O‘zbekiston | 15:07 / 09.03.2024
12330
13 daqiqa o‘qiladi

Markaziy Osiyodagi ko‘hna havo qo‘nalg‘asi – Toshkent aeroporti tarixi

Toshkent aeroporti yo‘lovchi o‘tkazish bo‘yicha Markaziy Osiyoda Ostona va Olmaota aeroportlaridan so‘ng uchinchi o‘rinda turadi. O‘zbekistonda ko‘plab aviakompaniyalar tashkil etildi, ko‘plab xorijiy davlatlar aviakompaniyalariga mamlakatimizga parvoz qilishga ruxsat berilyapti. Shu sababli yaqin kelajakda Toshkent aeroporti yo‘lovchi o‘tkazish bo‘yicha mintaqada birinchi o‘ringa chiqishi taxmin qilinmoqda.

Foto: Transport vazirligi

O‘zbekiston fuqaro aviatsiyasi tarixi 1921 yildan boshlanadi. O‘shanda Ashxobod-Kerki-Termiz yo‘nalishida ilk bor yo‘lovchi samolyoti parvoz qiladi. Ko‘p o‘tmay Toshkentda aerodrom qurish harakatlari boshlanadi.

1923 yil mart oyida “Dobrolet” ixtiyoriy havo flotining Butunrossiya jamiyati tashkil etiladi. O‘sha yili avgust oyida jamiyatning O‘rta Osiyo bo‘limi tuziladi va O‘zbekistonda fuqaro aviatsiyasini yo‘lga qo‘yish ishlari boshlanadi.

Yirik shaharlar orasida havo qatnovlarini yo‘lga qo‘yish imkoniyatlari o‘rganilib, aerodromlar tashkil etish uchun joy tanlash va uchish-qo‘nish yo‘laklarini tashkil etish uchun ishlar boshlanadi.

O‘sha paytda juda katta hududda joylashgan Markaziy Osiyo respublikalarining turli shaharlari faqat temiryo‘l tarmog‘i orqali bog‘langan, avtomobil yo‘llari tarmog‘i yo‘q edi.

Fuqaro aviatsiyasi eng avvalo rahbarlar uchun zarur edi. Chunki Toshkentdan Samarqand, Buxoro, Ashxobod yoki Olmaotaga mashina qatnovi yo‘q, ot yoki tuyada oylab, temiryo‘l orqali haftalab yo‘l bosish kerak bo‘lardi.

Qolaversa, hali joylarda sovet hokimiyati o‘rnatilmagani uchun respublika rahbarlarining karvon bilan otda yurishi yoki uzoq hududlarga poyezdda ketishi birmuncha xavfli edi. Ana shular inobatga olinib Toshkentda aerodrom qurish ishlari boshlanadi.

1923 yilning yozida Moskvadan yuborilgan mutaxassislar tomonidan Toshkent aerodromining asosiy va zaxira maydonlarini qurish ishlari boshlanadi.

Toshkentdagi aerodrom, 1920-yillar ikkinchi yarmi

Shu bilan birga harbiy havo kuchlarida xizmat qilib kelayotgan ba’zi uchuvchilar va aviatsiya mutaxassislari “Dobrolet”ga o‘tkaziladi. So‘ng dastlabki oltita “Yunkers” Toshkent aviatsiya otryadiga topshiriladi.

1924 yil 3-12 may kunlari Toshkent-Pishpek-Olmaota yo‘nalishi bo‘yicha avval sinov parvozi o‘tkaziladi. Keyin esa yo‘lovchi tashish parvozlari amalga oshiriladi.

Shu tariqa 12 may O‘zbekistonda fuqaro aviatsiyasining boshlanishi sifatida tarixda qoladi. Ko‘p o‘tmay Toshkent-Buxoro-Xiva-To‘rtko‘l, Toshkent-Buxoro-Qarshi-Termiz qatnovlari ham ochiladi.

O‘sha paytda O‘zbekistonning poytaxti Buxoro shahrida bo‘lgani uchun “Dobrolet”ning asosiy bazasi shu shaharda joylashgandi.

Kichik aerodromda “Sovpich” va “Farman”, shuningdek xorijda ishlab chiqarilgan bir qancha samolyotlar bor edi. Uchuvchilar juda og‘ir sharoitlarda ishlashardi.

1924 yilning sentabr oyida Kogon-Toshhovuz-Xiva yo‘nalishi bo‘yicha samolyotlarning doimiy parvozi yo‘lga qo‘yiladi. Yil oxirigacha O‘zbekistondagi barcha avialiniyalar orqali mingga yaqin yo‘lovchi, 200 km pochta va 5 tonna yuk tashiladi.

