O‘zbekiston | 09:45 / 10.05.2024
2123
3 daqiqa o‘qiladi

Koreya o‘zbekistonlik talabalarga grantlar ajratishni rejalashtirmoqda

Janubiy Koreyaning Chungchon-Namdo provinsiyasida "Farg‘ona savdo uyi" ochilishi mumkin.

Koreya Respublikasining Chungchon-Namdo provinsiyasi gubernatori Kim Te Xum boshchiligidagi delegatsiya amaliy tashrif bilan O‘zbekistonda bo‘lib turibdi, deb xabar qilmoqda "Dunyo".

Janubiy Koreya tomoni dastlabki uchrashuvlarini Farg‘ona viloyatidan boshladi. Viloyat hokimi Xayrulla Bozorov bilan bo‘lib o‘tgan muloqotda hududlararo investitsiyaviy, savdo-iqtisodiy, ijtimoiy sohalardagi to‘g‘ridan to‘g‘ri hamkorlik aloqalarini mustahkamlash va yanada kengaytirish masalalari muhokama qilindi.

Xususan, Chungchon-Namdo provinsiyasida investitsiyaviy vakolatxona, qishloq xo‘jaligi mahsulotlari savdosi va viloyat mahsulotlari ko‘rgazmasini o‘z ichiga olgan "Farg‘ona savdo uyi"ni ochish taklifi ilgari surildi.

Farg‘onadagi kichik sanoat zonalar va "Qo‘qon" erkin iqtisodiy hududi imkoniyatlari haqida ma’lumot berildi. Viloyatda Janubiy Koreya ishlab chiqaruvchilari parki tashkil etilayotgani va ushbu texnoparkka o‘z loyihalarini joylashtirish istagida bo‘lgan Chungchon-Namdo tadbirkorlariga har tomonlama ko‘mak berilishi bildirildi.

Delegatsiya rahbari Kim Te Xum provinsiyada vakolatxona ochishda, qishloq xo‘jaligi mahsulotlari eksportini keng yo‘lga qo‘yishda ko‘mak berishga tayyor ekanini ma’lum qildi.

Bundan tashqari, provinsiyada joylashgan oliy o‘quv yurtlarida 1300 nafarga yaqin o‘zbekistonlik talabalar tahsil olishi, o‘qish uchun kelgan yoshlar ham o‘qib, ham ishlashlari uchun imkoniyatlar mavjudligi bildirildi. Farg‘onadagi oliy o‘quv yurtlaridagi namunali o‘qigan talabalarga grantlar ajratish ham ma’lum qilindi. Ta’lim, madaniyat va san’at yo‘nalishlarida alohida hamkorlikni yo‘lga qo‘yish bo‘yicha rejalar belgilab olindi.

Bildirilgan takliflar asosida ikki tomonlama "Yo‘l xaritasi" ishlab chiqishga va kelishuvlarni amalga oshirish bo‘yicha hamkorlikda ish tashkil qilishga kelishib olindi.

Uchrashuvda yakunida Farg‘ona viloyati va Chungchon-Namdo provinsiyasi o‘rtasida do‘stlik va hamkorlik to‘g‘risidagi anglashuv memorandumi imzolandi.

Gubernator Kim Te Xumga Farg‘ona davlat universitetining faxriy professori unvoni taqdim etildi.

Mavzuga oid