Jamiyat | 18:23 / 28.03.2024
11233
2 daqiqa o‘qiladi

29 mart kuni Toshkentning markaziy hududlarida issiq suv bo‘lmaydi

Issiqlik tarmoqlaridagi nuqsonlarni aniqlash uchun sinovlar o‘tkazilishi munosabati bilan shaharning markaziy hududlarida ertaga (bir kun) issiq suv bo‘lmaydi. Veolia Energy Tashkent sinovlar davomida quvurlar shikastlanishi, issiq suv yo‘llar va yo‘laklarga oqib chiqishi ehtimolidan ogohlantirib, haydovchilar, piyodalar va binolardagi fuqarolarni ehtiyot bo‘lishga chaqirdi.

Foto: Shutterstock

29 mart kuni Toshkent markazidagi bir qator hududlarning issiq suv ta’minotida bir kunlik uzilish bo‘ladi.

Veolia Energy Tashkent kompaniyasi xabariga ko‘ra, bu vaqtda issiqlik tarmoqlari nuqsonlarni aniqlash va keyingi isitish mavsumi boshlanishidan oldin bu nuqsonlarni bartaraf etish maqsadida mo‘ljallangan harorat bo‘yicha sinovdan o‘tkaziladi.

O‘chirish manzillari (“Toshkent” issiqlik elektr markazi, M-5,8):

Amir Temur, Mustaqillik shoh ko‘chalari, Navoiy, Bobur, Glinka, Qumariq, Yahyo G‘ulomov, Buyuk Turon, Istiqbol, Zarafshon, Maxtumquli, Islom Karimov, Buxoro, Istiqlol, Sodiq Azimov, Said Baraka, Matbuotchilar, Sayilgoh, Shastri, Elbek, Kichik halqa yo‘li, Shahrisabz, Taras Shevchenko, Nukus, Oybek, Kichik Beshyog‘och, Abdulla Qahhor, Haydar Aliyev, Oltin vodiy, Fidokor, Avliyoota, Moshtabib, Mirobod ko‘chalari, M-1,2,4,5,7 Qushbegi, Boshliq dahalari, Uchuvchilar shaharchasi.

“Sinovlar davomida issiqlik tarmoqlari quvurlarining shikastlanishi va issiq suv yo‘llar va yo‘laklarga oqib chiqishi mumkin. Haydovchilar, piyodalar hamda ma’muriy va turar-joy binolaridagi yurtdoshlarimizdan e’tiborli va ehtiyot bo‘lishlarini so‘raymiz”, – deyiladi xabarda.

Nosozliklar aniqlangan taqdirda +998-78-129-01-85 telefon raqami orqali xabar berish so‘ralmoqda.

Qayd etilishicha, sinovlar 2014 yil 18 dekabrda tasdiqlangan “Issiqlik tarmoqlari va issiqlik punktlaridan texnik foydalanish qoidalari” bilan tartibga solinadi.

Eslatib o‘tamiz, 26 martdan Toshkent shahrida isitish mavsumi yakunlandi. Avvalroq isitish mavsum yakunlangach, shaharda aholi uchun issiqlik va issiq suv ta’minoti tariflari 15 foizga oshirilishi ma’lum qilingan.

Mavzuga oid