WCK TsAHAL harakatlari mustaqil tarzda tekshirilishini talab qilyapti
«Isroil harbiylari o‘z xatosi bo‘yicha ishonchli tekshiruv o‘tkaza olmaydi», deya ma’lum qildi World Central Kitchen.
Dunyo bo‘ylab inqirozli hududlarga oziq-ovqat yetkazib beruvchi World Central Kitchen (WCK) nodavlat tashkiloti 5 aprel, juma kuni Isroil Mudofaa armiyasi (TsAHAL) G‘azo sektorida gumanitar yordam yuk mashinalari karvoniga hujum qilishi oqibatida yetti nafar xodimining o‘limi yuzasidan mustaqil tergov o‘tkazishga chaqirdi.
«Isroil Mudofaa armiyasi G‘azo sektoridagi o‘z xatosi yuzasidan ishonchli tekshiruv o‘tkaza olmaydi», - deyiladi WCK’ning tashkilot veb-saytidagi bayonotida.
«TsAHAL G‘azo sektoridagi yuk mashinalarimiz karvoniga qilingan halokatli hujumdagi mas’uliyatni va o‘z xatolarini tan oldi. Shuningdek, qo‘mondonlarga nisbatan intizomiy choralar ko‘rdi va boshqa islohotlarga sodiqligini ko‘rsatdi. Bular oldinga bo‘lgan muhim qadamlardir, - dedi tashkilot. - Biroq dastlabki tergov shuni ko‘rsatadiki, TsAHAL o‘z protokollari, subordinatsiya va jangovar harakatlar qoidalarini hisobga olmagan holda halokatli kuch qo‘llagan. TsAHAL bizning guruhlarimiz barcha tegishli aloqa tartib-qoidalariga rioya qilgan holda harakatlanganini tan oldi. TsAHAL tomonidan olingan videoyozuvda quroli bo‘lmagan va hech qanday xavf tug‘dirmagan shaxsiy tarkibimizga qarata o‘q uzish uchun biron sabab ko‘rsatilmagan».
«Tizimli o‘zgarishlarsiz harbiy xatolar, uzr so‘rash va oilalarda qayg‘u ko‘payadi», - deya ishonch bildirdi NNT vakillari.
WCK G‘azo sektori tinch aholisi uchun gumanitar yordam olib ketayotgan karvonga asossiz raketa hujumiga dastlabki sabab sifatida, u yerda oziq-ovqatning falokatli taqchilligini keltirdi. «Isroil insonparvarlik yordamini qo‘llab-quvvatlashga jiddiy qarasa, quruqlik orqali tashiladigan oziq-ovqat va dori-darmonlar hajmini keskin oshirishi kerak», - deyiladi tashkilot bayonotida.
TsAHALning G‘azo sektorida gumanitar yordam karvoniga zarbasi
WCK ma’lumotlariga ko‘ra, TsAHAL qo‘shinlari G‘azo sektori markazidagi Dayr al-Balaxdan janubda ularning karvoniga zarba berganida tashkilot yetti nafar a’zosi halok bo‘lgan. Avtomobillar dengiz orqali G‘azo sektoriga olib kelingan 100 tonnalik insonparvarlik yordamini joyiga yetkazgandan so‘ng qaytib ketayotgan edi. Shu bilan birga, WCK kolonna harakati Isroil harbiylari bilan muvofiqlashtirilganini ta’kidladi.
Halok bo‘lganlar orasida Avstraliya, Polsha va Britaniya fuqarolari, shuningdek, AQSh va Kanada fuqaroligiga ega bo‘lgan bir erkak va bir falastinlik bor. Ushbu fojiadan so‘ng tashkilot keyingi qaror qabul qilinmaguncha mintaqadagi faoliyatini darhol to‘xtatishini bildirdi.
Isroil prezidenti Itsxak Gersog 2 aprel kuni Isroil Mudofaa armiyasining qasddan bo‘lmagan hujumi natijasida WCK yetti nafar xodimi fojiali halok bo‘lgani munosabati bilan hamdardlik bildirdi va voqea atroflicha o‘rganilishiga va’da berdi.
Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyahu o‘z videomurojaatida isroillik harbiylarning G‘azo sektorida begunoh odamlarga «beixtiyor» zarba berganini «fojiali voqea» deb atadi. «Bu urush paytida sodir bo‘ldi. Biz buni diqqat bilan o‘rganmoqdamiz, halok bo‘lgan xorijliklar hukumati bilan aloqadamiz va bu yana takrorlanmasligi uchun hamma narsani qilamiz», - dedi Netanyahu.
Isroil-Falastin mojarosi
7 oktyabr kuni ertalab HAMASning harbiy qanoti - «Izzaddin al-Qassam brigadalari» Isroilga qarshi «Al-Aqso to‘foni» operatsiyasi boshlanganini e’lon qildi. G‘azo sektoridan Isroil tomon minglab raketalar otildi, qurolli guruhlar Isroil aholi punktlariga kirdi.
HAMASning bildirishicha, operatsiya bosib olingan Sharqiy Quddusdagi Al-Aqso masjidiga bostirib kirish va isroillik muhojirlarning falastinliklarga nisbatan zo‘ravonligi kuchayib borayotganiga javoban amalga oshirilgan.
Bunga javoban Isroil armiyasi G‘azo sektorida HAMASga qarshi o‘nlab qiruvchi samolyotlardan foydalangan holda «Temir qilichlar» operatsiyasi boshlanganini e’lon qildi.
Isroil-Falastin mojarosi avj olgandan beri 32 mingdan ortiq falastinlik halok bo‘ldi. Isroilda qurbonlar soni 1400 dan oshadi. G‘azoning 2,3 million aholisi Isroilning havodan ommaviy bombardimon qilishi va eksklavning to‘liq blokadasi tufayli oziq-ovqat, suv va dori-darmonlar tanqisligidan aziyat chekmoqda.
Mavzuga oid
11:53 / 09.12.2024
TSAHAL Suriya bilan chegaradagi bufer zonaga kirganini e’lon qildi
07:50 / 23.10.2024
TSAHAL Nasrullohning ehtimoliy vorisi o‘ldirilganini tasdiqladi
09:10 / 22.10.2024
TsAHAL: «Hizbulloh» pullarini Livandagi shifoxona ostida yashirgan
15:00 / 21.10.2024