Iqtisodiyot | 15:35 / 11.03.2024
10023
2 daqiqa o‘qiladi

OIIB O‘zbekistonga moliyaviy va texnik ko‘mak hajmini oshirishni rejalashtirmoqda

Samarqand 25-26 sentabr kunlari Osiyo infratuzilmaviy investitsiyalar banki boshqaruv kengashining yillik yig‘ilishini o‘tkazishga tayyorgarlik ko‘rmoqda.

Foto: Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi

O‘zbekiston investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri Laziz Qudratov Osiyo infratuzilmaviy investitsiyalar banki (OIIB) vitse-prezidenti Lyudger Shuknext bilan uchrashuv o‘tkazdi.

Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi ma’lumotiga ko‘ra, cuhbat chog‘ida prezident Shavkat Mirziyoyevning shu yilning yanvar oyida OIIB bosh qarorgohiga tashrifidan so‘ng sezilarli darajada faollashgan OIIB va O‘zbekiston o‘rtasidagi ikki tomonlama munosabatlarning rivojlanish dinamikasi qayd etildi.

Tashrif yakunlari bo‘yicha 2024-2026 yillarda O‘zbekiston va OIIB o‘rtasida umumiy qiymati 2,5 milliard dollarlik qo‘shma loyihalarni moliyalashtirish bo‘yicha hamkorlik dasturi hamda OIIB boshqaruv kengashining yillik yig‘ilishini 2024 yil 25-26 sentabr kunlari Samarqand shahrida o‘tkazish to‘g‘risidagi memorandum imzolandi.

Tomonlar loyihalarning amalga oshirilishi, shuningdek, 2024-2026 yillarga mo‘ljallangan hamkorlik dasturiga kiritilgan energetika, qishloq xo‘jaligi, transport, sog‘liqni saqlash va suv ta’minoti sohalarida yangi tashabbuslarni birgalikda hayotga tatbiq qilish istiqbollarini ko‘rib chiqdi.

OIIB boshqaruvchilar kengashining 2024 yilda Samarqand shahrida o‘tkaziladigan 9 yillik yig‘ilishiga tayyorgarlik ko‘rish masalalari alohida muhokama qilindi. Turli mamlakatlarda road-shou va taqdimotlar tashkil etish, tadbirning tashkiliy va mazmuniga doir masalalari bo‘yicha qo‘shma "Yo‘l xaritasi"ni ishlab chiqish rejalashtirildi.

Uchrashuv yakunlari bo‘yicha hamkorlik ko‘lamini kengaytirish, xususan, moliyaviy va texnik ko‘mak hajmini oshirish bo‘yicha chora-tadbirlar ko‘rishga o‘zaro tayyorlik bildirildi, muhokama qilingan loyihalar va tashabbuslarni o‘z vaqtida amalga oshirish doirasida kelgusida faol hamkorlik qilish yo‘llari ishlab chiqildi.

Mavzuga oid