Sport | 18:18 / 21.03.2024
22776
7 daqiqa o‘qiladi

Qozog‘iston va Ukraina Yevroga chiqmoqchi. Jamoalarda imkoniyat qanday?

Kim kim bilan o‘ynaydi va kimlar favorit deb hisoblanmoqda?

Foto: PA IMAGES VIA GETTY IMAGES

2024 yilgi Yevropa chempionati startiga taxminan uch oy vaqt qoldi. Ammo hozircha 24 ishtirokchidan faqat 21 tasining nomi ma’lum. Yana uch milliy jamoa Germaniyaga yo‘llanmani mart oyida o‘tkaziladigan o‘tish o‘yinlari orqali qo‘lga kiritadi. Mini-turnirda 12 jamoa ishtirok etadi, ular uchta kvartetni tashkil etishgan. Har bir guruh g‘oliblari Yevro-2024 final bosqichida ishtirok etadi. 21 mart kuni yarimfinal doirasida oltita o‘yin, 26 mart kuni — uchta final uchrashuvi bo‘lib o‘tadi.

O‘tish o‘yinlari qanday o‘tkaziladi?

Barchasi bittadan o‘yinda hal etiladi. Asosiy vaqtda durang qayd etilgan holatda raqiblar 15 daqiqadan ikkita qo‘shimcha bo‘lim o‘tkazishadi, keyin esa — penaltilar seriyasi (agar zarurat bo‘lsa).

Juftliklar qanday aniqlangan?

Bunda jamoalarning Millatlar ligasining 2022/2023 yillar mavsumidagi natijalari asos qilib olingan. Nominal ravishda bular A, B va S ligalari g‘oliblari. Agar bu guruhlardagi jamoalar Yevroga saralash orqali yo‘llanma olgan bo‘lsa, uning joyini ushbu ligada reyting bo‘yicha keyingi jamoa egallaydi. Agar bir ligadan o‘tish bosqichiga to‘rttadan kam jamoa o‘tgan bo‘lsa, vakant joyni D ligasining eng yaxshi jamoasi egallagan. Aynan shu sababli Estoniya ham ushbu mini-turnir ishtirokchisiga aylangan. Qolgan o‘rinlar reyting bo‘yicha taqsimlangan.

Uchta yo‘lning har birida eng yuqori reytingga ega jamoa eng past reytingli jamoani qabul qiladi. Ikkinchi reytingdagi jamoa uchinchi reytingdagi jamoa bilan o‘ynaydi. Finallar mezbonlari 2023 yil noyabrida o‘tkazilgan qur’a orqali aniqlangandi.

A yo‘li

00:45. Polsha — Estoniya

00:45. Uels — Finlyandiya

Bu kvartetdagi eng yuqori reyting Polshada edi. Shu sababli jamoa yarimfinalda eng past reytingga ega Estoniyaga raqib bo‘ldi. Ikkinchi yarimfinal juftligini Uels va Finlandiya hosil qilgan — bu o‘yin Kardiffda o‘tkaziladi. Final bahsi ikkinchi juftlik g‘olibi stadionida o‘tkazilishi belgilangan, ya’ni Kardiff yoki Helsinkida.

Foto: DEFODI IMAGES VIA GETTY IMAGES

Bu to‘rtlikda Polsha jamoasi favorit sanalmoqda. Polyaklar saralash sikli davomida Fernandu Santushni bosh murabbiylik lavozimidan bo‘shatdi va uning o‘rniga Mixal Probejni tayinlashdi. Lekin yakunda Polsha baribir to‘g‘ridan to‘g‘ri yo‘llanmaga ega chiqa olmadi va 11 ochko bilan uchinchi o‘rinda qoldi, guruhda Albaniya va Chexiya jamoalari — 15 tadan ochko olgan holda yo‘llanmaga ega bo‘lishdi.

Uelsliklar ham Turkiya (17) hamda Xorvatiyani (16) oldinga o‘tkazib yuborib, 12 ochko bilan uchinchi o‘rinda qolishdi. Uelsliklar Yevro-2016 va Yevro-2020 ishtirokchilari sanaladi. Ikki turnirda ham pley-offga chiqqan, Fransiyadagi turnirda esa yarimfinalgacha yetib borgan.

