Jahon | 12:15 / 04.05.2024
9459
17 daqiqa o‘qiladi

G‘azo himoyasidagi oliygohlar yoxud AQShda "talabalar bahori"

Qo‘shma Shtatlar oliygohlarida Falastin xalqini qo‘llab o‘tkazilayotgan namoyishlar AQSh demokratiyasini sinovdan o‘tkazayotgandek. Namoyish va norozilik aksiyalari bilan bog‘liq eng katta qarama-qarshiliklar qanday va ularning asosiy talablarini siyosiy tahlilchilar Kamoliddin Rabbimov va Hamid Sodiq bilan tahlil qildik.

— Oliygoh namoyishlari bilan bog‘liq eng katta qarama-qarshiliklar qanday va ularning asosiy talablari nima?

Kamoliddin Rabbimov: — AQShning taxminan 25 dan ziyod oliy ta’lim muassasalarida namoyishlar bo‘lyapti, ma’lumotlarga ko‘ra, mingdan ortiq talabalar hibsga olingan, turli ayblovlar qo‘yilyapti. Bir haftacha oldin talabalar qamoqqa olinishi natijasida qolgani befarq talabalar ham qo‘shilgan. AQSh OTM ta’siriga ko‘ra, ularning iyerarxiyasi bor. Asosan ilg‘or, salohiyati yuqori universitetlarda shunday namoyishlar bo‘lyapti. Talabalar darsga kirmasdan, universitet hovlisida uzluksiz namoyishlar o‘tkazyapti. Mana shu namoyishchilarni to‘xtatish uchun Milliy gvardiya, politsiya jalb qilingan holatlar mavjud.

Talabalar bir qancha. Birinchi asosiy talab: G‘azodagi Isroilning harbiy operatsiyasi shu zahoti to‘xtatilishi kerak. Ikkinchisi — AQShdagi oliy ta’lim muassasalarining Isroil oliy ta’lim muassasalari bilan aloqalari to‘xtatilishi kerak. Uchinchisi — AQShning Yaqin Sharq bo‘yicha siyosati qayta ko‘rib chiqilishi kerak. OTMda dars beruvchi olimlar, talabalar Falastin tarafida. Tarixan AQShda OTM nisbatan so‘l bo‘lgan, ya’ni tenglik, tinchlik tarafdori bo‘lgan. 20-asr o‘rtalarida yashab ijod qilgan italiyalik marksist, sotsiolist Antonio Gramshi o‘z ilmiy ishlarida bir g‘oyani olg‘a suradi: AQSh dunyo hamjamiyati kuch ta’siri katta bo‘lar ekan, AQSh marksizm, sotsializmga qarshi bo‘lar ekan, asosiy e’tiborni AQShdagi OTMga qaratish kerak va u yerdagi olim va talabalarga so‘l g‘oyalarni singdirish kerak, degan g‘oya. Gramshi neosotsiolist bo‘lgan, ya’ni demokratiyani, erkinlikni inkor etmagan holda yumshoq vositalar orqali AQSh va dunyo hamjamiyatida tenglikni ta’minlashga e’tibor bergan. Bugungi AQSh OTMdagi namoyishchilar AQSh ijtimoiy va siyosiy kayfiyatiga jiddiy ta’sir qilyapti.

Hamid Sodiq: — AQShda talabalarning bunday chiqishi yangilik emas, AQSh olib borayotgan turli harbiy harakatlarda talabalar fikr bildirib keladi. Bunday yuqori darajada bo‘lishi oxirgi marta Vetnam urushi davrida yuz bergan. AQSh demokratiyasi bunday chiqishlarga tayyor. Hokimiyatning repressiv munosabat bildirmayotganiga sabab, bunday jarayonlar demokratiyani sinovdan o‘tkazib, kuchli qiladi. Shuning uchun bu jarayonni kuzatish, muhim jarayon ekanini anglash tendensiyasini ko‘ryapmiz AQSh tomonidan. AQSh bu namoyishchilarni to‘xtatib tashlash imkoniyatiga ega, aslida.

