Jahon | 12:41 / 05.04.2024
5597
3 daqiqa o‘qiladi

Zaporijjya AESda navbatdagi blekaut yuz berishi mumkin

Rossiyaning o‘qqa tutishi natijasida Zaporijjya AES va Ukraina energetika tizimini bog‘lovchi elektr uzatish liniyasi o‘chirildi. Bu favqulodda vaziyat yuz berishi bilan tahdid soladi, deya ma’lum qildi Ukrainaning «Energoatom» shirkati.

Foto: Picture Alliance

Rossiyaning 4 aprel, payshanba kuni mahalliy vaqt bilan soat 10:06 da o‘qqa tutishi natijasida 330 kV kuchlanishli «Zaporijjya IES - Ferrosplavnaya» elektr uzatish liniyasi o‘chirildi. Rossiya harbiylari tomonidan egallab olingan Zaporijjya atom elektr stansiyasi (ZAES) u orqali Ukraina energiya tizimidan quvvat olayotgandi. Bu haqda Ukrainaning «Energoatom» yadroviy energiya ishlab chiqaruvchi milliy kompaniyasi xabar berdi

Elektr uzatish liniyasi ishidagi uzilish «favqulodda vaziyat kelib chiqishi bilan tahdid soladi», deya ma’lum qildi «Energoatom». Kompaniya ta’kidlashicha, ayni paytda Yevropaning eng yirik atom elektr stansiyasi Ukraina energetika tizimiga faqat bitta - 750 kV «Dnipropetrovskaya» elektr uzatish liniyasi orqali ulangan, u 22 martga o‘tar kechasi Rossiyaning Ukraina energetika tizimiga qilgan eng yirik hujumidan keyin tiklangan. U ham o‘chirilgan taqdirda, Zaporijjya AES yana bir to‘liq blekautga duch keladi - yadro yonilg‘isining reaktorlar va sovitish havzalarida xavfsiz holatda saqlanishiga tahdid mavjud bo‘lgan vaziyat. 

Ayni paytda, Zaporijjya AESni amalda nazorat qiluvchi Rossiya davlat korporatsiyasi «Rosatom» elektr uzatish liniyasining uzilishi sabablari «aniqlanayotgani»ni va Zaporijjya atom elektr stansiyasidagi uskunalar «radiatsiyaviy xavfsizlik standartlari qat’iy nazorati ostida»ligini ta’kidladi.

AEXA: Zaporijjya AESda deyarli barcha xavfsizlik protokollari buzilgan 

Mart oyi boshida Atom energiyasi bo‘yicha xalqaro agentlik (AEXA) rahbari Rafael Grossi Rossiya harbiylari nazorati ostidagi Zaporijjya AESda AEXAning yettita yadroviy va jismoniy xavfsizlik protokollaridan oltitasi to‘liq yoki qisman buzilganini aytdi. 7 mart kuni AEXA boshqaruvchilar kengashi Zaporijjya atom elektr stansiyasidan rossiyalik harbiylar va boshqa xodimlarni zudlik bilan olib chiqib ketish va uni zudlik bilan Ukraina vakolatli organlarining to‘liq nazoratiga qaytarishni talab etuvchi rezolyutsiya qabul qildi. Kreml AEXAning chaqirig‘ini rad etib, uni «Rossiya suvereniteti va hududiy yaxlitligiga hujum» deb atadi. 

2022 yil 4 martdan beri Rossiya qo‘shinlari tomonidan egallab olingan Zaporijjya atom elektr stansiyasi o‘z hududidan tashqaridagi elektr uzatish liniyalari shikastlangani sababli sakkiz marta elektr ta’minotdan o‘chirilgan.

Mavzuga oid