Jahon | 23:41 / 12.05.2024
97828
6 daqiqa o‘qiladi

Putin Shoyguni vazirlikdan oldi va boshqa ishga o‘tkazdi

Harbiy idoraga iqtisodchi Andrey Belousov yangi rahbar bo‘ladi.

Foto: Getty Images

Vladimir Putin Sergey Shoyguni RF Xavfsizlik kengashi rahbari lavozimiga tayinlash to‘g‘risidagi farmonini imzoladi.

2008 yil mayidan buyon ushbu lavozimni egallab kelgan Nikolay Patrushev esa «boshqa ishga o‘tayotgani munosabati bilan» lavozimdan ozod etilgan. Kremldagilar Patrushevning yangi lavozimi haqida «yaqin vaqtlar ichida ma’lumot berilishi»ni va’da qilgan.

1994-2012 yillarda Favqulodda vaziyatlar vaziri, 2012 yil mayidan noyabr oyiga qadar Moskva oblasti rahbari bo‘lgan Sergey Shoygu so‘nggi 12 yilga yaqin vaqt davomida Rossiya harbiy vazirligini boshqarib kelayotgandi.

Vladimir Putin mudofaa vazirligi rahbarligiga Andrey Belousov nomzodini taklif etgan, u RF vazirlar mahkamasidan iste’foga chiqarilgunicha bosh vazirning birinchi o‘rinbosari edi. Uning nomzodi 13-14 may kunlari Federatsiya kengashida ko‘rib chiqiladi.

Andrey Belousov

RF prezidenti matbuot kotibi Dmitriy Peskov mahalliy jurnalistlar bilan muloqotda harbiy idorada o‘zgarishlarni sharhlar ekan, Belousovning tayinlanishi «koordinatalar tizimi»ni o‘zgartirmasligini aytgan.

«Harbiy jihatiga kelsak, bu tayinlov amaldagi koordinatalar tizimini hech qanday tarzda o‘zgartirmaydi, harbiy komponent har doim bosh shtab boshlig‘ining vakolati bo‘lib kelgan, u o‘z faoliyatini davom ettiradi, bu borada hozircha hech qanday o‘zgarishlar nazarda tutilmagan», — deya Kreml vakilining so‘zlaridan iqtibos keltirgan «Interfaks».

U shuningdek Shoygu Xavfsizlik kengashi kotibi lavozimi bilan bir vaqtda Putinning Harbiy-sanoat komissiyasidagi o‘rinbosari hisoblanadi va Harbiy-texnik ta’minot bo‘yicha federal xizmat (FSVs) faoliyatini nazorat qiladi. «Siz allaqachon bilasiz — bu haqda avvalroq xabar qilingandi, —federal xizmat mudofaa vazirligidan prezident huzuriga o‘tkazilmoqda. Va uning faoliyatini ham Sergey Shoygu boshqaradi va nazorat qiladi», — deya izohlagan Kreml rasmiysi. 

Peskovning so‘zlariga ko‘ra, Shoygu «o‘zi yaxshi biladigan, ichkaridan juda yaxshi biladigan bu sohada hamkasblari va avvalgi ish joyidagi hamkorlari bilan ishlashda» davom etadi. Putinning matbuot kotibi Shoygu Harbiy-sanoat komissiyasiga tayinlanganini sharhlarkan, Shoygu «bu ish bilan chuqur shug‘ullangani, u muayyan korxonalarda harbiy-sanoat mahsulotlari ishlab chiqarish sur’atlarini juda yaxshi bilishi va bu korxonalarga tez-tez tashrif buyurgani»ni qayd etgan.

O‘z navbatida, Rossiya harbiy idorasidagi ikkinchi shaxs, RF qurolli kuchlari Bosh shtabi boshlig‘i Valeriy Gerasimov lavozimini saqlab qolgan.

Shuningdek, yangi hukumatda IIV rahbari Vladimir Kolokolsev, FVV rahbari Aleksandr Kurenkov, TIV rahbari Sergey Lavrov, adliya vaziri Aleksandr Chuychenko ham o‘z lavozimida qolgan.

Kuchishlatar idoralarda boshqa o‘zgarishlar yo‘q. Tashqi razvedka xizmati rahbari Sergey Narishkin, Federal xavfsizlik xizmati (FSB) direktori Aleksandr Bortnikov, Rosgvardiya rahbari Viktor Zolotov, Federal qo‘riqlash xizmati boshlig‘i Dmitriy Kochnev o‘z ishini davom ettiradi.

2013 yilda Andrey Belousov Rossiya prezidentining iqtisodiy masalalar bo‘yicha yordamchisi etib tayinlangandi. The Bell nashri qayd etishicha, shundan keyin davlat rahbariga keladigan barcha qog‘ozlar va iqtisodiy takliflar unga yo‘naltiriladi. Nashr uni Rossiya atrofida «dushmanlar halqasi» hosil bo‘lganiga ishonadigan «qat’iy davlat arbobi» deb atagan. «Meduza»ning «Rossiya elitasi»ga yaqin bo‘lgan uch manbasi Putinning inauguratsiya marosimi arafasida Belousov bosh vazirning iqtisod masalalari bo‘yicha o‘rinbosari lavozimidan ketishi «amalda hal bo‘lgan ish» ekani haqida aytgandi. Suhbatdoshlar uning o‘rnini egallash uchun asosiy nomzodlar sifatida VEB (Rossiya davlat taraqqiyot korporatsiyasi) rahbari Igor Shuvalov hamda prezident yordamchisi, sobiq iqtisodiy taraqqiyot vaziri Maksim Oreshkinni keltirishgandi.

Putinning Belousovni mudofaa vaziri lavozimiga taklif etish bo‘yicha qarorini izohlarkan, Peskov «kuchishlatar blok iqtisodiyotini mamlakat iqtisodiyotiga moslashtirish, uni hozirgi zamon dinamikasiga mos keladigan tarzda moslashtirish juda muhimligi»ni qayd etgan.

«Bugungi kunda jang maydonida innovatsiyalarga ko‘proq ochiq bo‘lgan, ularni maksimal darajada joriy etishga tayyor bo‘lganlar g‘olib bo‘ladi. Shu tufayli, hozirgi bosqichda prezident mudofaa vazirligiga harbiy bo‘lmagan odam rahbarlik qilishi kerak, degan qarorga kelgani tabiiy holat», — degan Kreml vakili va yangi rahbar shunchaki fuqarolik xizmatidagi odam bo‘lib qolmasdan «RF iqtisodiy rivojlanish vazirligini (Belousov 2012 yil mayidan 2013 yil iyuniga qadar iqtisodiy rivojlanish vazirligiga rahbarlik qilgan) ancha muvaffaqiyatli boshqargan, uzoq vaqt mobaynida prezidentning iqtisodiy masalalar bo‘yicha yordamchisi bo‘lgan odamdir».

Mavzuga oid