Jahon | 16:28 / 15.04.2024
48043
15 daqiqa o‘qiladi

Yakuza – sokinlik ichra qo‘nim topgan qora sharpalar

Yaponiya deganda ko‘pchiligimiz faqat yaxshi narsalarni tasavvur qilamiz: yaponlar hammasi madaniyatli, qonunga bo‘ysunadi, to‘g‘ri ishlaydi deb o‘ylaymiz. Ammo, unday emas. Kun.uz Yaponiyadan tayyorlagan navbatdagi ko‘rsatuvida kunchiqar yurtning qora tomoni – yapon mafiyasi bilan tanishtiradi.

Quyoshning qora tomoni”

Yaponiyaga safar qilish oldidan, uning faqatgina yorug‘ tomonini emas, teskari tarafini ham ko‘rsatishni istadim. Chunki bu mamlakatdagi 15 yil kechirgan umrim davomida, uning yaxshi va yomon tomonini ham ko‘rishga ulgurdim...

Bir boshidan boshlaymiz.

Bu orol mamlakat o‘tgan asrgacha yopiq mamlakat bo‘lgan. Yopiqlik – mamlakat madaniyati, urf-odatlari, qadriyatlarini tashqi ta’sirlardan saqlab kelgan.

Shu sababli, yaponlarning madaniyati va ba’zi taraflari tashqi olam uchun hanuz sirli bo‘lib kelmoqda. Bu yerga kelib bir muddat yashagan odam o‘zga sayyoraga tushgandek bo‘ladi. Yaxshi ma’noda albatta. Ammo, yuqorida aytilganidek, Yaponiyaning qora tarafi ham bor.

Yapon mafiyasi – yakuzalar

Sokin va obod Yaponiyaning ichida qo‘nim topgan qora sharpalar. Yovuz, ammo o‘zlarini adolatli deb hisoblaydigan, shaharlarning eng himoyasiz qismlarini dahshatga soladigan kuch. Oddiy yaponlar “yakuza” so‘zini shivirlab aytishadi yoki... ishora bilan ko‘rsatishadi.

Kim ular – yakuzalar?

Ularning yopiq, ommaga ko‘rinmaydigan jamiyati bor. Deyarli barchasining tanasida tatuirovka bor va ba’zilarining barmoqlari yo‘q…

Yakuzalar haqida reportaj qilmoqchiligimizni aytganimizda, biz bilan hamkorlik qilgan yapon diplomatlari “ular bilan aloqa qilmaslikni tavsiya qilamiz”, deyishdi. Ammo biz niyatimizdan qaytmadik.

Ularni qanday topishni ham bilmasdik. Yakuzaning ichki qoidasi bo‘yicha, yakuza a’zosi o‘zi mansub bo‘lgan oila haqida tashqarida gapirishi mumkin emas – jazosi qattiq. Boshliqlarni xatlab o‘tib, o‘zboshimchalik bilan ish qilishning jazosi esa – o‘lim.

Kichikroq ayb uchun uzr so‘rash yo‘li – barmoq bilan qurbonlik qilish. Kinolardagi dahshatli sahnalarni ko‘rgan bo‘lsangiz kerak.

Shuning uchun guruhdan chiqib, hozirda erkin jamiyat vakiliga aylangan sobiq yakuzalarni qidira boshladik. Izlanish behuda ketmadi…

Kun.uz operatori qatori men ham haqiqiy yakuza bilan ilk bor uchrashdim. Oilaning sobiq vakili bilan tanishtirishdan oldin Yakuza haqida ikki og‘iz ma’lumot.

Yakuza – dunyodagi eng mashxur jinoiy sindikatlardan biri. Aytishlaricha, ularning yillik daromadi 100 mlrd dollardan oshadi. Taqqoslash uchun, O‘zbekistonning yalpi ichki mahsuloti – 90 mlrd dollar. Yakuzalar qimor, giyohvand moddalar savdosi, biznesga homiylik qilish va hokazolar bilan shug‘ullanadi. Guruhning kelib chiqishi haqida taxminlar mavjud.

  • Birinchi faraz. O‘tgan asrlarda xo‘jayinidan ayrilgan, ishsiz qolgan samuraylardan kelib chiqqan.

  • Ikkinchi faraz. Oldi-qochdi sifatsiz mahsulotlarni sotib yurgan ko‘chmanchi mayda savdogarlardan, Tekiya va Bokudo ismli savdogarlar guruhidan boshlangan.

