Nissan nega O‘zbekistonga kirmagan? Kompaniyaning o‘zbek menejyeri bilan suhbat
Kun.uz xorijdagi vatandoshlar bilan suhbatlarini davom ettiradi. Navbatdagi qahramonimiz – 14 yildan beri Yaponiyada yashab, Nissan'da faoliyat yuritayotgan moliya menejyeri Ashrafbek Olimov. U suhbat davomida Yaponiyadagi faoliyati, yirik kompaniyalarning o‘z xodimlariga munosabati va jahonda elektromobillar sohasida kechayotgan raqobat haqida so‘zlab berdi.
Ashrafbek Olimov 1980 yil Buxoro viloyati Shofirkon tumanida tug‘ilgan. Toshkent Davlat iqtisodiyot universitetini tugatib, Soliq qo‘mitasida 8 yil faoliyat yuritgan va 2010 yilda Jahon bankining “Public policy and taxation” granti asosida birinchi marta Yaponiyaga 2 yillik magistratura uchun ketadi.
2 yillik magistratura 3 yillik doktoranturaga ulanib, 2015 yilda xalqaro moliya bo‘yicha doktorlik unvonini olgan va Yaponiya korporatsiyalarida ishlashni boshlagan. 2017 yildan beri Nissan Motor kompaniyasida faoliyat yuritib keladi, ayni paytdagi lavozimi – katta moliyaviy menejyer.
Ashrafbek Olimov turmush o‘rtog‘i va 3 nafar o‘g‘li bilan Yaponiya poytaxti Tokioda istiqomat qiladi. Katta farzandi 20 yoshda, u Tokio metropolitan universitetida ikkinchi kurs talabasi, ayti sohasida. O‘rtancha va kenja farzandlari xususiy maktabda o‘qiydi.
“Nissan'da moliyaviy tahlil bilan shug‘ullanaman”
— Hozir xalqaro hamkorliklarni moliyalashtirish bosh boshqarmasida bosh menejyer lavozimida ishlayman, – deydi suhbatdoshimiz. – Boshqarma qiladigan asosiy ishi – Nissan'ning dunyodagi barcha hamkorliklarini moliyalashtirish, avval moliyalashtirilgan loyihalarni tahlil qilish, monitoringini olib borish va istiqbolli proyektlarni tahlil qilib, qaror qabul qilish bilan shug‘ullanadi.
Qilayotgan ishimni uchga bo‘lsa bo‘ladi. Birinchisi, allaqachon boshlangan proyektlar monitoringi. 30 dan ortiq mamlakatda Nissan Motor kompaniyasining zavodlari va savdo kompaniyalari orqali to‘g‘ridan to‘g‘ri faoliyat yuritamiz. 150 ga yaqin davlatda avtomobillarimiz sotiladi. Nissan Motor kompaniyasining bozor kapitalizatsiyasi hozirgi paytda 15-20 mlrd dollar o‘rtasida. 2018 yilgacha yiliga 5 million va undan ko‘proq avtomobil sotardik, hozir esa 3,5 million. Covid-19ʼdan keyin sekin-asta qaytish bo‘lyapti – bir yilda 3,5 mln atrofida avtomobil sotamiz.
Mana shu barcha ishlab chiqarilayotgan avtomobillar Nissanʼni judayam ko‘p kompaniyalar bilan hamkorlik qilishga undaydi. Mana shu hamkorliklarni moliyalashtirish kerak bo‘ladi. Allaqachon 100 dan ortiq strategik hamkorlarimiz, alyansdagi korxonalar bilan hamkorliklarimiz bor. Bularning barchasini moliyalashtirish chuqur moliyaviy tahlil kerak bo‘ladi. Resurslar har doim cheklangan, kompaniyada esa cheksiz imkoniyatlar yo‘q. Cheklangan resurslar bilan eng optimal proyektlarni moliyalashtirish kerak. Masalan, shu boshlanishida 500 millionlik loyihani tahlil qilib, har xil juda katta matritsalar ishlatiladi, barcha geosiyosiy holatlar, logistika va boshqa har bitta elementlari inobatga olinib, moliyaviy modellashtirish olib boriladi. Shular asosida qaror qabul qilamiz, moliyalashtirish kerak yoki kerak emas degan.
Nissan xodimlarini “erkalatadi”
— Nissan xodimlarga sharoit yaratib berish borasida nafaqat Yaponiyada, balki dunyodagi eng yaxshi kompaniyalardan biri deb bilaman. Birinchi ishga kelgan kunimdan, nima sharoit kerak sizga, nima qilishimiz kerak, deb so‘rashgan. “Ortiqcha sharoit kerak emas, faqat musulmonchilik yuzasidan ish vaqtida namoz o‘qishimga to‘g‘ri kelishi mumkin”, deganman. Shundan keyin alohida namoz o‘qiygan xona ajratib berishgan, kirsam joynamoz qo‘yib, yana qiblaning qayerdaligini ko‘rsatib qo‘yishgani judayam hayron qoldirgan. Juma namoziga borishim uchun 3 soat vaqt ajratib berishdi, bemalol chiqib borib kelishim uchun.
