O‘zbekiston | 12:39 / 12.05.2024
16319
7 daqiqa o‘qiladi

Bozor iqtisodiyotiga zid: Fermerlarga xodimlar soni bo‘yicha talab qo‘yilishi mumkin

Fermerlarga muayyan miqdordagi xodimlarni rasmiy tarzda ishlatish majburiy qilinishi mumkin. Agrobiznes assotsiatsiyasiga ko‘ra, bunday talab kuchga kirgan taqdirda fermerlarga soliq yuki oshadi, ish jarayonini mexanizatsiyalashga rag‘bat yo‘qoladi.

15 may kuni “Qishloq xo‘jaligi sohasida aholi bandligini ta’minlashni rag‘batlantirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi hukumat qarori loyihasi bo‘yicha jamoatchilik muhokamasi yakunlanadi.

Loyihada fermer xo‘jaliklari va boshqa qishloq xo‘jaligi korxonalarida xodimlar sonining eng kam me’yorlarini belgilash ko‘zda tutilgan. Bundan maqsad – bandligi rasmiylashtirilmagan xodimlarni yashirin iqtisodiyotdan rasmiy sektorga olib o‘tish.

Eng kam me’yorlar – dehqonchilik va baliqchilikda 1 gektar hisobiga, chorvachilikda esa hayvonlarning bosh soniga nisbatan belgilanadi. Masalan, 50 gektar maydonda paxta yetishtiruvchi fermer mart-sentabr oylarida har bir gektarga 0,33 nafardan, jami 50 gektarga kamida 16-17 nafar xodimni rasman ish bilan ta’minlashi kerak.

Agrobiznes assotsiatsiyasi rahbari Kamoliddin Ikromov Kun.uz'ga bu loyiha boradasigi o‘zining tanqidiy fikrlarini bildirdi. Quyida uning so‘zlari keltirib o‘tiladi.

— Bu loyiha qabul qilinsa, har bir fermer yiliga qo‘shimcha gektariga 500 ming so‘mdan 1,5 mln so‘mgacha soliq to‘lashiga to‘g‘ri keladi. Loyiha bo‘yicha fermer qo‘shimcha ishchi olsa ham, olmasa ham, normativ bo‘yicha hisoblangan ishchilar soni uchun soliq to‘lashi kerak bo‘ladi.

Rivojlangan dunyo qishloq xo‘jaligini sun’iy intellekt bilan robotlashtirayotgan va shu yo‘l bilan mahsulot tannarxini pasaytirib, raqobatbardosh qilayotgan bir paytda, bizda ishchilarni ko‘paytirishimiz uchun kombaynlardan kechib, kerak bo‘lsa bug‘doyni ham qo‘lda o‘rishimizni taklif qilishayotganday tasavvur hosil bo‘lyapti.

Fermerlarga qo‘shimcha sun’iy ishchi oldirish amaliyoti aslida hozir ham bor, ayrim hududlarda fermerlarni yoki ularning buxgalterlarini turli idoralarga chaqirib, soliq hisobotini qaytadan topshirtirish uchun bosimlar qilinmoqda. Lekin bu noqonuniy ekanini Soliq qo‘mitasi 2021 yildayoq bildirgan, Kun.uz'da ham chiqqan edi bu xabar. Endi shuni legallashtirib qo‘yish harakati bo‘lyapti.

Bu loyiha qabul qilinsa, fermerchilik institutiga jiddiy zarar yetishi mumkin:

Birinchidan, bu sohada faoliyat yuritayotgan fermerlarning ishbilarmonlik kayfiyati keskin tushib ketadi. Fermerlar esa respublikada umumiy ro‘yxatga olingan tadbirkorlarning to‘rtdan birini tashkil qiladi. 418 mingta ro‘yxatdan o‘tgan tadbirkorlik sub’yektidan 90 mingdan ziyodi fermerlar, yana bir necha mingi MChJ ko‘rinishida faoliyat yurityapti.

