Jahon | 15:40 / 04.05.2024
7800
3 daqiqa o‘qiladi

AQSh Ukrainaga yana 50 mlrd dollar ajratishni taklif qildi

Taxminlarga ko‘ra, ushbu mablag‘lar Rossiyaning muzlatilgan aktivlaridan olingan foydadan qoplanadi, ular bo‘yicha foizlar yig‘ilishda davom etyapti. Vashington bunda «yakka Qo‘shma Shtatlar» emas, balki G7 mamlakatlari ham ishtirok etishini xohlayapti.

Foto: AA

Qo‘shma Shtatlar Rossiya hujumiga uchragan Ukrainaga 50 milliard dollar (46 milliard yevrodan ortiq) yordam ko‘rsatadigan ittifoqchilar guruhiga rahbarlik qilish uchun hamkor davlatlar bilan muzokaralar olib bormoqda. Bu haqda 3 may, juma kuni Bloomberg yozdi. Agentlikning aniqlik kiritishicha, ushbu summa Rossiyaning muzlatilgan aktivlari bo‘yicha foizlar yig‘ilishda davom etayotgan daromaddan to‘lanishi kutilmoqda.

AQSh Moliya vazirligi va Oq uy bu fikrga izoh berishdan bosh tortdi. Biroq, AQSh moliya vaziri Janet Yyellen Bloomberg agentligiga bunday muhokamalar davom etayotganini tasdiqladi. «Ideal holda, biz faqatgina Qo‘shma Shtatlar emas, balki butun G7 ishtirok etishini xohlaymiz», dedi u. 

Agentlik manbalariga ko‘ra, Qo‘shma Shtatlar «Yettilik guruhi» (G7) yetakchilarining Italiyada bo‘lib o‘tadigan uchrashuvida iyun oyidayoq kelishuv tuzishni talab qilmoqda. Mavzu bo‘yicha munozaralar qiyin kechadi va kelishuv bir necha oy davom etishi mumkin, deydi taklif bilan tanish odamlar. Aksariyat Yevropa davlatlari Rossiyaning muzlatilgan aktivlarini to‘g‘ridan to‘g‘ri musodara qilishga qarshi va yevro barqarorligiga putur yetkazadigan yoki Rossiya ulardan o‘ch olishiga olib keladigan takliflarga shubha bilan qaraydi, deb yozadi Bloomberg. 

Bloomberg: Rossiyaning muzlatilgan aktivlari - taxminan 260 mlrd yevro 

Rossiyaning 2022 yil fevralida Ukrainaga hujumiga javoban G7 davlatlari Rossiya banklarining 260 milliard yevroga yaqin aktivlarini muzlatib qo‘ydi, ularning aksariyati Belgiyadagi Euroclear Yevropa depozitariysida saqlanadi. Euroclear’ning 2024 yil birinchi choragidagi moliyaviy natijalariga ko‘ra, Rossiya muzlatilgan 159 milliard yevroga yaqin aktivlari 557 million yevro sof foyda keltirgan. 2024 yil fevral oyi boshida e’lon qilingan 2023 yil uchun hisobotida depozitariy aktivlarni investitsiya qilish majburiyati munosabati bilan ushbu mablag‘lar bo‘yicha 4,4 milliard yevroni foiz ko‘rinishida olganini ta’kidladi. 

Bu aktivlar yiliga taxminan 5 milliard yevro keltirishda davom etishi kutilmoqda va AQSh taklifining asosiy argumenti bu daromadlardan Ukraina yaqin kelajakda oladigan yordam miqdorini oshirish uchun foydalanishdan iborat, deb yozadi Bloomberg. Boshqa taklif qilingan variantga ko‘ra, ittifoqchilar o‘ta yuqori daromad bilan qo‘llab-quvvatlanadigan maxsus maqsadli kompaniya orqali taxminan 50 milliard dollarlik obligatsiyalar chiqaradi. 

Kecha Financial Times (FT) gazetasining xabar berishicha, G7 mamlakatlari g‘arb sanksiyalari ostidagi muzlatilgan Rossiya aktivlarini to‘liq musodara qilish imkoniyatini endi ko‘rib chiqmayapti, ammo Ukraina rasmiylari buni talab qilishda davom etmoqda. G7 yetakchilarining uchrashuvi 13-15 iyun kunlari Italiyaning Apuliya shahrida bo‘lib o‘tadi. 

Mavzuga oid