Ular kadrlarni shunaqa “erkalatishadi”, bundan maqsad – kadrlarning salohiyatidan maksimal ravishda foydalanish. Buning uchun ularni rag‘batlantirib, ko‘ngliga qarab, “diversity” deydi, har xil davlatlardan, turli madaniyatlardan kelgan kadrlarga eng yaxshi sharoitlarni yaratib berib, foydalanishga harakat qilishadi.
Yaxshi tomonlaridan yana biri – Nissan ofisida katta restoran bor, qiynalyapman deganimda, alohida halol menyu qilib qo‘yishdi. Bu alohida musulmon xodimlar uchun. Shunaqa tomonlari judayam odamni rag‘batlantiradi, keyin, albatta, jon berib ishlashga tayyor bo‘lasiz.
Oylik masalasida, Yaponiyada narx-navolar umuman boshqacha. Oilaviy bo‘lib yashasangiz, uylar ijarasi 2000 dollar atrofida. Shu tomonidan kelib chiqqan holda beradigan maoshi Yaponiyada uch farzandim, oilam bilan yashab, sayohatlar qilib, yilda bir marta vatanga borib kelish va farzandlarimni xususiy maktabda o‘qitishga yetib turibdi.
“Nissan orzumdagi kompaniya edi”
— Nissan kompaniyasiga kirishimda unaqa balki kitoblarda yoziladigan olamshumul sabablar yo‘q. Doktorlik ishim xalqaro kompaniyalarning har xil talab va taklif shoklariga bo‘ladigan javobi va ular bularga qay darajada tayyor turish kerak degan tahlil bo‘lgan. 2 mingdan ortiq yapon kompaniyasining moliyaviy natijalaridan foydalanib, empirik analiz qilingan. Shundan boshlangan katta korporatsiyalarga qiziqishim. Darvoqe, O‘zbekiston Soliq qo‘mitasida ishlagan paytimda ham qo‘shma korxonalarni nazorat qilish va tekshirish yuridik bo‘limida ishlaganman. O‘shanda katta korxonalarga qiziqish bor edi.
Doktoranturadan keyin birinchi kirgan kompaniyam Yaponiyadagi advokatura edi, moliya bo‘yicha ishlaganman. Nissan orzumdagi kompaniya edi, yoshligimdan avtomobillarga qiziqishim bois shu kompaniyaga o‘tishga qaror qilganman.
Nissanʼga ishga kirishim dunyodagi bir o‘zgarish paytiga to‘g‘ri kelib qolgan, ya’ni dunyoda shu paytgacha mutlaq ishlatilgan ichki yoqilg‘i dvigatellari bilan yuradigan avtomobillar sekin-asta elektromobillarga almashayotgan paytda. Bu narsaga o‘zim judayam qiziqardim. Hozir ko‘rilayotgan o‘nta taklifdan sakkiztasi elektromobillar bilan bog‘liq. O‘zimga qiziq bo‘lgani sababli tanlaganman va kompaniya rag‘batlantirib turgani uchun 7 yil davomida ishlab kelyapman.
Elektromobillar: Xitoy Rossiyaning toza nikelidan foydalanmoqda
Elektromobilning o‘zagi – batareya. Elektromobil batareyalari asosan 2 turga bo‘linadi. Birinchisi, NCM, ikkinchisi LFP batareyalari. NCM – nikel, kobalt, magniy, LFP – litiy, temir va fosfordan iborat.
Bu battareyalarni ishlab chiqarish atmosferaga judayam ko‘p chiqindi chiqarishni talab qiladi. Bu narsalarni Xitoy o‘zida chiqarishni boshlaganida hamma xursand bo‘lgan edi, asosan chiqindi chiqadigan narsalarni Xitoyda chiqarib olamiz deb. Hozirga kelib tushunishdiki, bu batareyalarni ishlab chiqarishda ustunlikni berib qo‘yishyapti.