  • Uchinchi faraz. Ular qadimgi yapon Robin Gudi – qishloqlarni va dehqonlarni himoya qilgan Machi Yakoning izdoshlari.

Yakuzaning ta’sir doirasi Yaponiya bilan cheklanmaydi. Ular o‘zlarini “jinoyatchilikni nazorat qiluvchi kuch” deb biladilar. 70-80-yillarda ular biznes boshqaruvi, iqtisodiyot, xavfsizlik, siyosat va hatto parlamentga ta’sir qila boshlashdi.

1990-yillar o‘rtalaridan boshlab Yaponiya hukumati “tozalash ishlari”ni boshladi. Yakuza kirdikorlari jamoatchilikka oshkor qilindi, jamiyatda ularga nisbatan nafrat hissi paydo qilindi, vakillariga biznesi bilan shug‘ullanish, bankda hisobraqam ochish, uy sotib olish sohalarida cheklovlar joriy qilindi. Yakuza a’zosi hatto guruhdan chiqqanidan keyin kamida 5 yil davomida bankhisobini ochishi yoki ijara shartnomasini tuzishi mumkin emas. Badanida yakuza tatuirovkasi borlarni jamoat hammomlari, restoranlari va nufuzli davlat tashkilotlariga kirgizish taqiqlandi. Yaponlar tatuli yoki barmog‘i yarmidan kesilgan odamni ko‘rishsa, uni chetlab o‘tishga harakat qiladigan bo‘lishdi.

Bu – gangsterlar olamida kimlar yashaydi? Insonni shayton bilan shartnoma tuzishga nima majbur qilishini tushunish uchun men yakuzalar dunyosiga kirishga harakat qildim. Menga sobiq yakuza a’zosi bilan uchrashish nasib qildi. U menga o‘tmishi haqida gapirib berarkan, ko‘zlarida nafaqat qo‘rquvni, balki qayg‘uni, aybdorlik va afsuslanish hissini ham payqadim. Yo‘qotilgan imkoniyatlar, umr, umidlar...

Uning iltimosi bilan ismini o‘zgartirib aytaman. U – bir vaqtlar Nagoyaning Sakaya shahar hududini “ushlab qo‘ygan” mafiya oilasini boshqargan sobiq yakuzalardan.

Yamauchi San, intervyuga rozilik berishingiz qiyin bo‘lganini bilamiz. Roziligingiz uchun tashakkur. Oiladan chiqish qiyin bo‘lmadimi?

– Oiladan chiqqanimga 10 yil bo‘lmadi. Asosiy qarorni qolgan umrimni qilgan yomonliklarimni yaxshilik qilib o‘chirish, odamlarga yordam berish, oddiy odamlar qatori yashash istagi ustunlik qilgani uchun qabul qildim. Oson bo‘lmadi...

Vijdon azobi demoqchimisiz? Qiyin bo‘lmadi deyapsiz. Oila qarshilik qilmadimi?

– Vijdon azobimi, yoki ichimdagi yaxshilik qilish hissi kuchlilik qildimi… Lekin, buning uchun yakuzalar tomonidan bosim sezmaganman. Chiqqanimdan keyin ortga yo‘l yo‘qligini bilardim. Bu mening mustaqil qarorim.

Ayting-chi, yakuzalar kim, yapon jamiyatida qanday o‘rinda turadi?

– Yakuza bo‘lishning asosiy qoidasi bu – itoat qilish.

Yakuza jamiyatining mexanizmi – o‘zingdan yuqori turgan rahbarga so‘zsiz itoat qilishga qurilgan. U yaxshi yoki yomon topshiriq bersa ham, albatta bajarish kerak. O‘z fikringizni aytishga haqqingiz yo‘q. Bajarasiz, tamom.

Bajarmasa nima bo‘ladi?

– O‘lim. U bilan xayrlashiladi.

Agar bilmasdan qilsa-chi, xato qilsa-chi?

– Yubitsume, ya’ni barmog‘ini kesib uzr so‘rashi lozim. Sizga bo‘ysunadigan yakuzaning aybi bilan bo‘lsa ham, siz javobgarsiz.

Sizning barmog‘ingiz kesilmagan, demak xato qilmagansiz.

– Shunday.

Uzr so‘rash uchun boshqa yo‘llari ham bormi?

– Puli bo‘lsa, badalini to‘lash bilan ham uzr so‘rashi mumkin. Masalan, 1 mln, 10 million iyena. Bu – xatoning katta-kichikligi va o‘zidan katta rahbarning qaroriga bog‘liq.

Hozir nima ish qilasiz?

