mushtum” jurnali davlat muhofazasiga olinishi kerakligi haqida yozdi.

“Yangi nashrlar ochgan yaxshi-yu, biroq eskilarini boy bersak, jadid bobolar g‘oyalariga ehtirom qayda qoladi? “Mushtum” bizning moddiy-nomoddiy qadriyatimiz, Abdulla Qodiriydan meros nashr. Yuz yillik brend desak ham bo‘ladi. Uni davlat muhofazasiga olish kerak. Xuddi shunday “Turkiston”, “O‘zbekiston adabiyoti va san’ati”, “Guliston”, “Yosh kuch” kabi otaxon nashrlarni ham asrab qolish kerak. Yangi nashrlar o‘z tarixini noldan boshlab yangi O‘zbekistonning merosi bo‘lib qolaversin. Eskilarga tegmaylik, asraylik. Chunki tarixda nafaqat “yangi” bo‘lib, balki “buzmagan, asragan va avlodlarga yetkazgan” bo‘lib qolish ham muhim”, deya fikr bildirgan u.

Jurnalist Shuhrat Shokirjonov esa “Mushtum” jurnali yangi tashkil etilgan “Jadid” gazetasi tahririyati qoshida asrab qolinishi kerakligini bildirgan.

“Gazeta.uz”ning yozishicha, jurnal bosh muharriri Nosirjon Toshmatov tahririyatga bergan intervyusida “Mushtum” ikki marta – Ikkinchi jahon urushi tufayli 1941−1951 yillarda hamda koronavirus pandemiyasida, iqtisodiy qiyinchiliklar sababli vaqtincha to‘xtatib turilganini ma’lum qilgan. Oradan bir yil o‘tib, 2021 yildan esa jurnal yana chiqa boshlagan.

Ma’lumot uchun, “Mushtum” jurnaliga 1923 yilning 18 fevralida Abdulla Qodiriy va G‘ozi Yunus tomonidan asos solingan.

Mavzuga oid