1924 yilda Buxoro aerodromida samolyotlarni ta’mirlaydigan dastlabki ustaxona ochiladi. 1925 yilda parvozlar soni yanada ko‘payadi va yo‘lovchi va yuk tashish hajmi ham oshadi.

Bu paytga kelib Toshkentdagi aerodrom ham ishlay boshlagandi. U hozirgi aeroportning chap tomonida joylashgan edi.

Toshkent aeroporti, 1930 yil

1930 yilga kelib yo‘lovchi samolyotlari ancha takomillashgan, ularning yo‘lovchi tashish va yuk ortib yurish imkoniyatlari oshgan edi. Shuningdek, biroz mukammallashgan samolyotlar uzoq masofalarga parvoz qila boshlagandi.

O‘zbekiston aviatsiya boshqarmasining eng yaxshi uchuvchilari va aviatsiya mutaxassislari PS-90, PS-40 va Po-2 (U-2) samolyotlarida yo‘lovchilar va yuklarni ommaviy tashishni boshlaydi.

Yangi yo‘nalishlar ochiladi, yo‘lovchilar soni ko‘payadi, xizmat ko‘rsatish uchun yangi Li-2, Il-12, Il-14 va qishloq xo‘jaligi An-2 samolyotlari olib kelinadi.

Samolyotlar Toshkentdan Dushanbe, Toshhovuz, Pishpek va Olmaotadan tashqari respublikaning barcha viloyat markazlariga va yirik shaharlariga ucha boshlaydi.

Toshkent va Moskva o‘rtasidagi ilk parvoz ham shu yili amalga oshiriladi. 1930 yil 8 avgust kuni Moskvadan uchgan samolyot Toshkentga kelib qo‘nadi. Bu parvoz Xarkov shahrida ishlab chiqarilgan K-4 samolyotida amalga oshiriladi. Masofa uzoqligi uchun K-4 bir nechta shaharlarga qo‘nib o‘tadi.

Ko‘p o‘tmay Toshkent aerodromidan birinchi xalqaro qatnov Afg‘oniston poytaxti Qobul shahriga amalga oshiriladi.

1931 yilda Toshkentda birinchi o‘zbek uchuvchisi Abdusamat Taymetov uchuvchilar tayyorlash maktabini ochadi. Oradan 2-3 yil o‘tgach uning birinchi o‘quvchilari Moskva, Chorjo‘y, Dushanbe va O‘sh shaharlariga parvoz qila boshlashadi. Taymetovning shogirdlari orasida ikki nafar qiz Bashorat Mirboboyeva va Oqila Ulayeva ham bo‘lgan.

Abdusamat Taymetov

1932 yilda Toshkentda Fuqaro aviatsiyasining O‘rta Osiyo boshqarmasi tashkil etiladi. Shundan so‘ng Toshkent aerodromi kengaytirilib, unga xalqaro aeroport maqomi beriladi. 1932 yil Toshkent aeroporti tashkil etilgan yil sifatida tarixda qoladi.

1940 yilga kelib odam tashish ko‘rsatkichi ancha oshgan, Toshkentdan Markaziy Osiyo shaharlariga doimiy parvozlar yo‘lga qo‘yilib bo‘lgan edi.

1941 yil yozda nemislar SSSRga hujum qilgach mamlakat g‘arbidagi ko‘plab zavod va fabrikalar O‘zbekistonga ko‘chirila boshlanadi. Ular orasida Moskva viloyatida joylashgan Ximki shaharchasidagi aviatsiya zavodi ham bor edi.

Toshkentdagi aviatsiya ishlab chiqarish birlashmasi tashkil etilgach, unga V.Chkalov nomi beriladi va bu yerda front uchun harbiy samolyotlar ishlab chiqarila boshlanadi.

O‘sha paytda Fuqaro aviatsiyasi O‘rta Osiyo boshqarmasining aksariyat uchuvchilari frontga jalb qilinadi. Faqat zarur qatnovlarda xizmat qilayotgan uchuvchilar olib qolinadi.

Frontga jalb qilinganlar orasida Abdusamat Taymetov ham bor edi. 1945 yilda Germaniyaning so‘zsiz taslim bo‘lgani haqidagi aktni aynan u Berlindan Moskvaga yetkazib kelgan edi.

1943 yilda urushda tub burilish bo‘lib, nemislar chekina boshlagach Toshkentdagi aviatsiya zavodiga fuqaro aviatsiyasi uchun samolyot tayyorlash ham yo‘lga qo‘yiladi.

