O‘zbekiston | 16:49 / 30.04.2024
5460
7 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistondagi maktablarning 87 foizida kanalizatsiya yo‘q - Delivery Unit

Hatto jozibali ko‘rinish va zamonaviy jihozlarga ega yangi maktablarda bino ichida hojatxona bo‘lsa-da, ular qulflab qo‘yilgan, natijada o‘quvchi va o‘qituvchilar elementar talablarga javob bermaydigan hovlidagi hojatxonalarga borishga majbur. Bu haqda O‘zbekistondagi 9,5 mingga yaqin maktab bo‘yicha tadqiqot o‘tkazgan Strategik islohotlar agentligining Delivery Unit jamoasi ma’lum qildi. Tashabbuskorlar maktablarga mablag‘ ajratishni ko‘paytirishni va “uch yulduz” tizimini taklif etmoqda.

Foto: Kun.uz

O‘zbekiston prezidenti huzuridagi Strategik islohotlar agentligi Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi tizimidagi 9 442 ta maktabni inventarizatsiyadan o‘tkazdi.

Agentlikning Delivery Unit jamoasi (Natijalarga erishish boshqarmasi) bu jarayonda maktablar binolari, tomlari, elektr, isitish ta’minoti tizimlari, oshxonalar, faollik zallari, hojatxonalarning texnik holati, shuningdek, devor, pol, deraza va eshiklarning holatini baholagan.

O‘rganish yakunlari bo‘yicha Kun.uz'ga taqdim etilgan ma’lumotga ko‘ra, tadqiqot uchun alohida veb-sayt yaratilib, mutaxassislarga kadastr ma’lumotlariga kirish imkoniyati berilgan. Bir binoli maktablar uchun 55 ta savol tuzilgan; binolar qancha ko‘p bo‘lsa, shuncha ko‘p savolga (85 tagacha) javoblar olingan. Anketalarni to‘ldirganlar familiyasi, telefon raqami va maktab STIRi orqali tekshirilgan.

Maktablar qurish davrlar kesimida

Ma’lum bo‘lishicha, hozirda mavjud maktablarning eng qadimiysi 1871 yilda Andijon shahri Mustaqillik mahallasida qurilgan. Yangi ta’lim muassasalari qurilishning eng faol bosqichlari 1984-1989 hamda 2006-2009 yillarga to‘g‘ri keladi, bu vaqt davomida mos ravishda 1391 ta va 1298 ta maktab barpo qilingan.

Hududlar kesimida yillar davomida maktablar qurilishi / Foto: Strategik islohotlar agentligi

Suvsiz, kanalizatsiyasiz maktablar

So‘rov natijalariga ko‘ra, maktablarning 87 foizida markaziy kanalizatsiya tizimi mavjud emas.

“Hatto yangi maktab binolarida, jozibali ko‘rinish va zamonaviy jihozlar mavjud, rekonstruksiya loyihasiga muvofiq bino ichida o‘quvchilar va o‘qituvchilar uchun hojatxona o‘rnatilgan, biroq ma’lum bo‘lishicha, hojatxona qulflangan. Natijada maktab o‘quvchilari ham, o‘qituvchilar ham ko‘p hollarda oddiy sanitariya va gigiyena talablariga javob bermaydigan maktab hovlisidagi hojatxonalardan foydalanishga majbur bo‘lmoqda”, – deya qayd etgan Delivery Unit.

Qolaversa, o‘rganishlarda maktablarning 53 foizi markazlashgan suv ta’minoti bilan ta’minlangani aniqlangan, qolgan 47 foiz maktablar quyidagicha taqsimlangan: 27 foizi quduqdan, 11 foizi yetkazib beriladigan suvdan foydalanadi va 9 foizida umuman suv yo‘q.

Sanitariya-epidemiologiya osoyishtaligi qo‘mitasining 2023 yil bo‘yicha tayyorlagan ma’lumotlariga ko‘ra, 2022 yilga nisbatan respublikada virusli gepatit A bilan kasallanish ikki baravarga oshgan, maktab yoshidagi bolalarda 39 foizni tashkil etgan. Bunga esa aynan suv ta’minoti, kanalizatsiya, sanitariya va gigiyena bilan bog‘liq muammolar sabab bo‘lishi mumkin.

Jarayon zanjir bo‘lib nafaqat bolalar salomatligining yomonlashishiga, balki davomatga ham bevosita ta’sir ko‘rsatishi aytiladi. SIAga ko‘ra, 39 foiz maktab rahbarlari hojatxonalar holatini o‘quvchilar davomatining pastligi bilan bevosita bog‘laydi.

