Toshkentda malaka test sinovlari qanday o‘tyapti? – reportaj
15 apreldan O‘zbekistonda malaka toifalarini olish uchun test sinovlari boshlangandi. 2 bosqichda o‘tayotgan imtihon 22 mayga qadar jami 200 ming nafardan ziyod pedagogni qamrab olishi kutilmoqda. Kun.uz test bo‘layotgan binoda bo‘lib, fizika va kimyo fani imtihonida bo‘ldi.
Jarayonning birinchi bosqichida pedagogning mutaxassislik fani va kasb standarti bo‘yicha bilim darajasi baholanadi. Bunda pedagoglarga mutaxassislik fani bo‘yicha 35 ta hamda kasbiy standartlariga oid 5 ta test savollari beriladi. Ikkinchi bosqichda esa pedagogik mahorati baholanadi. Bunda pedagogik mahoratni aniqlash maqsadida 10 ta savol-topshiriq beriladi.
Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligining Ta’lim tashkilotlarini davlat akkreditatsiyasidan o‘tkazish bo‘limi boshlig‘i Sardor Rahimboyev testda tushayotgan savollarning darajasi, validligi haqida gapirib berdi.
"Bu yilgi savollar Pedagogik mahorat markazi tomonidan xorijiy, mahalliy ekspertlar jalb qilingan holda testologiya me’yorlar asosida tuzildi. Buning spetsifikatsiyasi va foydalanilgan darslar ro‘yxati test boshlanishidan 1 oy oldin vazirlikning rasmiy saytida e’lon qilingan. Biz testlarning validligini tekshirish uchun test boshlanishidan 2-3 hafta oldindan boshlab o‘qituvchilarga onlayn test sinovlaridan o‘tish imkonini berib, istagan nomzod xohlagan joyida kirgan holda testlarni topshirib, validligini tekshirish imkoniyati bo‘ldi.
Bundan tashqari, biz Toshkent shahrida 3 marta, respublikada 2 marta barcha o‘qituvchilar orasida bugungi kunda bo‘layotgan vaziyatni sinovdan o‘tkazdik. Ya’ni bunda o‘qituvchilarni taklif qilgan holda veb-kameralardan o‘tib, savollarning natijalarini ko‘rib ketishgan. Bildirilgan fikr-mulohazalariga qarab savollar takomillashtirilgan, jarayon tartibga solingan", – dedi u.
Qo‘shimcha qilinishicha, attestatsiya imtihonlariga qo‘yilgan savollar Singapur, BAA, Janubiy Koreyadan kelgan chet ellik mutaxassislar, Pedagogik oliy ta’lim muassasalarining professor-o‘qituvchilari, ixtisoslashgan, prezident, ijod maktablarining ustozlari, umumta’lim muassasalarining tadqiqot olib boruvchi pedagoglari bilan tayyorlangan.
Shuningdek, mas’ul vakil test sinovigacha bo‘lgan jarayon qanday tashkil etilgani va bu tartibni buzgan ishtirokchilarga qanday chora ko‘rilishini tushuntirdi.
"Bu jarayonda o‘qituvchiga ko‘riladigan eng og‘ir jazoning o‘zi – testdan chetlashtirish. Ya’ni pastda guvohi bo‘ldingiz, o‘qituvchilarning aloqa vositalarini olib qolish uchun maxsus joylar qilingan, agar shu jarayondan yashirincha olib o‘tilsa, boshqa o‘qituvchilarga nisbatan adolatsizlik bo‘ladi. Shu sababli belgilangan tartibga binoan har qanday imtihonda yordamchi qo‘shimcha vositalardan foydalanish taqiqlangan.
Mana, ko‘rib turibsiz, orqamizda ekranda ham butun respublikani kuzatib turibmiz. Bundan tashqari, har 25 nafar o‘qituvchiga kuzatuvchi belgilangan. Aloqa vositalarini olib kirishgan taqdirda ham undan foydalanish imkoni yo‘q", – dedi Rahimboyev.
Bu yilgi attestatsiya testlarining o‘tgan yillardan farqini bilish uchun Kun.uz imtihonda qatnashib chiqqan bir qancha o‘qituvchilarning ham fikri bilan qiziqdi. O‘qituvchilar bu yilgi imtihonning tashkiliy qismlarini ijobiy baholashdi. Ammo ayrim savollar biroz qiynaganini aytib o‘tishdi.
Ta’kidlanishicha, attestatsiya natijalari QR-kod qo‘yilgan elektron shakldagi pedagoglarning shaxsiy kabinetlariga yuboriladi. Attestatsiya natijasiga ko‘ra, pedagog kadrlarning oylik ish haqlariga kiritiladigan o‘zgarishlar avtomatik tarzda hisoblab chiqarilishi uchun UzASBO yoki boshqa moliyaviy hisob-kitob dasturlariga taqdim qilinadi.
Ma’lumot uchun, hozirda umumta’lim maktablarida jami 525 737 nafar pedagog faoliyat yuritadi. Ularning 53 914 nafari oliy, 101 751 nafari birinchi, 126 759 nafari ikkinchi malaka toifali, 177 122 nafari mutaxassis lavozimiga ega, 66 191 nafari esa toifasiz (o‘rta-maxsus ma’lumotli).
Mavzuga oid
16:35 / 23.12.2024
1 yanvarga o‘tar kechasi Toshkent metropoliteni ish jadvali 2 soatga uzaytiriladi
18:02 / 21.12.2024
Faoliyatda qonun buzilishi, sertifikatsiz o‘qituvchilar va norozi ota-onalar – “NEWTON ACADEMY” o‘quv markazi haqida nimalar ma’lum?
18:36 / 20.12.2024
Toshkentdagi elektromobillarni quvvatlash stansiyalarini demontaj qilish buyurildi
13:54 / 19.12.2024