Toshkentdagi aviatsiya zavodida front uchun samolyot.

Urushdan so‘ng

1946 yilda SSSRda ancha zamonaviy hisoblangan An-12 samolyoti ishlab chiqariladi. Bu samolyot 4 ming ot kuchiga ega bo‘lgan to‘rtta dvigatel bilan jihozlangan bo‘lib, u soatiga 600 km tezlikda ucha olardi.

1946 yilda ana shu An-12 samolyoti ilk marta 2 820 km uzunlikda bo‘lgan Moskva-Toshkent yo‘nalishida to‘xtamasdan uchib borishga muvaffaq bo‘ladi. 1947 yilda An-12 samolyotlaridan Toshkentdagi boshqarmaga ham beriladi va ular yo‘lovchi tashiy boshlaydi.

1950-yillarda Toshkentdagi aviatsiya zavodida ancha zamonaviy bo‘lgan Il-14 samolyotlari ishlab chiqariladi. Bu samolyot xorijiy qatnovlarga ham qo‘yiladi. Shundan so‘ng Toshkent aeroporti O‘rta Osiyodagi asosiy xabga aylanadi.

Moskvadan Janubiy-Sharqiy Osiyoga uchayotgan samolyotlar Toshkentda qo‘nib o‘tardi. Shuningdek, Afg‘oniston, Pokiston, Hindiston, Viyetnam, Laos kabi davlatlarga parvozlar boshlanadi.

O‘zbekistonda fuqaro aviatsiyasi rivojlanib borar ekan, 1950-yillar boshida Samarqandda ham alohida aviatsiya o‘quv-mashq otryadi tashkil etiladi.

Keyinroq esa O‘zbekiston fuqaro aviatsiyasi boshqarmasi tarkibida Toshkent aviaotryadidan so‘ng ikkinchi bo‘lib Samarqand aviaotryadi ham tashkil etiladi. Shundan so‘ng ko‘hna shahardan ham sobiq ittifoqning ko‘plab shaharlariga doimiy qatnovlar yo‘lga qo‘yiladi.

1950-yillardan boshlab fuqaro aviatsiyasi yangi bosqichga ko‘tariladi. Turboreaktiv dvigatellar bilan jihozlangan Tu-104 va parrakli Il-18 samolyotlari keltiriladi hamda ularga texnik xizmat ko‘rsatish joriy qilinadi.

Toshkent aeroporti, 1960-yillar.

Toshkent aeroporti zaxirasida birinchi vertolyotlar Mi-1, Mi-4 va Ka-26 paydo bo‘ladi.

1958 yilda Toshkent aeroporti 1-sinfga kiruvchi xalqaro aeroport maqomini oladi. Oradan 2 yil o‘tgach O‘zbekiston fuqaro aviatsiya boshqarmasi yanada zamonaviy bo‘lgan Il-18 samolyotlaridan foydalana boshlaydi.

1960-yillarda fuqaro aviatsiyasi O‘zbekiston boshqarmasiga An-24, Yak-40, Il-62, Tu-134, Tu-154 va boshqa samolyotlar beriladi. Ularga xizmat ko‘rsatish joriy qilinadi.

Natijada Toshkent aeroportidan Leningrad (hozirgi Sankt-Peterburg), Novosibirsk, Sverdlovsk (hozirgi Yekaterinburg), Chelyabinsk va Simferopolga, shuningdek Boltiqbo‘yi respublikalariga, Kavkazga hamda Uzoq Sharqdagi shaharlarga to‘g‘ridan to‘g‘ri qatnovlar yo‘lga qo‘yiladi.

1965 yilda Toshkentda An-22 nomli samolyotni ishlab chiqarish boshlanadi. Bu samolyotning uzunligi 58 metr, qanotlarining uzunligi 64 metr bo‘lib, unga har biri 12 ming ot kuchi bo‘lgan to‘rtta dvigatel o‘rnatilgan edi.

Samolyot ana shu dvigatellar yordamida 60 tonna yukni 5 500 km masofaga to‘xtamasdan uchib yetkazib bora olardi.

Aytgancha, SSSRda ishlab chiqarilgan ilk tovushdan tez uchuvchi Tu-144 samolyotining dastlabki rasmiy qatnovi Moskva-Toshkent-Moskva yo‘nalishida amalga oshirilgandi.

Tovushdan tez uchuvchi Tu-144 samolyoti Toshkent aeroportida. 1970-yillar boshlari.

Bu samolyot tovushdan tez uchgani uchun uning qo‘nishi uchun uzun uchish-qo‘nish yo‘lagi kerak bo‘lardi. Toshkent aeroporti bu talablarga javob berardi.

