Jahon | 21:20 / 04.05.2024
9391
2 daqiqa o‘qiladi

Sodiq Xon uchinchi bor London meri etib saylandi

Bungacha hech kim Britaniya poytaxtini ketma-ket uch muddat boshqarmagan edi.

Foto: Yui Mok/PA

Londonning amaldagi meri, muxolifatdagi Leyboristlar partiyasi vakili Sodiq Xon bu lavozimga qayta saylandi va uni uchinchi marta egallaydi. Bu haqda Angliyada 2 may kuni bo‘lib o‘tgan mintaqaviy saylovlar natijalariga tayanib The Guardian xabar berdi. 

Xon 43,9 foiz, uning raqibi, hukmron Konservativ partiya vakili Syuzan Xoll esa 32,7 foiz ovoz olgan. 

Saylovda ishtirok etganlar 40,5 foizni tashkil etdi, bu 2021 yilga nisbatan 1,5 foizga kam. 

Endi Sodiq Xon Londonni uchinchi marta boshqaradigan birinchi mer bo‘ladi. 

Angliyada o‘tkazilgan mahalliy saylovlar natijasida leyboristlar o‘z mavqeini sezilarli darajada mustahkamlagan, konservatorlar esa mahalliy kengashlarda ko‘plab o‘rinlardan mahrum bo‘lgan. 

London meri lavozimi 2000 yilda joriy qilindi. 2008 yilgacha shaharni Ken Livingston, 2008 yildan 2016 yilgacha Boris Jonson boshqardi. 

1980-yillarning o‘rtalarigacha Londonni shahar kengashi boshqargan, keyin Margaret Tetcher hukumati qarori bilan kengash tugatilib, uning vazifalari davlat tashkilotlari va turli kengashlarga o‘tgan.

Mavzuga oid