– Men yakuzalar to‘dasida ikkinchi odam edim. Bu guruhdan chiqib, hozir bandlik sohasida ishlayman. Ishsizlar ishga joylashishiga yordam beradigan HR kompaniyani boshqaraman.

Yakuzalardan yaponlar qo‘rqishadi. Chindan ham ular shunchalik qo‘rqinchli – yomonmi?

– Yo‘q, unday emas. Yakuzalar xiyonat qilmaydi. Doimo sadoqat bilan itoat qiladi.

Siz hozir ularni himoya qilmayapsizmi?

– Yo‘q. Albatta, har qanday yomon va qonunga xilof ishlarni qilganmiz. Ammo biz buni xohlaganimiz uchun emas, shu yo‘lni tanlaganimiz uchun va boshliqning aytgani bizga qonun bo‘lgani uchun qilganmiz.

Siz bu guruhga qanday kirib qolgandingiz?

– Ota-onam bo‘lmagan, ko‘chada o‘sganman. Shuning uchun o‘zim hurmat qilgan odamga ergashganman. U yakuza bo‘lgan. Va bu yo‘lga o‘z-o‘zidan kirib qolganman.

Yakuza tashkilotida kechirilmaydigan bir qator gunohlar bor:

1. Xiyonat: Xiyonatning har qanday ko‘rinishi – jinoyat. Jumladan, politsiya yoki raqobatchilar bilan muloqot qilish. Bu o‘ta qattiq jazolanadi.

2. Qoidalarni buzish. Yakuzada sharaf kodeksi va xulq-atvor qoidalari mavjud. Ularni buzish jazolanishi mumkin. Kattalarning roziligisiz ish qilish, ko‘rsatmalariga rioya qilmaslik shular jumlasidan.

3. Obro‘ni tushirish. Yakuzalar dunyosida obro‘ katta rol o‘ynaydi. Guruh yoki a’zolarning obro‘siga putur yetkazadigan harakat jiddiy ayb hisoblanadi. Mojaroda o‘z guruhini qo‘llab-quvvatlamaslik yoki guruhni kamsituvchi vaziyatlarda ishtirok etish mumkin emas.

4. Qarzlarni to‘lamaslik. Yakuzalar dunyosida qarzlar muqaddas sanaladi – qarzni to‘lash kerak. To‘lamaslik ishonch va hurmatni buzish bo‘ladi.

Ushbu qoidalar yakuza dunyosida qat’iy iyerarxiya va intizomni saqlashga yordam beradi.

Eshitishim bo‘yicha yakuzalar faoliyatining yana bir yo‘nalishi bu – odam savdosi, odamlarni, xususan muhojirlarni noqonuniy ishlatish. Odamlarning pasporti ham olib qo‘yiladimi?

– Ha, albatta, olib qo‘yiladi. U qochib ketolmaydi. Yaponiyadan chiqib ketishi imkonsiz. Lekin, yakuzalar bu ishlarni o‘zlari bajarmaydilar, aloqador rasmiy firmalar orqali amalga oshiriladi. Yakuzalarning aloqasini bu jarayonda topish qiyin.

Lekin baribir buning orqasida yakuzalar turadi, shunday emasmi?

– Ha bu murakkab mexanizm, ammo shunday.

Agar u qochib ketsa-chi? Yoki bo‘ysunmasa?

– Unda u bilan xayrlashishga to‘g‘ri keladi, jazosi og‘ir. Chunki ayb uning o‘zida: noqonuniy ishlash yo‘lini o‘z ixtiyori bilan tanlagan. Shunga, badaliga ham tayyor turishi kerak.

Yakuza mehnat migrantlaridan turli yo‘lda foydalanadi – kontrabanda va boshqa noqonuniy faoliyat uchun ishlatadi. Ekspluatatsiya qilishning ba’zi turlari:

1. Mehnatga majburlash. Yakuza mehnat muhojirlarini qurilish, tozalash yoki sanoat ishlari kabi ishlarni bajarish uchun noqonuniy yollashi mumkin. Zo‘ravonlik, shantaj bilan ularni minimal maosh evaziga yoki umuman ish haqi bermasdan ishlatadi.

2. Fohishalik. Yakuza mehnat muhojirlarini yuqori maosh va’da qilib, fohishalikka tortadi. Keyin esa ularni tahdid, zo‘ravonlik va giyohvandlik moddalari orqali nazorat qilishi mumkin.

