Jahon | 12:13 / 04.05.2024
3874
3 daqiqa o‘qiladi

Rossiyalik Vinnik AQShda pul yuvish bo‘yicha aybini tan oldi

Ayblovga ko‘ra, Vinnik BTC-ye kriptovaluta birjasining operatori bo‘lib, u jinoiy faoliyatdan mablag‘ olgan, pul yuvishga qarshi kurash qoidalarini qo‘llamagan va mijozlar ma’lumotlarini yig‘magan.

Aleksandr Vinnik Foto: Giorgos Zachos / ZUMAPRESS.com / Global Look Press

Rossiyalik Aleksandr Vinnik Qo‘shma Shtatlarda pul yuvish uchun til biriktirganlik bo‘yicha aybini tan oldi. Bu haqda AQSh Adliya vazirligining 3 may, juma kuni o‘z saytida e’lon qilingan xabarida aytiladi

O‘z navbatida, Vinnik advokati Arkadiy Buxning RIA «Novosti» agentligiga aytishicha, 44 yoshli sudlanuvchi «cheklangan miqdordagi moddalar bo‘yicha aybini tan olgan». Vinnik umrbod qamoq jazosiga hukm qilinishi mumkin edi, ammo kelishuv unga muddatini qisqartirish imkonini berdi. 

Aleksandr Vinnik Qo‘shma Shtatlarda 2011 va 2017 yillarda BTC-ye kriptobirjasi operatori bo‘lgan davrda pul yuvishda ayblanmoqda. AQSh Adliya vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, bu vaqt davomida birjadan 9 milliard dollardan ortiq tranzaksiyalarni amalga oshirgan milliondan ortiq mijozlar foydalangan. Bundan tashqari, ayblov xulosasiga ko‘ra, kriptobirja jinoiy faoliyatdan mablag‘ olgan va Vinnik taxminan 121 million dollar yo‘qotilgani uchun bevosita javobgar bo‘lgan.

Vinnik Gretsiyada qo‘lga olingan, Fransiyada sudlangan, AQShga ekstraditsiya qilingan 

Agentlikning bayonotida BTC-ye Qo‘shma Shtatlarda moliyaviy xizmatlar kompaniyasi sifatida ro‘yxatdan o‘tmaganligi, mijozni bilish yoki pul yuvishga qarshi kurash qoidalarini qo‘llamagani va mijozlar ma’lumotlarini to‘plamagani ta’kidlangan. Vinnik shuningdek, raqamli aktivlarni qog‘ozli valutaga aylantirish uchun soxta kompaniyalaridan foydalangan. 

BTC-e birjasi 2017 yilda yopilgan, o‘shanda Vinnik Gretsiyada hibsga olingan. U dastlab BTC-e operatori ekanligini rad etib, shunchaki birja xodimiligini aytdi. AQSh, Rossiya va Fransiya rasmiylari uning ekstraditsiyasini talab qilgan. Vinnik dastlab Fransiyaga jo‘natilgan, u yerda pul yuvishda ayblanib, besh yillik qamoq jazosiga hukm qilingan, so‘ngra Gretsiyaga qaytarib yuborilgan, keyin esa AQShga ekstraditsiya qilingan. 

Mavzuga oid