Jahon | 20:37 / 04.04.2024
15940
6 daqiqa o‘qiladi

Tayvan kuchli zilzila oqibatlariga qanday tayyorgarlik ko‘rdi? 

Tayvandagi 7,4 magnitudali kuchli zilzila juda katta vayronagarchilik va qurbonlarga olib kelmadi. Bu bejiz emas. Tektonik plitalarning tutashgan joyi yaqinida joylashgan va zilzilalar ko‘p uchraydigan orol ma’muriyati tabiiy ofat oqibatlariga oldindan puxta tayyorgarlik ko‘rgan edi. 

Foto: Getty Images

Tayvanda so‘nggi 25 yildagi 7,4 magnitudali eng kuchli zilzila kamida to‘qqiz kishining hayotiga zomin bo‘ldi va 700 nafardan ortiq kishi jarohat oldi. Ammo bunday kuchli tabiiy ofat uchun vayronagarchiliklar ko‘lami, eng muhimi, insonlar qurbonlari soni nisbatan kichik. Nega? Taqqoslash uchun: 1999 yilda xuddi shunday magnitudali zilzila bu yerda 2 mingdan ortiq odamning hayotiga zomin bo‘lgan edi. BBC tabiiy ofat oqibatlariga Tayvanda qanday tayyorgarlik ko‘rilganini tahlil qildi. 

Tayvandagi AQSh elchisi vazifasini bajaruvchi Sandra Oudkirk ijtimoiy tarmoqda Tayvan xalqiga yo‘llagan murojaatida: «Tayvan butun dunyoga tabiiy ofatlarning oldini olish, tabiiy ofatlarni bartaraf etish va gumanitar yordam ko‘rsatishning muvaffaqiyatli modelini namoyish etdi», deb yozdi. 

Tayvanda zilzilalar kam uchraydigan hodisa emas: orol ikkita tektonik plitalarning tutashgan joyi yaqinida joylashgan. Zilzilalar aholi kam yashaydigan va asosan sharqiy qirg‘oqlardagi qishloq joylarida sodir bo‘ladi. 

5 mingdan ortiq binolarni vayron qilgan va 2,4 mingdan ortiq odamning o‘limiga sabab bo‘lgan 1999 yildagi zilzila (21 sentabrda sodir bo‘lgani sababli orolda «Zilzila 921» deb nomlangan) hukumatni qurilish me’yorlari va tabiiy ofatlarni boshqarish qonunlarini qayta ko‘rib chiqishga majbur qildi. 

21 sentabrda Tayvan bo‘ylab har yili tabiiy ofatlarni boshqarish bo‘yicha mashg‘ulotlar kuni nishonlanadi. Shu kuni fuqarolarning mobil telefonlariga zilzila va sunami kabi ofat haqida ogohlantirish yuboriladi, orol bo‘ylab maktablarda evakuatsiya mashqlari o‘tkaziladi. 

Zilzilalarga chidamli qurilish materiallari ishlab chiqaruvchi Tayvanning Alfa Safe kompaniyasini boshqaradigan qurilish muhandisi Tay Yun-fa so‘zlariga ko‘ra, qat’iy qurilish qoidalari orolni tabiiy ofatlarga yaxshiroq tayyorlashga yordam bergan bo‘lsa-da, ba’zi ishlab chiqaruvchilar hali ham yangi qoidalarni chetlab o‘tib, bino qurmoqda. 

«Loyihani ishlab chiqish jarayonida arzon narxlar mo‘ljalga olinadi, shuning uchun eng yaxshi sifatga erishish mumkin emas», dedi u. 

London Universitet kolleji geotexnik zilzila muhandisligi professori Ziggi Lyubovski Tayvandagi vayronagarchilik aks etgan fotosuratlardagi ko‘plab binolar ancha eski ko‘rinishi va zamonaviy qurilish standartlariga javob bermasligini ta’kidladi. «Qiyshayib qolgan, ammo qulamagan binolar – dizayn xususiyati emas, balki ko‘proq omad omilidir», dedi u. Uning fikricha, qulagan uylar o‘rniga quriladigan yangi uylar zamonaviy talablarga javob beradigan bo‘ladi. 