Agar estoniyaliklar bu kvartetda Yevropa chempionatiga chiqsa, bu haqiqiy mo‘jiza bo‘ladi, bunga esa hech kim ishonayotgani yo‘q. Finnlar 2021 yilgi Yevroda ishtirok etgandi, ammo bu safar yo‘llanma olish juda qiyin. A yo‘li g‘olibi Yevropa chempionati guruh bosqichida Niderlandiya, Avstriya va Fransiya kabi jamoalar bilan bir guruhdan joy oladi.

V yo‘li

00:45. Isroil — Islandiya

00:45. Bosniya — Ukraina

Isroil — bu to‘rtlikdagi eng yuqori reytingga ega jamoa. Yarimfinalda ular Islandiya bilan to‘qnashadi — bu o‘yin Budapeshtda o‘tkazilishi rejalashtirilgan. Ikkinchi juftlik esa Bosniya va Gersegovina hamda Ukraina tomonidan tashkil etilgan. Ikkinchi yarimfinal g‘olibi finalni qabul qiladi. Agar Ukraina birinchi bosqichdan o‘tsa, final o‘yinini Polshada o‘tkazadi.

Foto: CLAUDIO VILLA/GETTY IMAGES

Germaniyadagi chempionatga yo‘llanma olish uchun Ukrainada yaxshi imkoniyat bor. Ukrainlar saralashda ancha murakkab guruhga tushib qolgandi va guruh g‘olibi bo‘lgan angliyaliklardan olti ochko ortda qolgan bo‘lsa-da, ikkinchi o‘rin bilan chiqqan Italiyaga faqat qo‘shimcha ko‘rsatkichlar hisobiga boy  berishdi.

Bosniya va Isroil Yevropa chempionatlarida qatnashmagan. Islandiya esa 2016 yilgi turnirda ishtirok etib, Angliyani nimchorakfinalda qoldirib ketgan holda chorakfinalga chiqqandi. Ukraina esa bu safar ham muvaffaqiyat qozonsa, qatorasiga to‘rtinchi bor asosiy turnirda ishtirok etishi bo‘ladi. V yo‘li orqali chiqqan jamoa Belgiya, Slovakiya va Ruminiyaga guruhdosh bo‘ladi.

S yo‘li

22:00. Gurjiston — Lyuksemburg

00:45. Gretsiya — Qozog‘iston

Bu kvartetda eng yuqori reyting Gretsiyada emas, balki Vinni Saniol boshqaruvidagi Gurjistonda. Shu tufayli gurjilar yarimfinalni o‘z uyida reyting bo‘yicha eng kuchsiz raqib — Lyuksemburgga qarshi o‘tkaadi. Ikkinchi juftlik Gretsiya va Qozog‘iston tomonidan tashkil etilgan (o‘yin Afinada o‘tkaziladi). Final Gurjiston — Lyuksemburg juftligi g‘olibi maydonida bo‘lib o‘tadi.

Ammo Gurjiston jamoasi yetakchisi Xvicha Kvaratsxeliya Lyuksemburgga qarshi birinchi o‘yinda qatnasha olmaydi – u saralashning 10-turida Ispaniyaga qarshi o‘yinda (1:3) hakam bilan bahslashgani uchun sariq kartochka olgan va bu uning uchun diskvalifikatsiyaga sabab bo‘ladigan uchinchisi bo‘lgandi.

Foto: JOSE BRETON/GETTY IMAGES

Gretsiya jamoasi — XXI asrda qatorasiga uch bor Yevro ishtirokchisi bo‘lishgan (2004, 2008, 2012), lekin keyingi ikki turnir ularsiz o‘tgan. Bu safar Gretsiya saralashda qiyin guruhga tuib qolib, Fransiya va Niderlandiyadan keyin uchinchi o‘rinni egalladi.

Guruhdagi qolgan jamoalar esa biror marta Yevroda ishtirok etmagan. Qozog‘iston ham, Lyuksemburg ham saralashda munosib ishtirok etishdi. Magomed Adiyev boshqaruvidagi qozoqlar so‘nggi turga qadar Yevro-2024 uchun to‘g‘ridan to‘g‘ri yo‘llanmaga da’vogar bo‘lib turdi, ammo yo‘llanma o‘zaro o‘yinda Sloveniyaga boy berildi.

Foto: JURIJ KODRUN/GETTY IMAGES

Lyuksemburg esa o‘z guruhida 17 ochko to‘pladi, ammo uchinchi o‘rindan yuqori ko‘tarila olmadi. S yo‘li g‘olibi Yevroda Turkiya, Portugaliya va Chexiya bilan bir kvartetdan joy oladi.

Mavzuga oid