Jahon | 14:58 / 09.04.2024
6500
3 daqiqa o‘qiladi

TsAHAL «Hizbulloh» maxsus kuchlari qo‘mondonlaridan birini o‘ldirdi

Isroil armiyasi ma’lumotlariga ko‘ra, «Hizbulloh»ning mintaqadagi elita bo‘linmasi qo‘mondoni, Isroil shimolida teraktlarni rejalashtirish uchun mas’ul bo‘lgan Hojir Ali Ahmad Hasin Livan janubida o‘ldirilgan. 

Foto: Jalaa Marey/AFP/Getty Images

Isroil Mudofaa armiyasi (TsAHAL) Livan janubidagi «Hizbulloh» harakati yetakchilaridan biri o‘ldirilganini e’lon qildi. 8 aprel, dushanbaga o‘tar kechasi Isroil harbiy-havo kuchlari qiruvchi samolyotlari tomonidan zarbalar berildi, natijada mintaqadagi elita «Radvan» bo‘linmasi qo‘mondoni Hojir Ali Ahmad Hasin halok bo‘ldi, deb xabar berdi TsAHAL matbuot xizmati.

Bu ma’lumotlarga ko‘ra, Hasin va yana ikki «Hizbulloh» jangchisi Al-Sultoniya hududida o‘ldirilgan. Bundan tashqari, Hasin Isroil shimolida tinch aholiga qarshi teraktlarni rejalashtirish va amalga oshirish uchun mas’ul bo‘lganligi, 2023 yil oktyabr oyida Isroil harbiy amaliyoti boshlanganidan beri u Isroil tomon ko‘p sonli raketa uchirilishini amalga oshirganligi qayd etilgan.

AFP ta’kidlashicha, bu ma’lumot Livan davlat ommaviy axborot vositalari va razvedka doiralaridagi manbalar tomonidan tasdiqlangan. O‘z navbatida, «Hizbulloh» qo‘shimcha ma’lumot bermasdan, harakat a’zolaridan biri Ali Ahmad Hasin o‘ldirilganini ma’lum qildi. 

Isroil-Falastin mojarosi

7 oktyabr kuni ertalab HAMASning harbiy qanoti - «Izzaddin al-Qassam brigadalari» Isroilga qarshi «Al-Aqso to‘foni» operatsiyasi boshlanganini e’lon qildi. G‘azo sektoridan Isroil tomon minglab raketalar otildi, qurolli guruhlar Isroil aholi punktlariga kirdi.

HAMASning bildirishicha, operatsiya bosib olingan Sharqiy Quddusdagi Al-Aqso masjidiga bostirib kirish va isroillik muhojirlarning falastinliklarga nisbatan zo‘ravonligi kuchayib borayotganiga javoban amalga oshirilgan.

Bunga javoban Isroil armiyasi G‘azo sektorida HAMASga qarshi o‘nlab qiruvchi samolyotlardan foydalangan holda «Temir qilichlar» operatsiyasi boshlanganini e’lon qildi.

Isroil-Falastin mojarosi avj olgandan beri 33 mingdan ortiq falastinlik halok bo‘ldi. Isroilda qurbonlar soni 1400 dan oshadi. G‘azoning 2,3 million aholisi Isroilning havodan ommaviy bombardimon qilishi va eksklavning to‘liq blokadasi tufayli oziq-ovqat, suv va dori-darmonlar tanqisligidan aziyat chekmoqda.

Mavzuga oid