Jahon | 08:08 / 25.04.2024
2974
3 daqiqa o‘qiladi

TikTok AQShda ehtimoliy taqiqlanishiga qarshi sudda kurashmoqchi

TikTok ijtimoiy tarmog‘i AQShda ehtimoliy taqiqqa kurashsiz taslim bo‘lish niyatida emas: kompaniya o‘z huquqlarini sudda himoya qilishga tayyor. Avvalroq prezident Bayden TikTok egasidan ushbu ijtimoiy tarmoqni sotishni talab qiluvchi qonunni imzolagan edi.

Foto: Getty Images

TikTok ijtimoiy tarmog‘i AQShda unga tahdid solayotgan taqiqni jangsiz qabul qilmoqchi emas. 24 aprel, chorshanba kuni AQSh prezidenti Jo Bayden TikTok egasi, Xitoyning ByteDance konsernini Amerika biznesini bir yil davomida sotishga majburlovchi qonunni imzolaganidan so‘ng, onlayn-platforma rahbari Shou Tszi Chu shunday dedi: «Ishonchingiz komil bo‘lsin, biz hech qaerga ketmaymiz. Faktlar va Konstitutsiya biz tomonda va biz yana g‘alaba qozonamiz».

«Xato qilmang, bu taqiq. Tiktok’ga, sizga va sizning ovozingizga taqiq», - dedi TikTok rahbari kompaniya o‘z huquqlari uchun sudda kurashishini qo‘shimcha qilib.

AQSh Kongressi qabul qilgan va Oq uy rahbari tomonidan imzolangan qonun ByteDance konserniga ijtimoiy tarmoqni XXR yurisdiksiyasiga kirmaydigan boshqa mulkdorga o‘tkazish majburiyatini yuklaydi. Agar bu bir yil ichida amalga oshmasa, dastur Qo‘shma Shtatlarda taqiqlanishi mumkin. 

TikTok’ning ehtimoliy taqiqlanishi Qo‘shma Shtatlar milliy xavfsizligiga tahdid bilan bog‘liq. AQShdagi tanqidchilar ijtimoiy tarmoqni Xitoy hukumatiga yaqinlikda va foydalanuvchilarning shaxsiy ma’lumotlaridan noqonuniy foydalanganlikda ayblamoqda. TikTok rahbariyati barcha ayblovlarni rad etadi.

Tanqidchilar: TikTok taqiqlanishi - so‘z erkinligiga hujum

Avvalroq TikTok ehtimoliy taqiqlanishini so‘z erkinligiga hujum deb atagan edi. Biroq, bu qonunning boshqa tanqidchilari ham bor: masalan, demokrat senator Ron Uayden bundan AQShning bo‘lajak hukumati amerikaliklar so‘z erkinligini cheklash uchun foydalanishi mumkinligi haqida ogohlantirdi. Amerika fuqarolik erkinliklari ittifoqi (American Civil Liberties Union, ACLU) butun dunyo bo‘ylab «ijtimoiy tarmoqlarni hukumat tomonidan haddan tashqari nazorat qilish» uchun xavfli pretsedent yuzaga kelganini aytdi. 

Huquqiy ekspertlarning ta’kidlashicha, agar TikTok sudga murojaat qilsa, Qo‘shma Shtatlar ushbu xizmat milliy xavfsizlik yoki boshqa muhim hukumat manfaatlariga tahdid solayotganini isbotlashi kerak bo‘ladi. Rasmiylar, shuningdek, qonun TikTok uchun maxsus ishlab chiqilganligini isbotlashi kerak. 

Qo‘shma Shtatlarda 170 million kishi ushbu ijtimoiy tarmoqdan foydalanadi, bu mamlakat aholisining qariyb yarmini tashkil qiladi.

Mavzuga oid