Talabalar shunday qatlamki, ayniqsa, akademik erkinlik mavjud davlatdagi talabalar erkin fikr bildirishi va davlatga qarshi chiqishi tazmin qilinadi va bu taxminni AQSh biladi. Talaba oiladan uzoqda bo‘ladi, o‘z mablag‘iga o‘qiyotgani hisobiga davlatdan uzoq bo‘ladi. Professor o‘qituvchilar qanchalik Falastin tarafida bo‘lmasin, ular moliyaviy jihatdan universitetning ta’minotchilariga bog‘liq bo‘ladi. Shuning uchun talabalar faolligi shunday ko‘rinish olyapti. Bu AQSh demokratiyasini rivojlantiradi, menimcha.

Lekin shu vaqtning AQShni bu masala o‘ylantirmayapti, degan xulosaga xam bormaslik kerak. Ular tegishli xulosa chiqaryapti. Yaqin 5-10 yil ichida mana shu talabalar siyosiy, iqtisodiy yoki boshqa sohalarga kirib keladigan qatlam sifatida ularda Netanyahuning, AQShning uzoq muddatli siyosati qanday bo‘lishi haqida yetarlicha savollari bor.

AQSh top universitetlarida harbiy sohada olib borilayotgan ilmiy ishlarning katta qismini Isroil va uning lobbisi moliyalashtirayotganini talabalar biladi. Bu tadqiqotlar qaysi harbiy sohalarga ta’sir qilishini bilgani uchun ham talabalar noroziligi karrasiga oshib ketyapti. Ular bilishadiki, bu tadqiqotlar natijasida oxir-oqibat Falastinda tinch aholining o‘limiga sabab bo‘lyapti. Shu omillar talabalarning keskin qarshiligiga sabab bo‘lyapti.

— Jamiyatdagi to‘lqinga AQSh demokratiyasi reaksiyasi qanday bo‘ladi?

Kamoliddin Rabbimov: — Shu paytga qadar AQSh yuqori mulozimlari, Kongress spikeri, kongressmenlar,senatorlar, davlat deportamenti vakillari bu namoyishchilarni tanqid qilishga harakat qildi. Ular aytadiki: AQShdagi so‘z erkinligidan talabalar foydalanishga haqli. Lekin ba’zi siyosatchilar propaganda qilib, Isroilni tanqid qilayotgan talabalar bu bilan HAMAS, «Hizbulloh» kabilarni oqlayapti, degan ma’noda gapiryapti.

Lekin umuman olganda, AQSh ijtimoiy fikri o‘zgaryapti. Ilgari 70-80 foiz aholi Isroil tarafida bo‘lgan oldin. 7 oktyabrdan keyin ham taxminan 1 oycha Isroilni qo‘llash yuqori bo‘ldi. Lekin globallashgan axborot davrida yashayapmiz, ijtimoiy tarmoqlarni nazorat qilib bo‘lmaydi. Axborot erkin bo‘lar ekan, g‘oyalar o‘rtasida kurash paydo bo‘ladi. 1947 yildan buyon Falastin qisqarib boryapti, turli guruhlar esa 70-80 yillardan keyin paydo bo‘ldi. Muammo markazida agressiv Isroil siyosati turishi hammaga ayon. Shu fonda AQSh jamoatchilik fikri o‘zgara boshladi. Protestan yoki boshqa qatlamlar 70-80 foizlik qo‘llovdan ancha pastga tushdi.

Hamid Sodiq aytganidek, bu talablar yaqin kelajakda qaysidir darajalarda hokimiyatga keladi. Ularning pozitsiyasi hokimiyatga ta’sir qiladi, AQSh siyosati uzoq muddat o‘zgarishsiz qolishi mumkin emas. AQSh bugun og‘ir tanlov qarshisida turibdi. Global reputatsiyasida adolatsiz liberal imperiya degan tamg‘a bosilgan Yaqin Sharqdagi siyosati uchun. Vetnam bilan yarashgan, Iroq va Afg‘oniston ham esdan chiqadi. Lekin bir yoqlama Isroilni qo‘llagani, Falastin davlati tashkil topmagani uchun AQSh reputatsiyasi salbiy, ayniqsa, arab va musulmon dunyosida. Arab-musulmon sivilizatsiyasi esa insoniyatning to‘rtdan birini tashkil qiladi.

— AQSh reaksiyasi tashqi siyosatga ko‘chadimi?

Hamid Sodiq: — AQSh reaksiyasi tashqi siyosatga ko‘chyapti. Saudiyada o‘tgan xalqaro iqtisodiy forumda Blinken bilan suhbatning katta qismi Falastin bilan bog‘liq edi. Savol beruvchi Netanyahuni tilga oldi bir necha marta, lekin Blinken uning ismini tilga olmay javob berdi diplomatik jihatdan.