Ko‘p joylarda aytilmaydigan ma’lumotni beraman. NCM batareyalarining LFP batareyalaridan farqi – tezroq zaryad oladi, uzoq yo‘lga boradi. 300-500 km masofaga boradigan elekromobillarning hammasi NCM batareyalaridan foydalanadi. LFP batareyalarining xizmat qilish sikli ko‘proq, ammo bitta quvvatlantirishda uzoqqa borish masofasi ko‘p emas. NCM batareyasini NCM-721 deydi, bu nikel – 70 foiz, kobalt – 20 foiz va magniy 10 foiz foydalanilgan degani. Ishlatiladigan nikelning eng tozasini qazib olish 3000 dollarga tushsa, uni qayta ishlash 1000 dollarga aylanadi va narxi 4000 dollarga boradi. Shunaqa nikel borki, judayam toza emas, asosan Indoneziyadan chiqadi. Qazib olish 2000 dollar, qayta ishlash 5000-6000 dollarga boradi. Ana shu nikelning eng tozasini Rossiya ishlab chiqaradi. Hozirgi bo‘layotgan geosiyosiy o‘zgarishlar zamirida shunday narsalar borki, batereya ishlab chiqaruvchilar nikelni Rossiyadan sotib olishga majbur. Xitoyning Rossiya bilan aloqalari juda yaxshi, ya’ni resurs tomonidan Xitoyning ustunliklari bor.
Xitoyning maxsus strategiyasi
Nissan elektromobillar borasida Xitoy kompaniyalari bilan qanaqa raqobat qilmoqchi degan savolga kelsak, bir jo‘nroq misol bilan tushuntiraman. Ham elektromobil, ham ichki yonuv dvigatelli avtomobillar ishlab chiqaradigan Nissan, Volkswagen kabi kompaniyalar hamda Xitoy kompaniyalarini xuddi daryodan kechib o‘tayotgan uzun karvon va yagona otga qiyoslash mumkin. Nissan kabi kompaniyalarning orqasida juda katta bagaji bor: yillar davomida bizda ichki yonuv dvigatellari borasida minglab injyenerlar ishladi, hammasini ishdan bo‘shatib boshqatdan elektromobil ishlab chiqarish injyenerlarini ishga olish deyarli imkonsiz. Yaponiya yoki boshqa G‘arb davlatlarida ish o‘rinlari qonun bilan muhofaza qilingan, osonlikcha ularni ishdan bo‘shatib yuborishning iloji yo‘q. Shu jihatdan, yaponlarda bir gap bor: kutib turib, eng yaxshi payti kelganda o‘tib olish.
Xitoy narxni tushiryapti, sifatni oshiryapti degan masalaga kelsak, bu Xitoyning maxsus strategiyasi hisoblanadi, o‘yinda g‘olib bo‘lish uchun kompaniyalarga katta katta subsidiyalar berib, ularni rag‘batlantirib, bozorda o‘z o‘rnini topib olguncha ko‘tarib qo‘yish maqsadida qilinayotgan ishlar.
Yaponiya va G‘arb davlatlari, Amerika ham bu harakatni boshladi. Amerikada hozir “IRA” (Inflation reduction act) degan qonunchilik prezident Bayden vaqtida joriy etildi. Sekin-asta ular ham bozorni o‘ziga kerakli tomonga o‘zgartirishga harakat qilyapti.
Nissan nega O‘zbekistonga kirmagan?
— O‘zbekiston – jozibali bozor, O‘rta Osiyoning markazida joylashgan, avtomobil habi bo‘la oladigan davlat. Ammo hamkorlik va sarmoya qilishning o‘ziga yarasha bosqichlari bor. Yapon kompaniyalari bitta ham mashina sotilmagan davlatga borib, to‘g‘ridan to‘g‘ri zavod ochish yoki katta investitsiya qilishga cho‘chiydi. Shuning uchun avval bozorni paypaslab ko‘rib, sotiladigan avtomobillarni yuborib, sotuv bir yilda 10 mingtaga yaqinlashsa, keyin investitsiya qilish rejalarini tuzamiz. Lekin yaqin orada O‘zbekistonga juda yaxshi imkoniyat tug‘ilib qolishi mumkin deb o‘ylayman, chunki 2022 yil voqealaridan keyin Rossiya bozoridan chiqib ketdik. Rossiyada 1 milliard dollardan qimmat turadigan zavodimiz bor edi, shuni 1 yevroga sotib chiqib ketdik, faqat 6 yil ichida shu narxga qaytarib olishimiz mumkin.
Markaziy Osiyo bozorlari uchun ishlab chiqarish rejamiz yo‘q emas, lekin yaqin muddatda judayam qaltis geosiyosiy holatda Nissan asosan katta bozorlarga e’tibor qaratyapti.
To‘liq intervyuni Kun.uz'ning YouTube sahifasida tomosha qiling.
Madina Ochilova suhbatlashdi.
Mavzuga oid
14:53
Xitoy kompaniyasi Askiya bozorini 225,6 mlrd so‘mga sotib oldi
23:04 / 24.12.2024
Xitoy qutb suvlarida suzishga qodir dunyodagi eng yirik yuk tashuvchi kemani sinovdan o‘tkazdi
21:52 / 24.12.2024
Xitoyda 2027 yil oxiriga borib 5G aloqa tarmog‘idan foydalanuvchilar ulushi 85 foizga yetkaziladi
17:07 / 24.12.2024