O‘zbekiston | 18:38 / 17.04.2024
18310
2 daqiqa o‘qiladi

«Rinotin kids» biologik faol qo‘shimchasiga berilgan ruxsatnoma bekor qilindi

Bunday qaror aholi orasida ovqatdan zaharlanish holatlari kelib chiqishining oldini olish maqsadida qabul qilingani ta’kidlanmoqda. 

Foto: apteka.uz

Sanepidqo‘mita tomonidan «Rinotin kids» biologik faol qo‘shimchasini O‘zbekiston hududida sotish uchun berilgan ruxsatnoma bekor qilindi. 

Qayd qilinishicha, bunday qaror aholi orasida ovqatdan zaharlanish holatlari kelib chiqishining oldini olish maqsadida qabul qilingan. Ammo, Sanepidqo‘mita qanday asosga ko‘ra ruxsatnomani bekor qilganiga oydinlik kiritilmagan. 

Avvalroq, Sanepidqo‘mita ushbu biologik faol qo‘shimcha Italiyada ishlab chiqarilgani, uni O‘zbekistonga olib kirish uchun «Gricar Chemical S.R.L» kompaniyasi ishonchnomasiga binoan Cynergy Pharmco korxonasiga ruxsatnoma berilgani, shuningdek, mazkur mahsulotga xavfsizligini tasdiqlovchi Sanitariya-epidemiologik xulosa olingani haqida xabar bergan edi. 

Ta’kidlanishicha, Cynergy Pharmco korxonasiga barcha savdo tarmoqlari hamda dorixonalardan «Rinotin kids» sirop mahsulotini qaytarib olish topshirig‘i berilgan. Korxona tomonidan 28 ta dorixonadan mahsulot qaytarib olingan.

Mavzuga oid