Ular tushunib yetdiki, Isroil hukumat qonli hukumat. Lekin AQSh qo‘llayotgan loyiha nuqtai nazaridan, AQShning global siyosati nuqtai nazaridan bu loyihani tashlab qo‘yish ham mumkin emas. Chunki katta mablag‘ sarflangan, Isroil loyihasi Yaqin Sharqdagi balansni ham saqlab turadigan davlat ekani sabab. Bir vaqining o‘zi tashqi dilemmani ham vujudga keltiryapti. Agar Isroilni topshirsa, Yaqin Sharqdagi siyosati ham sinadi, Yaqin Sharqdagi liberal demokratiyaning chegaralari sifatida ham ko‘riladi, mana shu chegaralarning sinishi AQSh loyihasi sinishini anglatadi. Shu nuqtai nazardan ham AQSh bugun tashqi va ichki dilemma bo‘yicha jiddiy qarorlar qabul qilishi kerak.

Bugun Isroilga qanchalik ko‘p yordam bermasin, Falastinga ham eng ko‘p yordam berayotgan davlat AQSh hisoblanadi. AQSh Isroil masalasini uzoq muddatli hal qilishi kerak bo‘ladi. Chunki Isroil butun dunyo hamjamiyati tafakkurida jinoyatchi davlat sifatida shakllanib bo‘ldi.

Bugun Isroil dastak qiladigan halakost, yuqori texnologiyali, ilmiy yangiliklar taqdim etayotgan davlat sifatida imiji ham ancha shubhaga olindi. Endi AQSh Isroil borasida jiddiy qaror qabul qilishi lozim.

— Falastin davlatchiligini tan olish masalasida Yevropa Ittifoqining ichki pozitsiyalari o‘rtasida qanday farqlar mavjud?

Kamoliddin Rabbimov: — Kollektiv G‘arb haqida gapirilganda AQSh rasmiylari yoki jamoatchiligi fikridan YeIdagi qarashlar farq qilishini ko‘ramiz. YeIdagi jamoatchilik, siyosiy elita ko‘proq Falastinga moyil. Bu kecha boshlangan tendensiya emas. YeIda musulmonlar ta’siri, Isroil jinoyatlarini anglash darajasi yuqori. AQSh va Yevropa o‘rtasida Falastin-Isroil masalasida tafovut bo‘lgan doim. YeI jamoatchiligi fikri allaqachon Falastin tomonida bir necha o‘n yillardan beri.

Keyingi davrda YeI ichida ham ziddiyatlar bo‘ldi. 7 oktyabrdan keyin Jozef Barrel Falastin davlati tashkil topishi haqida gapirdi, undan oldin esa Yevrokomissiya prezidenti Ursula Fon Der Lyayyen Isroil o‘zini himoya qilish huquqiga ega dedi. Ya’ni YeIda yuqori mulozimlar o‘rtasida pozitsiyalar to‘qnashdi. Lekin Ursula Fon Der Lyayyen pozitsiyasi bekor qilindi. Isroil istagan usulda ayollar va bolalarni o‘ldirish bilan o‘zini himoya qilishi mumkin emas, degan pozitsiyaga o‘tildi. Jozef Barrel yaqinda ham bayonot berib, ikki davlat bo‘lishi kerak, Falastin davlati tashkil topmasa, Isroilning o‘zi ham xotirjam yashay olmaydi, dedi.

AQSh davlat kotibi Blinken kechagi bayonotida Saudiya va Isroil yarashuvi bekor qilingani yo‘q, ertami-kechmi yarashadi va bu Saudiyaging Eron va HAMASga javobi bo‘ladi, dedi. Bayden ma’muriyati Isroilga shart qo‘yyapti: Falastin davlati tashkil topishi, bosib olingan yerlar qaytarilishi kerak, buning evaziga arab davlatlari Isroilni tan oladi, xavfsizlik, barqarorlik, aloqalar tartibga solinadi. Lekin Isroil bunga rozi bo‘lmayapti.

