O‘zbekiston | 13:57 / 27.03.2024
6308
3 daqiqa o‘qiladi

Andijonda qiymati 8,2 mlrd so‘mlik yerosti yo‘li qurilishi mumkin

Uzunligi 60 metr, eni 4 metr bo‘lgan yerosti yo‘li viloyatning “Mumtoz” savdo majmuasi oldida barpo etilishi reja qilinmoqda. Loyiha uchun 8 mlrd 215 mln so‘m ajratiladi. Bu yo‘l sabab joydagi tirbandlik va YTHlar soni kamayishi kutilyapti. 

Foto: O‘zA

Tirbandlik darajasi va YTHlar soni ko‘pligi sabab Andijon shahrining Bobur shohko‘chasida joylashgan “Mumtoz” savdo majmuasi oldidagi chorrahada yangi yerosti yo‘li qurilishi reja qilinyapti. Bu haqda O‘zbekiston jurnalistlar uyushmasi viloyat IIB YHXB o‘tkazgan press-turdan xabar berdi.

Qayd etilishicha, bu chorrahadan bir sutkada 35 mingdan ziyod transport vositasi, 82 ming nafarga yaqin piyoda o‘tadi. Kunning asosiy qismida – ertalab 7:00 dan kech 19:00 gacha tirbandlik juda yuqori bo‘ladi.

“2023 yil davomida mazkur chorrahada piyodalar ishtirokida 23 ta yo‘l-transport hodisasi yuzaga kelgan. Buning natijasida 5 nafar fuqaro vafot etgan bo‘lsa, 27 nafar fuqaro turli darajada tan jarohati olgan”, deyiladi xabarda.

Uyushmaning ta’kidlashicha, viloyat YHXB yerosti o‘tish yo‘lini qurish bo‘yicha taklif va loyiha ishlab chiqib, hokimlik hamda tegishli tashkilotlarga taqdim etgan. Jami qiymati 8 milliard 215 million so‘mga teng bu loyiha doirasida uzunligi 60 metr, eni 4 metrli yerosti o‘tish yo‘li barpo etilishi mumkin. 

Shuningdek, boshqarma o‘tkazgan press-turi davomida jurnalistlar Xo‘jaobod tumani dehqon bozorida bo‘lishgan. Aytilishicha, hozirda hududda 4 milliard 950 million so‘mga teng loyiha doirasida uzunligi 30 metr, eni 4 metr bo‘lgan yerosti o‘tish yo‘li qurilyapti.

Ma’lumotlarga ko‘ra, bozor yonidan o‘tuvchi Andijon – O‘sh magistral avtomobil yo‘lidan bir sutkada 80 mingdan ortiq piyoda hamda 35 mingdan ortiq transport vositasi o‘tadi. Bu yo‘l atrofi va yaqinida 100 ga yaqin savdo, xizmat ko‘rsatish, ijtimoiy soha obekti faoliyat olib boradi. Yo‘lning bozor hududidagi qismida o‘tgan yili yuz bergan yo‘l-transport hodisalari natijasida 3 nafar fuqaro vafot etgan, 12 nafar fuqaro turli darajada tan jarohati olgan.

Mavzuga oid