Jahon | 12:21 / 09.03.2024
6400
2 daqiqa o‘qiladi

AQSh «Vagner» bilan bog‘liq kompaniyalarga qarshi sanksiyalar kiritdi

«Broker Ekspert» va Markaziy Afrika Respublikasida ro‘yxatdan o‘tgan Bois Rouge SARLU kompaniyalari sanksiyalar ro‘yxatiga kiritilgan.

Foto: AP

AQSh sanksiyalar ro‘yxatiga Rossiyaning «Broker Ekspert» kompaniyasi va Markaziy Afrika Respublikasida ro‘yxatdan o‘tgan Bois Rouge SARLU’ni qo‘shdi, ular «Vagner» XHK bilan aloqador bo‘lishi mumkin. Bu haqda 8 mart, juma kuni mamlakat Moliya vazirligi ma’lum qildi. Vazirlik ma’lumotlariga ko‘ra, ikkala tashkilot ham Markaziy Afrika Respublikasida «Rossiyaning zararli faoliyati»ga hissa qo‘shgan. 

«Qo‘shma Shtatlar Rossiyaning Afrikadagi noqonuniy va beqarorlashtiruvchi faoliyatini ta’minlovchi tarmoqlarni buzishga e’tibor qaratmoqda», - dedi moliya vazirining terrorizm va moliyaviy razvedka masalalari bo‘yicha o‘rinbosari Brayan Nelson. 

«Broker Ekspert» kompaniyasi, Amerika tomoniga ko‘ra, Yevgeniy Prigojin bilan aloqador bo‘lgan Markaziy Afrika Respublikasi va Sudandagi kompaniyalarga mahsulot yetkazib bergan. Bois Rouge SARLU «Vagner» XHK mahalliy hokimiyat organlariga ko‘rsatgan xizmatlari evaziga tabiiy resurslarni qazib olish sohasida davlat mulki bo‘yicha ishlash uchun MAR hokimiyati bilan shartnoma tuzdi. 

«Vagner» XHKning MARdagi faoliyati 

«Vagner» yollanma askarlari 2018 yil 31 martdan beri Markaziy Afrika Respublikasida. Dastlab ular mamlakat prezidenti Fosten-Arshanj Tuader rejimini isyonchilardan himoya qilgan. Mahalliy muxolifat «rossiyaliklar mamlakatni egallab olgan» deb da’vo qiladi. 

2018 yil iyul oyida Markaziy Afrika Respublikasida «vagnerchilar» faoliyati haqida surishtiruv filmini suratga olish uchun borgan uch nafar rossiyalik mustaqil jurnalist o‘ldirildi. Keyinchalik «Dose» markazi surishtiruvchilari jurnalistlarning o‘ldirilishini «Vagner» XHK bilan bog‘ladi.

Mavzuga oid