7 oktyabrdan keyin Ispaniya Isroilni qattiq tanqid ham qilgandi. Ispaniya, Malta, Irlandiya, Sloveniya yaqin oylar ichida Falastinni davlat sifatida tan olishi mumkin. Isroil tomoni Falastin davlati tan olinishi o‘rtadagi vaziyatni og‘irlashtiradi deb bunga qarshilik qilyapti. Isroil davlatining loyihasi: Falastinga davlat sifatida imkoniya bermaslik. Lekin borgan sari Isroilga xalqaro bosim ortib boraveradi.

— Yevropa Ittifoqidagi ba’zi mamlakatlar tomonidan Falastinni tan olishning dunyo miqyosida muhim geosiyosiy oqibatlari bo‘lishi mumkinmi?

Hamid Sodiq: — Xalqaro huquq me’yorlariga ko‘ra, yangi tashkil topgan davlatni tan olish bo‘yicha aniq bir nizom yo‘q. Lekin nazariy jihatdan olsak, davlatlar deklarativ yoki konstitutiv tan olinadi. Deklarativ tan olinish — ma’lum bir davlatning hududi, kuchishlatar tizimlari, hokimiyati paydo bo‘lishi kifoya. Konstitutiv tan olish — boshqa davlatlar tan olishi.

SSSR kabi kuch bilan ushlab turiladigan federatsiya yoki konfederatsiyalar kuch bo‘lmasa, jam bo‘lib turolmaydi. Ma’lum bir davlatning kuchlari karrasiga ko‘p bo‘lsa, ikkinchi bir davlat teng huquqda qo‘shib olinishi tarixda deyarli kuzatilmagan.

Davlat paydo bo‘lishiga to‘siq bo‘layotgan 3 ta sub’yektni aytgan bo‘lardim:

1) arab davlatlarida kelishuv yo‘q, Falastin atrofidagi ba’zi arab davlatlarining Yevropa davlatlariga qaraganda qarshiligi ko‘proq bo‘lishi mumkin. Masalan, Misr juda ham ziddiyatli, Saudiyada Falastin masalasini muhokama qilish mumkin emas;

2) YeIning Falastinni tan olish masalasi ham ziddiyatli. Tarixan kuzatsak, tan olish masalasi ma’lum bir muddatda jonlanadi, keyin tinchiydi. Masalan, 2011-2012 yillar juda ko‘p bahslar bo‘lgan. BMTda ham yagona fikr yo‘q bu borada;

3) Falastinning o‘zida keyingi masala. Hozir Falastinda 14 ta siyosiy kuch bor, balki ko‘proq. Ularni bir qilish ham murakkab ish juda. Yuqoriroqdan qaralsa, Falastinning o‘ziga ham kerakmasdek ko‘rinib ketadi.

Shuning uchun hozirgi bo‘layotgan harakatlarni shunday tasavvur qilaman: o‘ldirilgan tinch aholini kompensatsiya qilish uchun butun dunyo jamoatchiligi fikrini yumshatish uchun boshlangan jarayondek ko‘rinadi menga. Uzoq muddatli Falastinning tan olinishini bashorat qilmagan bo‘lardim. Falastin davlat sifatida tan olinishi barcha sub’yektlar uchun ziddiyatli masala hisoblanadi.

— Falastin davlati tan olinishining yuqori cho‘qqisi BMTga a’zo bo‘lishmi?

Kamoliddin Rabbimov: — YeI davlatlarining Falastinni tan olishiga nega Isroil qarshi? Davlatlar tan olinayotganda ular ma’lum bir hudud bilan tan olinadi. Falastin davlatining qonuniy hududi 1967 yilgi chegaralanish hisoblanadi. Agar Ispaniya Falastinni o‘sha chegaralar bilan tan olsa, o‘z-o‘zidan Isroil bosqinchi davlat sifatida e’tirof etiladi. Shuning uchun ham Isroil qarshi bo‘lyapti.

BMTda tan olinishiga kelsak. BMTda qaror qabul qilishning 2 ta instansiyasi bor: Bosh assambleya va Xavfsizlik kengashi. Bugun AQSh pozitsiyasi Isroil roziligisiz Falastinni tan olmaslik hozircha. Yaqinda ham ovozga qo‘yilganda AQSh veto qo‘ydi, lekin ittifoqchilari betaraf qoldi. Bu bilan AQSh Isroilga signal ham beryapti, ya’ni oxirgi himoyaching menman, shuning uchun aytganimni qil, demoqchi. Umuman, BMT tomonidan tan olinsa, lekin dunyo davlatlarining ko‘pchilik qismi tan olmasa, vaziyat murakkab bo‘lib qoladi.

