Jahon | 21:14 / 09.04.2024
29906
7 daqiqa o‘qiladi

«Krokus» teraktida gumonlanuvchilarning so‘roq videolari namoyish etildi

Ularning barchasi «Kiyevga qochish» rejasi haqida gapirgan.

Rossiya Federal xavfsizlik xizmati (FSB) «Krokus» konsert zalidagi terakt bo‘yicha asosiy to‘rt nafar gumondorning tergov qilinish jarayonini e’lon qildi. Ularning barchasi teraktni sodir etgandan keyin go‘yoki Ukraina tomonga ketishi kerak bo‘lgani haqida gapirgan. Jurnalistlar tergov videolaridagi ba’zi gaplarga e’tibor qaratdi.

FXX e’lon qilgan videoda tergovchi Daler Mirzoyevdan guruhning teraktdan keyingi rejasi qanday bo‘lgani haqida so‘ragan. U esa «Kiyev tomonga» deb javob bergan. «Sizlarga kim ko‘rsatma berdi?» deyilgan savolga esa «Sayfullo» deb javob qaytargan.

«Birinchi kanal» efirida aytilishicha, gumondorlarning barchasi aynan Sayfullo ismli odam ularga ko‘rsatma bergani, qurol-yarog‘ yetkazgani, aynan «Krokus»ga hujum qilishni buyurgani va qochish marshrutini tushuntirganini aytishgan.

«Sayfullo bizga Ukrainaga, Kiyevga ketishimizni aytdi. Keyin o‘sha yerda million rubl berishadi dedi», degan gumondor Saidakrami Rajabalizoda.

«Kiyevga qarab ketdik. U yerda bir million rubldan olishimiz kerak edi», degan yana bir gumonlanuvchi Muhammadsobir Fayzov.

Videoda aytilishicha, «bir million rubldan gonorarni olish uchun shoshilgan terrorchilar» M3-Moskva-Kiyev trassasi bo‘ylab soatiga 170 km tezlikda harakatlana boshlaydi. Bryansk oblastining Kommuna qishlog‘iga yetib kelishganda esa ularni rossiyalik harbiylar to‘xtatgan. Bu yerdan Ukraina chegarasigacha 141 km masofa qolgandi. Videoda aytilishicha, gumonlanuvchilarning telefoni tergovchilar qo‘liga tushgan va uni tekshirishgach, Sayfullo oxirgi daqiqalargacha ularga ko‘rsatma berib turgani ma’lum bo‘lgan.

«Sayfullo sizlarni Ukraina chegarasida kutib olib, chegarani kesib o‘tishingizga va Kiyevgacha borishingizga yordam berishadi dedi», degan qo‘lga olish vaqtida ko‘zi o‘yib olingan gumonlanuvchi Muhammadsobir Fayzov.

FXX versiyasiga ko‘ra, terrorchilar uchun ikkita koridor tayyorlab qo‘yilgan bo‘lgan. Ukraina tomoni esa go‘yoki chegaraning narigi tomonidagi ikki qishloqni minalardan tozalab qo‘ygan. Videoga ko‘ra, terrorchilar ayni damda dunyodagi eng qattiq qo‘riqlanadigan chegaralardan biri bo‘lmish Rossiya chegarasini o‘rmon orqali yayov kesib o‘tishi va Sayfulloning ko‘rsatmasi bilan harakatlanishi kerak bo‘lgan.

FXXga ko‘ra, terrorchilar «Krokus»dagi aktni amalga oshirishdan avval Kiyevdan pul olgan. Videoda qo‘shimcha qilinishicha, terrorchilarning telefonidan Ukraina ramzi tushirilgan atributlar suratlari ham topilgan. Rossiya Tergov qo‘mitasi matbuot kotibi Svetlana Petrenkoning aytishicha, ularning telefonidan Ukrainadagi vayronalarda Ukraina bayrog‘ini ko‘tarib turgan harbiyning va Rossiya kamsitilgan pochta markasining surati bo‘lgan. Qo‘mita rasmiysiga ko‘ra, terrorchilarning telefonidan bunday suratlar topilgani «Krokus» terakti va «maxsus harbiy amaliyot» (Rossiyada urushni shunday atashadi) o‘rtasida aloqadorlik borligini ko‘rsatadi.

Video davomida terrorchilarga qurol yetkazib bergan odam Dog‘istonda qo‘lga olingani ham ko‘rsatilgan. Uning aytishicha, avtomatlarni yana yana o‘sha Sayfulloning buyrug‘i bilan Moskvadagi garajlardan biriga yashirib qo‘ygan. Ammo Rossiyada ishlab chiqarilgan zamonaviy avtomatni dog‘istonlik yigit qayerdan olganiga aniqlik kiritilmagan. FXX videosiga ko‘ra, terrorchilar avtomatlarni olishga ham o‘sha mashhur «Reno» ulovida borgan va garajda psixotrop modda ham topilgan. Ya’ni, tergov versiyasiga ko‘ra, terrorchilar jinoyatni psixotrop modda ta’sirida amalga oshirgan.

Dog‘istonda ushlangan gumondorga ko‘ra, guruh Kaspiysk shahridagi sohil bo‘yi yoki G‘alaba bog‘i kabi odam ko‘p to‘planadigan joyda yana bir terakt amalga oshirishi kerak bo‘lgan.

Videoda aytilishicha, Sayfullo terrorchilarga hujum aynan «Krokus»da amalga oshirilishi haqida bir oy oldin xabar qilgan va ularga bino kirish eshiklarining internetda olingan suratlarini yuborgan.

 «Mojyem ob’yasnit» Telegram-kanali «Birinchi kanal» efirida e’lon qilingan so‘roq videolaridagi ba’zi nomuvofiqliklarga e’tibor qaratgan.

* Videoda Ukraina tomonidagi chegara minalardan tozalangani aytilgan, lekin ular avval Rossiya chegarasini kesib o‘tishi kerak bo‘lgan. Gumondorlar qo‘lga olingan Bryansk oblasti rahbariyati esa chegarani mustahkamlagani haqida hisobot bergan.

* Videoda terrorchilarning telefonlarida Ukraina simvolikasi tushirilgan suratlar bo‘lgani aytilgan. Ammo ko‘rsatilgan rasmlarning barchasini internetda topish mumkin.

* Gumondorlar Kiyevga yetib borgach, ularga 1 million rubldan pul berilishi kerak bo‘lganini aytgan. Ammo bu pullarni Ukraina hududida ishlatish imkonsiz. Chunki urush boshlangach, Ukrainada Rossiya valutasi bilan bog‘liq har qanday operatsiyalar cheklangan.

«Agenstvo» nashri esa «Birinchi kanal» efiridagi yana bir jihatga e’tibor qaratgan. FXX videosida gumondorlarning barchasi rus tilida gapirgan. Vaholanki, ularning ikki nafari dastlabki surishtiruv jarayonida rus tilini bilmasligini aytib, tojik tilida gapirgan, ularning gaplarini tarjimon kuchishlatar tuzilma vakillariga tarjima qilib turgandi.

Ma’lumot uchun, Moskva yaqinidagi «Krokus» konsert zalida 22 mart kuni sodir etilgan qonli terakt oqibatida 144 kishi halok bo‘lgani, 100 dan ortiq odam yaralangani ma’lum. O‘sha kuni terrorchilar «Piknik» guruhi konsertini tomosha qilish uchun kelgan odamlar bo‘lgan zalga bostirib kirib odamlarni avtomatda otib tashlagan. Keyin esa binoga o‘t qo‘yilgan.

Mavzuga oid