Bu holat bolalarning maktab hojatxonasidan foydalanishni xohlamasligiga, oqibatda siydik yo‘llari tizimi kasalliklariga chalinishiga olib kelishi mumkin.

Nima qilish kerak?

Strategik islohotlar agentligining Delivery Unit jamoasi holatni o‘rganish va takliflar ishlab chiqish uchun avstraliyalik sanitariya va gigiyena bo‘yicha mutaxassis Mark Elleri bilan suhbatlashgan. U maktablar uchun yangi hojatxonalarni loyihalash va mavjudlarini yangilash uchun turli xil arzon takliflarni ishlab chiqqan.

Mutaxassisning aniqlashicha, muammolarning asosiy sabablaridan biri – suv yetishmasligi va maktablar ichidagi hojatxonalarning noto‘g‘ri qurilgani bilan bog‘liq. Chuqur kovlama hojatxonalar tez to‘ladi, uni tozalash uchun mablag‘ yetishmaydi. Maktab ichidagi hojatxonalar esa muassasa ma’muriyati tomonidan yopib qo‘yiladi va bolalar ko‘pincha suvi bo‘lmagan tashqi hojatxonalardan foydalanishga majbur bo‘ladi.

Ta’kidlanishicha, hojatxonalarda badbo‘y hid paydo bo‘lishining oldini olish uchun beton qoplamadan voz kechish kerak. Chunki hojatxonalarda beton gidroizolyatsiyasi deyarli bajarilmaydi, chiqindilarni yo‘q qilish tizimlari yo‘q, bu ularning tezda to‘lishiga olib keladi.

WASH standarti haqida

Qayd etilishicha, maktablar uchun WASH standartlari – “uch yulduz” (Three star) tizimi mavjud. O‘zbek maktablariga ham shularni joriy qilish taklif etilmoqda. Unga ko‘ra:

  • bir yulduz qizlar va o‘g‘il bolalar uchun toza va alohida hojatxonalari mavjud bo‘lgan, ichimlik suv bilan ta’minlangan hamda sanitariya va gigiyena qoidalarini qo‘llab-quvvatlashga jamoatchilik vakillarini jalb qilgan maktablarga beriladi;
  • ikki yulduz o‘quvchilar ichimlik suvdan bepul foydalanishlari, hojatxonadan foydalangandan keyin qo‘llarini sovun bilan yuvish imkoniyati va o‘quvchilar uchun qo‘shimcha hojatxonalar mavjud maktablarga beriladi;
  • qo‘shimchasiga o‘quvchilari gigiyena qoidalariga o‘rgatiladigan, nogiron o‘quvchilar uchun sanitariya inshootlari mavjud bo‘lgan maktablarga uch yulduz beriladi.

Delivery Unit xulosasiga ko‘ra, O‘zbekiston maktablari yetarli darajada moliyaviy yordam olmaydi. Masalan, binoni ta’mirlash uchun mahalliy budjetdan yiliga atigi o‘rtacha 2,5 million so‘mga yaqin mablag‘ ajratiladi.

”Bolalar uchun sanitariya va gigiyenaning asosiy sharoitlarini ta’minlash uchun maktablarni moliyalashtirishni qayta ko‘rib chiqish va ko‘paytirish zarur. Shuningdek, hududlardagi barcha suv ta’minoti loyihalarida yaqin atrofdagi barcha maktablarni suv ta’minoti tizimiga bog‘lash kerak”, – deydi jamoa.

Hozirda yig‘ilgan ma’lumotlar asosida maktablarning infratuzilmasini bir necha yo‘nalishda baholash ishlari davom etmoqda.

Eslatib o‘tamiz, shu yil mart oyida Makroiqtisodiy va hududiy tadqiqotlar instituti maktablarning infratuzilmasi va ta’lim sifatiga oid tahlillarini taqdim qilgandi. Unga ko‘ra, O‘zbekistondagi maktablarda bitta o‘ringa 1,2 nafar o‘quvchi to‘g‘ri keladi. Maktablarning deyarli 16 foizi kapital ta’mirlashga muhtoj, 4,6 foizi esa umuman yaroqsiz holatda. 70 foizi kanalizatsiya tizimiga, 28,4 foizi esa internet tarmog‘iga ulanmagan.

Avvalroq Kun.uz maktabdagi tashqi hojatxonalar holati haqida tahliliy material e’lon qilgan edi.

Mavzuga oid