Yaqin o‘rtada Falastinni tan olish masalasi qiyin deyildi yuqorida. Lekin baribir jarayon boshlandi. Isroil yaqin o‘rtada demontaj bo‘lmaydi, lekin Isroilning mintaqa va global pozitsiyasi borgan sari zaiflashyapti. Lekin hali 1967 yilgi bilan Falastin davlati tashkil topishi masalasi juda uzoqda. Bu jarayon bir necha o‘n yillar davom etadi.

— Falastinni tan olish natijasida Isroilga qo‘shiladigan ichki va tashqi bosimlar qanday ko‘rinishga ega bo‘ladi?

Hamid Sodiq: — 1967 yilgi chegaralarning 40 foizdan ortig‘i okkupatsiya qilingan. BMT rezolyutsiyalarida okkupatsiya qilingan yerlar e’tirof etilgan. 1994 yildagi hujjatga ko‘ra, har bir okkupatsiya qilingan yerlar Falastin tomonining BMTga murojaati bilan rasmiylashtirilib borilgan. Masalan, Ozarbayjon ham Qorabog‘ masalasida shunday rezolyutsiyalar chiqartirgan edi o‘z foydasiga.

BMT falajlangan, ta’siri yo‘q deymiz, lekin BMTning bir yutuqli tomoni shuki, u okkupatsion harakatlarni rasmiylashtirib boradi.

Isroil o‘zi Rossiyadan ham ko‘p sanksiyalar olishi kerak edi. Lekin uning o‘ziga xos jabrdiydaligi, lobbisi kuchliligi, lobbisi moliyaviy, iqtisodiy tashkilotlarga ta’sir o‘tkaza olishi ahamiyatli hisoblanadi. Isroilga qo‘llangan sanksiyalar bir vaqtning o‘zida YeI, AQSh uchun geosiyosiy yoki iqtisodiy jiddiy ta’sir ko‘rsatadi. Shuning uchun unga nisbatan sanksiya qo‘llanmayapti. Lekin, menimcha, shunday bir tendensiya shakllanyapti: Isroil davlatchiligini saqlab, Netanyahu hukumatini ajratib, hatto Netanyahuni sudlash masalalari kun tartibiga chiqyapti va bu jarayon jadallashadi. Falastin davlati tashkil topishi qiyin bo‘lsa ham, Netanyahu sudlanishi masalasi haqiqatga yaqinroq. Netanyahuni ayblov supasiga olib chiqishyapti.

Kamoliddin Rabbimov: — Isroil siyosiy elitasida kuchli parokandalik. Chunki bugungi Netanyahu hukumati haddan tashqari o‘ng. 7 oktyabrdan oldin ham Netanyahu sud va siyosiy islohotlar taklif etgandi, bu esa siyosiy parokandalikka olib kelgandi.

Tashqi bosim kuchli. Eng yaqin ittifoqchisi AQSh ham bosim qilyapti. Isroil sababi AQShga nisbatan ishonchsizlik uning uzoq muddatli strategik manfaatlariga ta’sir qilyapti. AQSh diqqat markazida Xitoy bilan global hokimiyat uchun kurash, Isroil harakatlari esa bu kurashda xalaqit beryapti. Arab davlatlari esa shakllanib kelayotgan global janub markazida turibdi. Shuning uchun AQSh Falastin masalasida hamma uchun optimal yechim topishga harakat qiladi yaqin o‘n yilliklar ichida. Lekin hamma uchun optimal yechim mavjud emas, menimcha. Chunki Isroil davlati Falastin davlati tashkil topishi o‘zining majruhlanishiga sabab bo‘ladi, degan tafakkurda. Falastindagi kuchlar ham Isroilni tan olmaydi, baribir yo‘q qilamiz, deydi. Bu omilni esa Isroil o‘zi uchun legitimlik sifatida, ya’ni kuch ishlatish uchun asos qilib oladi. Umuman, yechimi og‘ir masala bu. Isroilning tarixiy murakkabligi shundan iboratki, arab-musulmon okeanining o‘rtasidagi kichik bir orolcha.

NormuhammadAli Abdurahmonov suhbatlashdi.

Mavzuga oid