O‘zbekiston | 09:50 / 07.04.2024
13971
2 daqiqa o‘qiladi

«Hisor» qo‘riqxonasida noyob qor qoplonlari fotoqopqonga tushdi

Tasvirga tushgan 4 nafar qor qoploni bir oilaga mansub bo‘lgani aytilmoqda.

Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi tasarrufidagi «Hisor» davlat qo‘riqxonasida o‘rnatilgan fotoqopqon obektiviga noyob qor qoplonlari guruhi muhrlangan.

Qo‘riqxona matbuot xizmatining xabar berishicha, fotoqopqonga tushgan mazkur to‘rt nafar qor qoploni bir oila vakillari hisoblanadi.

Ma’lumot uchun, qor qoploni – Xalqaro tabiatni muhofaza qilish ittifoqi va O‘zbekiston Qizil kitobiga kiritilgan dunyo miqyosidagi noyob tur hisoblanadi.

Shuningdek, u SITES - yo‘q bo‘lib ketish xavfi ostidagi yovvoyi fauna va flora turlari bilan xalqaro savdo qilish to‘g‘risidagi Konvensiya ro‘yxatiga kiritilgan. Qor qoplonini ovlash qat’iyan taqiqlangan.

Qor qoploni O‘zbekistondan tashqari Xitoy, Nepal, Qirg‘iziston, Mongoliya, Tojikiston, Pokiston, Rossiya, Qozog‘iston, Hindiston, Afg‘oniston va Butan kabi davlatlar hududida uchraydi.

Mushuksimonlar oilasiga mansub bu noyob jonivorni mamlakatimizda muhofaza qilishga alohida e’tibor qaratib kelinmoqda. Jumladan, «Hisor» davlat qo‘riqxonasida qor qoplonining erkin yashash tarzi va ko‘payishi uchun doimiy muhofaza choralari amalga oshirib kelinadi.

«Hisor» davlat qo‘riqxonasiga o‘rnatilgan fotoqopqonlar fevral va mart oylarida ham uch marta qor qoplonini tasvirga olgandi.

Mavzuga oid