3. Kontrabanda va odam savdosi. Mehnat muhojirlaridan giyohvandlik moddalari, qurollar kabi noqonuniy mulkni chegaradan olib o‘tish uchun, shuningdek odam savdosida foydalanishi mumkin. Migrantlarning o‘zlarini ham sotib yuborishlari mumkin.

4. Qarz qulligi orqali. Yakuza mehnat muhojirlariga yuqori foizli kreditlar berishi va keyin ularni qarz quli qilib olishlari mumkin. Bu vaziyatda faqat bitta umid – huquq-tartibot idoralari, inson huquqlari tashkilotlari, xalqaro tashkilotlar va elchixonalardan yordam so‘rash. Ammo bu uchun kuch topish kerak. Bu qo‘rqinchli qadam, biroq qullikdan ozod bo‘lishning yagona yo‘li.

Siz kitob o‘qiysizmi?

– O‘qiyman.

Qanday kitobni yaxshi ko‘rasiz?

– Har xil. Hayotiy va tarixiy kitoblarni yoqtiraman. Ba’zida kitob juda qiziqarli bo‘lgani uchun qayta-qayta o‘qiyveraman.

Sevimli mashg‘ulotingiz bormi?

– Oldinlari mototsikl haydash edi. Hozir yo‘q.

Agar Xudo sizga yana bir umr bersa, qanday inson bo‘lishni xohlaysiz?

– Oddiy ofis xodimi bo‘lib ishlashni istardim.

Janob Yamauchi yakuzaga qo‘shilganidan afsusdami?

– Yo‘q.

Baxtlimisiz?

– Ha, baxtliman deya olaman, chunki erkinman, xohlagan ishimni qila olaman, insonlar bilan ko‘risha olaman.

O‘zingiz bilan faxrlanadigan jihatlaringiz qaysi?

– Men do‘stlikni qadrlayman va do‘stlikka sodiqman.

Oilangiz bormi?

– Yo‘q.

Oila qurmoqchimisiz?

– Yo‘q.

Hayotingizda ko‘zingizga yosh keladigan eng qayg‘uli narsa nima?

– Menda unday vaziyat bo‘lmagan.

Yig‘lamaganmisiz?

– Yo‘q.

Umuman?

– Umuman yig‘laganimni eslolmayman. Menda xafa bo‘lish, o‘zimga achinish, yoki birovga achinish hissi yo‘q. Bo‘lishi kerak narsa bo‘ladi. Bo‘lib o‘tgan narsani qaytarib bo‘lmaydi. Yig‘lasangiz ham qaytib kelmaydi. Vaziyatga qanday ko‘z va hissiyot bilan qarashingizga qarab ko‘zga yosh keladi yoki kelmaydi. Ba’zan qayg‘uli vaziyatga boshqa tarafdan nazar solsangiz, vaqt o‘tishi bilan u sizga aslida yaxshi va xayrli bo‘lganini anglaysiz. Bu dunyoda hamma yomon narsaning yaxshi sababi bor. Buni ko‘ra olgan odam achinmaydi, taqdirga tan beradi.

Biz yakuzalar olamidan chiqib, hozirda oddiy odamlar orasida yashayotganlardan yana biri suhbatlashdik.

“Bilasizmi, biz ko‘proq iqtisodiy maxinatsiyalar bilan bog‘liq ishlarni qildik. Masalan, biz yuqori foizga qarzga pul berardik va shu orqali bizneslarni bo‘ysundirardik. Kazino va shunga o‘xshash nuqtalarni himoya qilib, ulush olardik. Kompaniyalarning zaif tomonlarini topib, shantaj qilardik”, – deydi u.

Yakuzalar Yaponiyaning qorong‘i tomoni bo‘lsa-da, bu gangsterlar ba’zan jamiyatga manfaatli harakatini ham ko‘rsatishga qodir. Masalan, ular zilziladan keyingi og‘ir kunlarda yurtdoshlariga bebaho yordam ko‘rsatdilar. Ular eng zarur bo‘lgan paytda falokat markazida bo‘lishdi: vayronalar ostidan odamlarni olib chiqishdi, oziq-ovqat va suv tarqatishdi, vayron bo‘lgan hududlarni tiklash uchun kattagina mablag‘ berishdi.

Biz yakuzalar olamiga jindek mo‘raladik, xolos. Va qorong‘i tunnel tubida doim yorug‘lik borligini yana bir bor esladik. Har qanday inson va har qanday jamiyatning yorug‘ va qorong‘i tomonlari bor, tanlov esa – har kimning o‘z izmida.

Dilafruz Ikromova

Mavzuga oid