O‘zbekiston | 10:31 / 18.03.2024
6255
5 daqiqa o‘qiladi

Xorijdagi o‘zbekistonliklar uchun O‘zbek tili onlayn platformasi ishga tushirildi

Xorijda yashayotgan o‘zbekistonliklar va ularning farzandlari uchun o‘zbek tilini o‘rgatuvchi yangi platforma ishlab chiqildi. Yangi platforma “Vatandoshlar” jamoat fondining mualliflik huquqi asosida yagona avtomatlashtirilgan elektron portalga joylashtirilgan.

15 mart kuni “Vatandoshlar” jamoat fondi tomonidan Maktab va maktabgacha ta’lim vazirligi hamkorligidan ishlab chiqilgan O‘zbek tili onlayn platformasining taqdimoti bo‘lib o‘tdi. Unda xorijda va qo‘shni mamlakatlarda yashaydigan vatandoshlar ishtirok etishdi.

Yangi loyiha dunyoning turli davlatlarida yashayotgan vatandoshlarning farzandlari o‘zbek tilini o‘rganishlari, qadriyatlar, urf-odatlar bilan tanishishlari, o‘zbek tilida muloqot qila olishlari uchun yaratilgan.

“Vatandoshlar” jamoat fondi rahbari Odiljon Sattorov ushbu platformaning yaratilishi haqida aytib o‘tdi:

“Xorijiy davlatlarda juda ko‘p tadbirlar, uchrashuvlar o‘tkazamiz. Vatandoshlar bilan muloqot qilganimizda ular: “Biz tilimizni, urf-odatlarimizni bilamiz, saqlaymiz. Ammo farzandlarimiz buni qanday uddalashadi?” deya kuyinchaklik bilan gapirishadi. Oldimizga shuni vazifa qildikki, dastlab onlayn darslar tashkil qildik, buning yaxshi va yomon taraflarini ko‘rdik. Chunki bir davlatda darslar boshlanganda boshqa davlat vaqti to‘g‘ri kelmaydi. Bu masala bizni o‘ylantirdi va O‘zbek tili onlayn ta’lim platformasini ishga tushirishga qaror qildik”.

Italiyadagi O‘zbek milliy madaniy markazi rahbari Komila Kirgizova fondning bu tashabbusi xorijdagi o‘zbekistonliklar va ularning farzandlari uchun kerakligi haqida gapirdi:

 “Bu platforma ayni muddao, bizga kerakli narsa edi. Chunki “Vatandoshlar” fondi bilan bo‘lib o‘tgan bir nechta uchrashuvlarda bu haqida gaplashgan edik. Ulardan o‘zbek tilini o‘rgatuvchi platforma yaratishni iltimos qilgan edik. Faqat Italiyadagi, balki butun dunyo mamlakatlarida yashayotgan o‘zbeklar nomidan gapirsam mubolag‘a bo‘lmaydi – xorijda yashayotgan o‘zbek farzandlari uchun bu judayam muhim.

Aynan Italiyani oladigan bo‘lsak, jo‘g‘rofiyasi jihatidan u yerda shaharma-shahar uyushtirishning iloji yo‘q. Shuning uchun ham fondga iltimos bilan chiqqandik, farzandlarimizda milliy g‘ururni shakllantirish, O‘zbekiston haqidagi tushunchalarini kengaytirishda bu platforma juda muhim”, dedi u.

O‘zbek tilini o‘rgatuvchi yangi platforma fondning mualliflik huquqi asosida yagona avtomatlashtirilgan elektron portalga joylashtirilgan. Portalda ro‘yxatdan o‘tish orqali mashg‘ulotlarni bajarish mumkin. Muvaffaqiyatli o‘rganuvchilarga maxsus sertifikat beriladi. O‘zbek tili onlayn ta’lim platformasi A1 darajasi 8 ta modulda 24 ta mashg‘ulotlar orqali o‘rgatiladi. Platformani yo‘lga qo‘yishda ishtirok etgan Respublika ta’lim markazi filologiya bo‘limi boshlig‘i Namoz Rasulov jarayon haqida ma’lumot berdi:

“O‘zbek tili dunyoda keng tarqalgan tillardan biri hisoblanadi. Chunki bu tilda so‘zlashuvchilar soni 50 milliondan oshiq. Tilimizni nafaqat O‘zbekistonda, balki dunyo miqyosida o‘rganishga ehtiyoj bor.

Lekin bu borada “Vatandoshlar” jamoat fondi bilan amalga oshirilayotgan ishlar tizimli yo‘lga qo‘yilgan bo‘lib, til o‘rganishning zamonaviy metodikasini o‘zida mujassamlashtirgan.

Platformani yaratishda biz uning asosiy qismi – lingvistik ta’minotiga ahamiyat qaratishimiz kerak. Bu faqat lingvistik ta’minot bilan bo‘lmaydi. Bugungi kunda til o‘rganishda mediamahsulotlar ham shart bo‘ladi. Baholash markazidagi xodimlar bilan mediamahsulotlarni ishlab chiqdik va bir guruh dasturchilar ishtirokida yangi platformani yo‘lga qo‘ydik”.

Loyihaning taqdimot marosimiga Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikistondagi o‘zbek tili o‘qituvchilari, Termiz shahridagi Afg‘oniston fuqarolarini o‘qitish ta’lim markazi tinglovchilari tashrif buyurishdi.

“Biz qardosh jumhuriyatlardan ham bir guruh o‘qituvchilar bilan birga taqdimotda ishtirok etyapmiz. O‘zbek tilida o‘qitiladigan maktablarimizga aynan shunday platformalar zarur. Chunki bizda adabiyotlar, o‘zbek tilidagi darsliklarning yetishmasligi tufayli bunga muhtoj edik”, dedi Tojikistondan kelgan o‘zbek tili va adabiyoti fani metodisti Rohiniso Rahmonberdiyeva.

O‘zbek tili onlayn platformasi bilan havola orqali tanishish mumkin.

Mavzuga oid