O‘shanda Tu-144 soatiga 2 500 km tezlikda parvoz qilib, Moskva va Toshkent orasidagi masofani 1 soat 50 minutda uchib o‘tgandi.

Afsuski dvigatellarining texnik jihatdan mukammal emasligi tufayli Tu-144 samolyotlarining parvozi tez orada to‘xtatiladi. Qolaversa, SSSRdagi juda ko‘plab aeroportlarning uchish-qo‘nish yo‘lagi qisqa edi va Tu-144 lar qo‘na olmasdi.

1970-yillarda Toshkentdagi aviatsiya birlashmasi Il-76 transport samolyotlarini ishlab chiqara boshlaydi va Toshkent aeroporti bu turdagi samolyotlar uchun asosiy baza bo‘lib qoladi.

1970-1980-yillarda O‘zbekistonda fuqaro aviatsiyasi jadal rivojlanishda davom etadi. Respublikada bir nechta yuqori samarali navigatsiya vositalari va aloqa vositalari bilan jihozlangan yirik aeroport va majmualar quriladi.

Jumladan, Toshkent aeroportining yangi binosi (u hozir ham xizmat ko‘rsatishda davom etmoqda) o‘sha yillarda quriladi.

Shuningdek, Toshkent aeroporti xodimlari va mutaxassislar Moskvadan so‘ng ikkinchi bo‘lib keng fyuzelyajli Il-86 yo‘lovchi tashish samolyotini yerdan boshqarishni o‘zlashtiradi.

Toshkent aeroportining hozirgi binosi 1970-1980-yillarda qurilgan

Mustaqillikdan so‘ng

1991 yilda O‘zbekiston mustaqil bo‘lgach, oradan besh oy o‘tib, 1992 yil 28 yanvarda “O‘zbekiston havo yo‘llari” milliy aviakompaniyasi tashkil etiladi.

Mustaqillikdan keyin ilk xalqaro qatnov (sobiq ittifoq respublikalaridan tashqari) 1992 yilda Il-62 samolyoti bilan Londonga amalga oshiriladi.

Shundan so‘ng Yevropa va Amerikada ishlab chiqariladigan Airbus va Boeing samolyotlari ham xarid qilinadi. Ilk Airbus A-310 1993 yilda, birinchi Boeing 1996 yilda xarid qilinadi.

Ko‘p o‘tmay Airbus va Boeing samolyotlarini boshqarish uchun mutaxassislar tayyorlana boshlanadi. Bundan tashqari, bu ikki turdagi samolyotlarga texnik xizmat ko‘rsatish tashkil etiladi.

Bugun Toshkent aeroportidan dunyoning ko‘plab shaharlariga parvozlar amalga oshiriladi. Shuningdek, aeroport mutaxassislari charter reyslarni hisobga olgan holda, Osiyo va Yevropa mamlakatlariga parvozlarni amalga oshiruvchi samolyotlarga xizmat ko‘rsatadi.

Jahon amaliyotida birinchi marta respublika hududidan tashqarida havo kemalarini avariyasiz ishlatish va texnik xizmat ko‘rsatish tizimi yo‘lga qo‘yiladi.

Toshkent aeroportining hozirgi ko‘rinishi. Foto: Transport vazirligi

1990-yillarning o‘rtalaridan boshlab xorijiy kompaniyalar bilan hamkorlikda Toshkent aeroportida ta’mirlash ishlari olib boriladi. Bunda uchish-qo‘nish yo‘laklari ta’mirlanadi.

Shuningdek, aeroportga “Simens” kompaniyasi tomonidan ishlab chiqarilgan eng yangi yorug‘lik signalli qo‘nish tizimi o‘rnatiladi. Buning natijasida aeroport ikkinchi IKAO toifasini oladi.

Bundan bir necha yillar avval Toshkent aeroportida yangi terminal quriladi. Toshkent-3 nomi berilgan bu terminal asosan mahalliy qatnovlar uchun xizmat qiladi.

2023 yil kuzda Toshkent aeroportini rekonstruksiya qilish ishlari boshlandi. Ishlar 2025 yilning oxirigacha davom etishi va aeroport butunlay yangi qiyofaga keltirilishi aytildi.

Ma’lumot uchun, 2023 yilning birinchi yarmida Toshkent aeroportida yo‘lovchi o‘tkazish qariyb 40 foizga oshgan va 3 million kishini tashkil etgandi.

G‘ayrat Yo‘ldosh tayyorladi.

Mavzuga oid