«Agar beton kabi materialdan foydalansangiz, agar beton ichiga kerakli miqdorda armatura qo‘ysangiz va zilzila yukini ko‘tara oladigan moslashuvchan konstruksiyani yaratish uchun po‘lat detallarni o‘rnatsangiz, u harakatlanishi va qiyshayib qolishi, yorilishi mumkin. U qisman shikastlangan bo‘lishi mumkin, lekin u binoni tik ushlab turishda davom etadi», dedi Lyubovski. 

Foto: Getty Images

Donna Vu, The Mustard Seed Mission Xualyan okrugi bo‘limi direktori o‘rinbosari rasmiylar 2018 yilgi zilzila oqibatlarini bartaraf etishda tartibli harakat qilishmagani, ammo bundan to‘g‘ri xulosa chiqarishganini aytadi. 

2018 yilda 7 kishining hayotiga zomin bo‘lgan 6,4 magnitudali zilziladan so‘ng mahalliy hokimiyat idoralari tabiiy ofat oqibatlarini bartaraf etish va aholiga yordam ko‘rsatish uchun davlat va nodavlat tashkilotlari bilan ishni muvofiqlashtirishni kuchaytirdi. 

Bu safar okrug rasmiylari va politsiya, shuningdek, Xualyan shahri markazidagi jabrlangan hududlar aholisini evakuatsiya qilishga yordam bergan boshqa bo‘linmalar birgalikda shikastlangan binolardan birini keyingi yerosti silkinishlarida qulashdan oldin tozalash uchun hamjihatlik bilan ishladilar. 

«[Avval] hamma bir xil ishni qilardi, hech qanday muvofiqlashtirish yo‘q edi. Bu safar har bir guruhning o‘z vazifalari bo‘ldi», dedi Vu. 

Tayvanning tabiiy ofatlarga javob berish tizimlarini shay holatda saqlash uchun yana bir sababi bor. Bu orolga doimiy ravishda harbiy va siyosiy bosimni oshirib borayotgan Xitoyning ehtimoliy hujumidir. 

Mobil telefonlarga ogohlantirish yuboruvchi tizim - Xitoyning yaqinlashib kelayotgan havo hujumi haqida ogohlantirish uchun foydalanadigan tizimdir. 

Tayvan har yili «Min-an» fuqarolik mudofaasi mashqlarini o‘tkazadi. Rasmiy ravishda ularning maqsadi tabiiy ofatlarga tayyorgarlik ko‘rish bo‘lsa, o‘tgan yili ushbu mashg‘ulotlar doirasida Xitoy hujumi sodir bo‘lgan taqdirda nima qilish kerakligi ham sinovdan o‘tkazildi. 

2022 yilda ish boshlagan Tayvan Raqamli Texnologiyalar vazirligi aloqa tarmoqlarining mustahkamligini ta’minlash bilan shug‘ullanadi. Vazirlik so‘nggi zilzila oqibatida tarmoqlar, xususan, Internet aloqasi katta darajada zarar ko‘rmaganini ma’lum qildi. 

Foto: Getty Images

Tayvandagi shahar va tumanlarda qutqaruvchilar tunu-kun navbatchilik qiladi va tabiiy ofatga deyarli bir zumda javob berishga tayyor. 

Misol uchun, so‘nggi zilziladan bir soat o‘tmasdan janubdagi Kaosyun shahri hukumati qutqaruv guruhlarini Xualyan shahriga safarbar etdi va ularni samolyotlarga chiqish uchun yaqin atrofdagi Pingtung aviabazasiga jo‘natdi. Bunday guruhlar muntazam ravishda dunyoning boshqa ofat zonalariga yuboriladi. Xususan, o‘tgan yili ular dahshatli zilzila sodir bo‘lgan Turkiyaga uchib ketishgan edi.

Mavzuga oid