Ikkinchidan, bu loyiha to‘liq ishga tushirilsa, fermerlardan umumiy yillik 100 mlndan 200 mln dollargacha qo‘shimcha soliq undiriladi. Bu fermerlarning rasmiy tan olingan sof faydasining 30-40 foizini tashkil etadi. Ya’ni respublika bo‘yicha paxta/g‘alla yalpi hosilining umumiy qiymatini taxminan 3 mlrd dollar deb olsak, shundan fermerlarning sof foydasi 300 mln dollar bo‘ladi. Endi shu sof foydaning katta qismini qo‘shimcha soliq to‘lashga yo‘naltirish kerak bo‘ladi.

O‘zi bu yil suv solig‘i 250 foizga oshirildi. Keyingi yil suv tejovchi tizim o‘rnatmagan fermerlar uchun bu ko‘rsatkich 500 foizga oshiriladi. Bir kubasi 40 so‘m bo‘lgan suv bu yili 100 so‘m, keyingi yili 200 so‘m bo‘ladi. Albatta, bu fermerlarni suvdan oqilona foydalanishga undash va suv barcha iste’molchilarga yetib borishi uchun qilinyapti, lekin bu ham xarajat. Misol uchun, bir gektarga STT o‘rnatish 25 mln. Undan tashqari, har yili bir gektar uchun o‘rtacha 2-3 mln so‘mga tomchilatish shlanglari va plyonka sotib olishi kerak.

Hozirda hukumat tomonidan eksportni jadal rivojlantirish siyosati ketmoqda, qishloq xo‘jaligi mahsulotlarimiz eksportbop bo‘lishi uchun narx ham nisbatan arzon bo‘lishi kerak. Narxni arzonlashtirish uchun ish jarayonlarini optimallashtirish, ko‘proq yangi texnologiyalardan foydalanishimiz kerak. Sodda qilib aytganda, oddiy misol, paxtachilikda qo‘l terimidan kombayn terimiga o‘tishga majburmiz.

Siyosat o‘zgara boshlagani bois iqtisodimiz ham o‘sdi, shu bilan birga, qo‘l mehnatining narxi ham oshdi. Lekin ayrim mas’ullar xuddi eski zamonning “planovaya ekonomikasi”da qolib ketganday tasavvur uyg‘otmoqda, “gosplan”dan chiqqan rahbarlar siyosati o‘zini oqlamagani – tan olingan fakt.

Bu loyiha ishga tushgan taqdirda, korrupsiyaning oshishi ehtimolini Antikorrupsiya agentligi ham ekspertiza qilsa yaxshi bo‘lar edi. Bundan tashqari, iqtisodchilar yaxshi biladiki, soliq yuki qancha oshsa, Lafer qonuniga ko‘ra soliq tushumlari shuncha kamayadi. Endi bir muddatlik soliq yig‘imi deb, sohani stressga tushirish qanchalik to‘g‘ri bo‘lishini taroziga qo‘yishni iltimos qilamiz.

Bundan tashqari, Adliya vazirligidan ham taklif etilayotgan loyiha Konstitutsiya, qonun va kodekslarga mosligini o‘rganib, natijasi e’lon qilishini iltimos qilamiz.

***

Xulosa o‘rnida

Ma’lumki, bir paytning o‘zida ikkita stulda o‘tirib bo‘lmaydi – sog‘lik va ba’zida hayot uchun xavfli. Bozor iqtisodiyotini tanlagan mamlakatlarda mas’ul shaxslar buni tushunmog‘i shart, aks holda mamlakat iqtisodiyotining “paylari yirtilib ketadi”. Chunki bozor tamoyillarini o‘rnatish bilan birga, eskirgan rejali iqtisodiyotni joriy qilib bo‘lmaydi.

Ha, O‘zbekiston sharoitida qishloq xo‘jaligida imkoni boricha ko‘proq odamni band qilish lozim – vaziyat shuni taqozo qiladi. Ammo bu bozorga xilof harakatlar bilan qilinmasligi kerak.

Shokir Sharipov tayyorladi.

Mavzuga oid